
Makkada nimani ko'rish va ziyorat qilish kerak: Top-10 diqqatga sazovor joy
Masjid ul-Harаm, Ka’ba, Safo va Marva tepaliklari, Arafot tog‘i va Makkaning boshqa muqaddas joylari Haj vaqtida musulmonlar uchun ochiladi. Shahar va uning atrofida yana qanday diniy va tarixiy obidalar bor? Biz Haj ziyoratiga borishni rejalashtirayotgan va keyin mustaqil sayrlar davomida shahar bilan yaqinroq tanishishni istaganlar uchun shunday obidalar ro‘yxatini tuzib chiqdik. Avvaliga Makka haqida bir nechta qisqa geografik faktlarni keltirib o‘tamiz.
Makka qayerda joylashgan?
Makka Arabiston yarim oroldagi eng yirik davlat – Saudiya Arabistonidagi ham shahar, ham viloyatdir. Maʼmuriy jihatdan qirollik 13 hududga boʻlingan, ular ilgari viloyat, amirlik yoki “mintaqa” deb atalgan. Makka — mamlakatning gʻarbiy qismida joylashgan viloyatlardan biri. Madina, Ar-Riyod, Al-Baha, Asir va Jizan viloyatlari bilan chegaradosh.
Makka amirligining maʼmuriy markazi — xuddi shu nomdagi Makka shahri, rasmiy nomi — Makkai Mukarrama. Islomning beshigi sanalmish shahar Qizil dengiz sohilidan taxminan 80 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, tog‘lar bilan o‘ralgan va dunyodagi eng issiq aholi punktlaridan biri sanaladi. Shuningdek, u Arabiston yarim orolidagi eng qadimiy shaharlardan biridir. Makkaning tarixi va buguni bilan tanishish uchun qayerlarni borib ko'rgan ma'qul. Aytib beramiz.
Abraj al-Bayt va Soat minorasi muzeyi
- Kirish: 150 Saudiya riali (40 dollardan boshlanadi)
Masjid ul-Haromdan bir necha qadam narida osmono‘par binolar majmuasi joylashgan – Makka ziyorati chog‘ida bu diqqatga sazovor joyni ko‘rmaslikning iloji yo‘q. Abraj al-Bayt dunyodagi eng baland binolardan biri bo'lib, Saudiya Arabistonida balandligi bo'yicha yetakchi hisoblanadi.
Yetti bino ichida eng kattasi - bu Makkadagi Qirolllik soat minorasidir. Uning balandligi 601 metrga yetadi va dunyodagi eng katta va eng baland soat shu yerda joylashgan (millarining uzunligi 17 va 22 metr!). Qiziqarli tomoni shundaki, minoraning o'zida muzey bor. Uning to'rt qavati minoraning qurilish tarixi, asrlar davomidagi vaqtni o'lchash usullari va samoviy jismlar bilan tanishtiradi. Shuningdek, Masjidul-Harom, Ka'ba va shahar manzaralari ko‘rinadigan kuzatuv maydoni ham mavjud.
Al-Zaher saroyi va Makka muzeyi
1944-yilda podshoh Abdul Aziz va turli mamlakatlardan kelgan ziyoratchilarning uchrashuvlari uchun qurilgan saroy vaqt o‘tishi bilan atrofida bog‘i bo'lgan muzeyga aylangan. Uning ekspozitsiyasi Makka madaniyati va merosi haqida ko'proq ma'lumot olishni xohlovchilar uchun qiziqarli. Qirollikning yodgorliklar zallarida arxeologik topilmalar, shaharning islomgacha bo‘lgan tarixiga oid buyumlar, xattotlik, Qur'oni Karim va Payg‘ambarimizning tarjimai hollari ekspozitsiyalari va boshqa ko'plab narsalar namoyish etilgan.
