bosh sahifa / Xavfsizlik / Mikroqarz olib, pulni firibgarlarga o'tkazdim: nima qilish kerak?
Отдал микрозайм мошенникам

Mikroqarz olib, pulni firibgarlarga o'tkazdim: nima qilish kerak?

Firibgarlar qurboniga aylanib, bankdan yoki MMT dan qarzdor bo‘lib qolsangiz, nima qilish kerakligini aytib beramiz.

Otabek messenjer orqali amakivachchasidan xabar oldi. Qarindoshi  boshiga tashvish tushganini,  qamoq jazosi olishi mumkinligini yozgan ekan. Pora berib, qutulib qolishi mumkin ekan. Lekin 10 million so‘m yetmayapti, deb yozibdi. Amakivachchasi iloji boricha tezroq yordam berishini iltimos qilgan, ammo muammolari haqida hech kimga aytmaslikni so‘ragan. Otabek hozir ortiqcha puli yo‘qligini tushuntirdi. Shunda qarindoshi mikroqarz olishni taklif qildi. Shu kunlarda u mashinasini sotib, Otabekka qarzini qaytarishini aytdi. Pul unga hoziroq zarur, mashinani sotishga esa vaqt ketadi. Otabek chetda qarab turolmadi. Chunki   o‘zi ham qiynalib qolganida, amakivachchasi o‘ylab o‘tirmay yordam bergandi.

Otabek bankka borib, qarz oldi va qarindoshi messenjer orqali yuborgan karta raqamiga pul o‘tkazdi. Shundan so'ng qarindoshi aloqaga chiqmay qo‘ydi. Otabek yanayam havotirlana boshladi. Oradan bir kun o‘tib, qarindoshiga qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘ldi. Amakivachchasi xushchaqchaq, yaxshi kayfiyatda edi. Ma'lum bo'lishicha, u hech qanday muammoga duch kelmagan. Yaqinda uning messenjer akkauntini buzib kirishgan ekan, shuning uchun u yangisini ochibdi.

Xo‘sh, nima  bo‘ldi?

Otabek qarindoshining akkauntini buzib kirgan firibgarlar qurboniga aylandi. Xakerlik – messenjer va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p uchraydigan holat. Muttahamlar birovning akkauntiga kirib,  uning nomidan do‘stlariga pul o'tkazishni so'rab xabarlar yuborishni boshlaydilar. Ular "Maosh tushguncha bir necha kunga qarz berib tur" degan bahonada kichik miqdorda pul so‘rashlari mumkin. Kattaroq pul so‘rash uchun turli sabablarni o'ylab topishlari mumkin. "Qonun bilan bog'liq muammolar"dan tortib faqatgina pulga qilinadigan "shoshilinch jarrohlik" amaliyotigacha.

Agar jabrlanuvchi aloqaga chiqsa, uni ishontirishga, ko‘ndirishga kirishadilar. Agar puli bo'lmasa, pulni qayerdan olish haqida "ajoyib g'oyalar" beradilar. Odatda  mikroqarz olish yoki boshqa birovdan qarz olishni taklif qilishadi. Ayni paytda firibgarlar pul shoshilinch zarurligini, hech kimga aytmaslikni so'rashadi, ba'zan hatto talab ham qilishadi. Shunda jabrlanuvchi vaziyatni anglab yetishga, yolg'onni fahmlashga vaqti bo‘lmaydi.

Pulni  o‘zlariga o‘tkazish uchun firibgarlarning turli hiylalari

Otabek duch kelgan vaziyat – odamlarni jinoyatchilarga pul o'tkazishga majburlashning yagona yo'li emas.