Hiro madaniyat markazi
- Kirish: 12 rialdan (taxminan 3 dollar), 2023-yilgi ziyoratchilarning sharhlariga ko'ra
Makkaning zamonaviy diqqatga sazovor joylaridan biri. Aniqrog‘i, 67 ming metr kvadrat maydonni egallagan Jabal an-Nur tog‘i etagidagi diqqatga sazovor joylar majmuasi. Bu yerning asosiy markazi bu - "Vahiy galereyasi". Bunday interaktiv va multimediali ko'rgazma tashrif buyuruvchilarni Payg'ambarga kelgan Qur'on vahiylari tarixi, Makkaning islomiy va tarixiy ahamiyati bo'ylab sayohatga chorlaydi. Shuningdek, bu hududda quyidagilar joylashgan:
- Qur'on muzeyi: muqaddas kitobning qadimiy qo'lyozmalari saqlanadigan va zamonaviy texnologiyalardan foydalanilgan ko'rgazma.
- Saudiya Arabistoni qahva muzeyi - ichimlikning xususiyatlari, uning turlari va mamlakat hududlarida tayyorlash usullari bilan tanishish.
- Hiro bog'i - yashil hududda dam olish uchun joy.
- Kutubxona, do‘konlar, kafe va restoranlar.
Shuningdek, madaniyat markazidan bizning ro'yxatimizda shaharning keyingi mashhur joylaridan biri bo'lgan Hiro g'origa yo'l boshlanadi.
Jabal an-Nur va Hiro g'ori
- Kirish: Ziyoratchilarning fikriga ko'ra, Masjid ul-Haramdan taksida borish taxminan 30–40 rial (taxminan 8 – 10 dollar)
Nur tog'i yoki Ma'rifat tog'i Hajning majburiy amali emas. Biroq, minglab ziyoratchilar Muhammad payg'ambar Qur'onning birinchi vahiylarini qabul qilgan joyga tashrif buyurishga harakat qilmoqdalar.
Al-Haram masjididan taxminan 5 km shimoli-sharqda joylashgan bu tog‘ning balandligi 640 m. Uning cho‘qqisiga va “Al-Alaq” surasining besh oyati payg‘ambarga nozil qilingan Hiro g‘origa 1700 ga yaqin toshdan o'yib ishlangan pilapoya olib boradi. Sayohat oson bo'lmasligi va o'rtacha 45-90 daqiqa davom etishiga tayyor bo'lishingiz kerak.
Masjidlar
Saudiya Arabistoni turizm boshqarmasi shaharning bosh masjididan tashqari quyidagi joylarni ko‘rishni tavsiya qiladi:
- Al-Tanim masjidi - shaharning g'arbiy qismida, Ka'badan taxminan 7 km uzoqlikda joylashgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning rafiqalari Oisha bintu Abu Bakr roziyallohu anho vidolashuv Hajlarida ehrom kiygan joylari.
- Al-Jin masjidi, Jannat al-Mualla qabristoni yaqinida joylashgan, u yerda payg‘ambarning ajdodlari va yaqinlari dafn etilgan.
- Ar-Roji masjidi mamluq uslubidagi nafis bezaklari va me'morchiligi bilan e'tiborni tortadi..
Kisva fabrikasi
- Kirish: oldindan kelishilgan va yozilgan holda
Ka'ba devorlarini qoplagan tilla naqshli qora ipakdan tikilgan an'anaviy yopinchiq asrlar davomida Misrdan Makkaga olib kelingan. 1927 yilda Saudiya Arabistoni asoschisi va birinchi qirolining farmoni bilan shaharda kisva tayyorlovchi shaxsiy ustaxona tashkil etilgach, hammasi o'zgargan. Oradan 50 yil o‘tib, uning o‘rnida bugun har kim tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan fabrika qurilgan.
Qirol Abdul Aziz majmuasiga sayohat davomida Makka mehmonlari 8-10 oy davomida 200 ga yaqin hunarmandning mato ustida qanday ishlashini o‘rganishadi, jarayonni kuzatishadi, fotosuratlar, filmlarni ko‘rishadi, kisva tayyorlash uchun kerakli buyumlarni tomosha qilishadi. Ziyoratchilar aytishicha, professionallar nazorati ostida o‘zingiz hatto chok ham yurgizib ko‘rishingiz mumkin.
Yagona muammo: fabrika jamoatchilik uchun yopiq. Siz majmuaga 20 kishilik guruh tarkibida kelishingiz mumkin, buning uchun esa avval veb-saytda ruxsat olishingiz kerak. Shuning uchun, tashrifingiz haqida oldindan o'ylab ko'rish, sayohat uchun guruh to‘plash yoki sayyohlik agentligiga murojaat qilish kerak.
Ikki muqaddas masjid muzeyi
U kisva ( Ka'bapo'sh) fabrikasi yaqinida joylashgan bo‘lib, Madinadagi Masjid un-Nabaviy va Masjid ul-Haramning o‘tmishi va buguni haqida hikoya qiladi. 1200 metr kvadrat maydonda yettita zal joylashgan: Ka'ba zali, qo'lyozmalar zali, fotosuratlar zali, qabulxonalar zali, Zamzam suv zali, har bir masjidning zallari. Muhim eksponatlar orasida milodiy 1636 yilga tegishli Ka'ba eshigi, ziyoratgohning undan keyingi kalitlari va qulflari, masjidlardan olingan tarixiy buyumlar kolleksiyalari va boshqa eksponatlar mavjud.
Makka kutubxonalari
Al-Haram masjidi yonida, Abu Qubays tog'i va Marva tog'i oralig'ida, me'moriy jihatdan ko'zga tashlanmaydigan kutubxona binosi joylashgan. Biroq, u ko'pincha ziyoratchilar bilan gavjum bo'ladi. Gap shundaki, bundan qariyb bir yarim ming yil avval bu yerda payg‘ambar tug‘ilgan, deb ishoniladi. Asrlar davomida payg'ambarimiz Muhammad(s.a.v)ning uylari vayron bo'lgan, masjidga aylangan va yana vayron bo'lgan – hozirgi kunga kelib u ommaviy kutubxonaga aylangan.
Shaharda topishingiz mumkin bo'lgan yana bir joy - Muqaddas Makka masjidining kutubxonasi. Bu dunyodagi eng qadimiy ommaviy islom kutubxonalaridan biri boʻlib, ochilish vaqtlari VIII asr oxiriga toʻgʻri keladi. Ilgari u Masjid al-Haram gumbazlaridan biri ostida joylashgan bo‘lgan. Ammo kitoblar to'plami ko'paydi, kutubxona bir necha marotaba turli joylarga ko'chgan, hozirgi kunda u Bata Quraysh hududiga kelib o‘rnashgan.
Savr tog'i
Xuddi shu nomdagi g'ori bo'lgan tarixiy joy. Bu yerda payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v) Madinaga hijrat qilib, Makka mushriklarining ta'qiblaridan uch kecha yashiringanlar. Butparastlar Allohning elchisi bo'lgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning izlariga tushganlar, g‘orga yaqinlashganda, ichkariga kirib o'tirmaganlar – g‘or ularga anchadan beri tashlandiq yotgandek tuyulgan, chunki o‘rgimchak uning kirish yo'lini to‘r bilan o‘rab olgan, kabutarlar esa yaqin joyda in qurishgan edi. Payg‘ambarimizni qutqargan Savr g‘orini tog‘ga chiqqandan keyin ko‘rishingiz mumkin, bunga bir soatcha vaqt ketadi.
Savdo markazlari
Ziyoratdan xotira sifatida yaqinlaringiz va o‘zingiz uchun kiyim-kechak va atir-upadan tortib xurmo va haykalchalargacha esdalik sovg‘alari xarid qilishni rejalashtirayotgan bo'lsangiz, Kakiya bozori yoki zamonaviy savdo markazlaridan biriga borishingiz mumkin. Ular orasida:
- Makkah Mall
- Al Hijaz Mall
- Al Diyafa Mall
- Osmono‘par minoradagi Abraj Shopping Mall bor.
Shuningdek, shaharda kichik yashil bog'larga borishingiz yoki diqqatga sazovor joylarga ekskursiya uyushtirish orqali Makkaning boshqa tog'larini ham ko'rishingiz mumkin. Agar siz diqqatga sazovor joylar, shuningdek, qo'shni viloyatlardagi shunday joylar haqida ko'proq bilmoqchi bo'lsangiz, Saudiya Arabistoni Turizm boshqarmasi veb-saytiga kirib ko'ring. Muzeylar, kutubxonalar va boshqa diqqatga sazovor joylarning ish vaqti yoki texnik xizmat ko'rsatish tufayli yopiq vaqtida borib qolmaslik uchun ularning jadvallarini tekshirishni maslahat beramiz.
Izoh qo‘shish