  • 2024-yil boshida ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi akkauntlarni soxtalashtiruvchi firibgarlar ancha faollashdi.  Jinoyatchilar, deylik, profildagi bitta harfni o‘zgartirib, ismga raqam yoki belgi qo‘shib, soxta akkauntlardan jabrlanuvchining do‘stlari va qarindoshlariga “Yoqilg‘i quyish shoxobchasida benzinga pul to‘lolmay turibman. Iltimos, ushbu kartaga qarz berib tur” yoki “Kartam bloklanib qoldi, do‘konda oziq-ovqatga pul to‘layapman, boshqa kartamga tashlab ber” qabilidagi xabarlar jo‘natishmoqda.
  • 2023-yilda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan nodavlat oliy o‘quv yurti “tashkil etgan” va fuqarolarga o‘quv shartnomalarini tuzishni taklif qilgan firibgarlar qo‘lga olindi. Kamida 18 kishi ularning “o‘lja”siga aylandi. Huquq-tartibot idoralarining xabar berishicha, jinoyatchilar talaba bo‘lishni istagan fuqarolardan 153 million so‘m olishgan.
  • Pandemiya avjiga chiqqan paytda firibgarlar fuqarolarga o‘zini izolyatsiya qilish tartibini buzganliklari uchun jarima solingani haqida soxta xabarlar yuborishgan. Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi xabariga ko‘ra, bunday xabarlar oxirida “jarima” o‘tkazilishi kerak bo‘lgan karta raqami ko‘rsatilgan. Aslida odamlar jarimaga tortilmagan, pul esa tovlamachilarning kartalariga o'tgan.
  • Bir necha yil avval OAVda O‘zbekiston aholisiga xorijda ish bilan ta'minlashni va'da qilgan firibgarlar haqida yozishgan edi. Ishonuvchan odamlar o‘ziga tortadigan takliflarga laqqa ishonib,  viza va hujjatlarni "ro'yxatdan o'tkazish" uchun pul o'tkazishgan. Pulni olgach, firibgarlar g‘oyib bo‘lishgan.
  • Yana bir keng tarqalgan variant – "garov" sifatida pul o'tkazishni so'rash. Masalan, kvartirani ijaraga olish uchun. Soxta rieltorlarning aytishicha, bu uyni  band qilib qo‘yish uchun kerak emish.
  • Kiberfiribgarlar do‘kon, sayyohlik agentligi, tibbiyot markazi yoki boshqa kompaniya veb-saytining “dublikat klonini” yaratib, ishonuvchan mijozlarni foydali taklif va chegirmalar bilan o‘ziga jalb qilishi mumkin. Yoki mashhur kompaniyaning veb-saytini klonlab, uning rekvizitini o'zgartirishi mumkin. Shunda pul firibgarlarning hisobiga kelib tushadi. Huquq-tartibot idoralari bunday saytlarni tez aniqlaydi. Lekin bir necha soat ichida jinoyatchilar "tovar" yoki "xizmatlar"i uchun bir qancha pul o'tkazmasini olishga ulguradilar.
  • Moliyaviy firibgarlikka tovarlar sotiluvchi e'lonlar saytlarida ham duch kelish mumkin. Vijdonsiz “sotuvchi” pulni oladi, lekin xaridni yubormaydi.

Bu holatlarning umumiy jihati shundaki, jabrlanuvchilar o‘z ixtiyori bilan pul o‘tkazadilar. Ya'ni, bank nuqtai nazaridan, pul o'tkazmasi qonuniy amalga oshirilgan, hech kim kartadan yoki hisobdan pul o'g'irlamagan.

Agar firibgarlarga pul o'tkazgan bo'lsangiz, nima qilish kerak

Agar siz ham xuddi shunday vaziyatga tushib qolsangiz, quyidagicha harakat qiling.

1-qadam. Bank bilan bog'laning

Pul o'tkazmasini qaytarishingiz dargumon. Axir pul kartadan o'g'irlanmagan, pul ixtiyoriy o'tkazilgan. Biroq telefon orqali yoki yozma ravishda qo'llab-quvvatlash xizmatiga xabar berib, bankni sodir bo'lgan voqeadan xabardor qilishingiz foydadan holi bo'lmaydi.

2-qadam. Pul o'tkazgan kartangizni bloklang

Agar siz firibgarlarga, deylik, CVV kodini aytgan bo'lsangiz, yuborilgan xabar yoki havola orqali o‘tgan bo'lsangiz, kartani imkon qadar tezroq bloklashingiz kerak. Kartangiz ma'lumotlari jinoyatchilarga allaqachon ma'lum, ular hisobingizdagi  barcha pullaringizni yechib olishlari mumkin.

3-qadam. Barcha yozishma va qo'ng'iroqlarning skrinshotini oling

Skrinshotda vaqt va sana ko‘rsatilgan bo‘lishi shart. Skrinshotni tezroq olish kerak. Odatda jinoyatchilar yozishma tarixini tezda o'chirib tashlashadi.

4-qadam. Ichki ishlar vazirligiga murojaat qiling

Arizani bo'limga borib berishingiz yoki bo'lim veb-saytida “elektron qabulxona”da qoldirishingiz mumkin. Quyidagi ishonch telefoniga qo'ng'iroq qilishingiz mumkin: 1000 yoki 0-800-210-00-00.

Arizangizda sodir bo'lgan vaziyatni imkon qadar batafsil tasvirlab bering. Hissiyotlarsiz, faqat faktlarni ayting. Quyidagilarni albatta yoriting:

  • pul o'tkazgan karta yoki hisob raqamingizni, shuningdek bankingiz nomi;
  • firibgarlarning sizga ma'lum bo'lgan barcha tafsilotlari: karta yoki hisob raqami, telefon raqami va boshqalar;
  • firibgarlarning  sizda mavjud bo'lgan kontaktlari va ular haqidagi boshqa ma'lumotlar.

Yozishma va qo'ng'iroqlar skrinshotlari, bank o'tkazmasi cheki va mikroqarz shartnomasining nusxasini ilova qiling.

5-qadam. Firibgarlik haqida sayt ma'muriyatiga shikoyat qiling

Masalan, aloqa bo‘lib o‘tgan joyga, masalan, messenjer yoki ijtimoiy tarmoqning qo'llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qiling. Bu bilan boshqa foydalanuvchilarni ham himoya qilishga yordam berasiz – firibgar ushbu akkauntdan haligacha foydalanayotgan bo‘lishi mumkin.

  • Telegramdagi @notoscam chat-botiga yozing, akkaunt havolasini taqdim eting, nima uchun bu shaxs firibgarligini qisqacha tushuntiring va skrinshotlarni ilova qiling.
  • Whatsappda firibgarning profilidagi belgini bosing, paydo bo'lgan oynada "Shikoyat qilish"ni tanlang (eng pastda).
  • Facebookda “Ma'lumotlar va qo‘llab-quvvatlash” orqali “Muammo haqida xabar berish” opsiyasini tanlab, ochilgan oynada voqeani qisqacha tavsiflab beriing. Agar firibgarning sahifasi hali ham mavjud bo'lsa, siz shu sahifaga shikoyat yuborishingiz mumkin. Buning uchun sahifani brauzerda oching, uch nuqtali muqova ostidagi tugmani bosing, "Yordam olish yoki shikoyat qilish ..." ni tanlang, keyin shikoyat sababini tanlang ("Firibgarlik va soxta sahifalar").
  • Instagramda – firibgarning sahifasiga kiring, ekranning yuqori o‘ng burchagidagi uch nuqta belgisini tanlang, so‘ng “Shikoyat qilish” bandini tanlang va shikoyat sababini ko‘rsating.
  • VKontakte”da – firibgarning sahifasiga kiring, uch nuqtali tugmani tanlang va keyin "Sahifa xususida shikoyat qiling".
  • Odnoklassniki”da – “Yordam”, so‘ng “Qo‘llab-quvvatlash xizmatiga yozish”ni tanlang va muammoingizni tasvirlab bering.

E'lonlar saytlarida qo'llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilib, firibgarlar haqida xabar berishingiz mumkin. Albatta barcha dalillarni keltiring – yozishma skrinshotlari, pul o'tkazmasi cheki..

6-qadam. Boshqa jabrlanuvchilarni topishga harakat qiling

Agar sud-huquq organlariga firibgarlar haqida bir nechta ariza berilsa, ularni topish osonroq bo'ladi. Bundan tashqari, jamoaviy da'vo berilsa, jinoyatchilar qo'lga tushganidan keyin tovon puli olish osonlashadi.

Firibgarlarga yuborilgan pulni qaytarish imkoniyati bormi?

Agar jinoyatchilar qo'lga olinsa va sud ularni aybdor deb topsa, ko‘rgan zararingizning qoplanishiga, hech bo'lmaganda uning bir qismiga umid qilishingiz mumkin. Ammo buning uchun qonunbuzarlar musodara qilinib, uni sotgandan so‘ng yetkazilgan zararni qoplashga yetarli mulkka ega bo'lishi kerak. Biroq ko'plab onlayn-firibgarliklar chet eldan sodir etiladi. Jinoyatchilar tushgan pullarni tezda chet el kartalari yoki hamyonlariga o‘tkazib yuborishadi. Bunday hollarda ularni qo'lga olish juda qiyin.

Bank mikroqarzni bekor qilishi mumkinmi?

Agar siz mikroqazr olgan bo'lsangiz, ya'ni kartaga pul o‘tgan yoki qo'lingizga  naqd pul olgan bo'lsangiz,  bu pulni ham, foizini ham to'lashingiz kerak bo'ladi. Bank yoki mikromoliya tashkiloti (MMT) imzolangan shartnoma shartlariga muvofiq pul chiqarishi shart. Mijoz uni nimaga sarflaydi – uning shaxsiy ishi. Mijoz pulga biron nima sotib olishi, sovg'a qilishi, kimgadir o'tkazishi, ya'ni olingan pulni o'z xohishiga ko'ra ishlatishi mumkin.

Shuning uchun yagona chorasi – pulni kredit tashkilotiga to'lashdir. Iloji boricha tezroq to'lashga harakat qiling. Nimada tejash mumkinligini o'ylab ko'ring, qo‘shimcha ish topishga harakat qiling.

Xulosa: qanday qilib firibgarlarning hiyla-nayrangiga tushib qolmaslik mumkin?

  • Tashkilotlar va boshqa shaxslarga pul o‘tkazayotganda ehtiyot bo‘ling, hatto ular o‘zlarini qarindoshlaringiz yoki yaqin tanishingizdek ko‘rsatsalar ham. Pul o'tkazmasini so'ragan shaxs do‘stingiz ekaniga ishonch hosil qilish uchun, u bilan telefon orqali bog'laning.
  • Tovar yoki xizmatlar uchun pul o'tkazayotganda tashkilotning legal ekanini tekshiring.
  • Jismoniy shaxslardan onlayn xaridni amalga oshirayotganda, barcha moliyaviy operatsiyalarni faqat ularning toʻlov xizmatlaridan foydalangan holda rasmiy platformalarda amalga oshiring.
  • Yodda tuting, Ichki ishlar vazirligi, Davlat yo‘l inspeksiyasi, Soliq qo‘mitasi va shunga o‘xshash boshqarmalar elektron pochta yoki messenjer orqali jarima to‘lanishini talab qiluvchi xabar va ushbu to‘lov uchun unga havola ilova qilingan SMS yubormaydi.
  • O'tkazmani amalga oshirayotganda tafsilotlarni diqqat bilan tekshiring. Agar "qarindosh" yoki "do'st"ingiz sizdan boshqa shaxsning kartasiga pul o'tkazishingizni so'rasa; mahsulot (xizmat) uchun to'lovni qandaydir kompaniyadagi biron jismoniy shaxs yoki nomlanishi boshqacharoq tashkilot (bitta harf yoki belgi bilan farq qilishi mumkin)  hisob raqamiga pul o'tkazishingizni so‘rashsa,  ehtiyot choralarini ko‘ravering.
  • Yodingizda bo‘lsin:  olingan pulni o‘z ehtiyojlaringizga sarflaysizmi, firibgarlarga o‘tkazasizmi – ahamiyati yo‘q – siz olgan mikroqarzni  faqat o‘zingiz to‘laysiz.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
1 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments
Zayniddin Ibragimov Gayrat ogliy
Zayniddin Ibragimov Gayrat ogliy
6 months ago

Tanishib. Chiqdim