
Majburiy avtotransport sug‘urtasi: nima uchun sizga TVEFJMS (OSAGO) polisi kerak
Majburiy avtotransport sug‘urta polisini rasmiylashtirish shartlari haqida aytib beramiz va uni sotib olish narxini hisoblaymiz.
Har bir avtomobil egasi OSAGO polisisiz haydash mumkin emasligini biladi. Bu xuddi haydovchilik guvohnomasi kabi har bir haydovchi uchun zarur bo‘lgan hujjatdir.
OSAGO sug‘urta polisi nima
Ushbu polis avtomobilning o‘zini emas, balki egasining aybi bilan baxtsiz hodisa yuz bergan va boshqa haydovchilar, piyodalar, velosipedchilar, baxtsiz hodisa natijasida zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan boshqa insonlarga, shuningdek ularning mol-mulkiga zarar yetkazilgan holda, avtomobil egasining javobgarligini sug‘urta qiladi. O‘zbekistonda polisning to‘liq nomi TVEFJMS (qisqartirilgan OSGO) yoki transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish deb nomlanadi. Ammo ba'zida uni boshqa mamlakatlardagi kabi OSAGO deb ataladi.
Nima uchun OSAGO sug‘urtasi kerak
Agar sug‘urta hodisasi sodir bo‘lsa (polis egasi aybdor bo‘lgan baxtsiz hodisa), jabrlanuvchilarga etkazilgan zararni sug‘urta kompaniyasi qoplaydi. Ya'ni, agar siz boshqa birovning avtotransportini urib yuborgan bo‘lsangiz yoki sizning aybingiz bilan bir kishi avtohalokatga uchragan bo‘lsa, avtomobilni ta'mirlash uchun to‘lov siz polis rasmiylashtirgan kompaniyangiz tomonidan to‘lanadi. Shuningdek, u jabrlanuvchilarga sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun ham tovon pulini to‘laydi. Agar boshqa haydovchi mashinangizni urib yuborsa, ta'mirlash uchun uning sug‘urta kompaniyasi to‘laydi.
TVEFJMS polisisiz haydash mumkinmi
Yo‘q, nomidan ko‘rinib turibdiki, TVEFJMS majburiy sug‘urtani anglatadi. Ya'ni, mashinani polissiz haydashingiz mumkin emas. Qonunga ko‘ra, u shaxs avtomobil egasi bo‘lganidan so‘ng 10 kun ichida rasmiylashtirilishi kerak.
TVEFJMS qancha pul miqdorini qoplaydi
2019 yildan boshlab toʻlovning maksimal miqdori 40 million soʻmni tashkil etadi. Shu bilan birga, ushbu summaning 35 foizigacha (ya'ni 14 million so‘m) jabrlanuvchining mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash uchun to‘lanishi mumkin. Uning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun esa – 65 foizgacha (26 million so‘m) undiriladi. Agar jabrlanuvchilar bir nechta boʻlsa, unda har bir kishi uchun tovon miqdori ushbu miqdor doirasida mutanosib ravishda belgilanadi. Agar baxtsiz hodisada bir nechta aybdor bo‘lsa (masalan, bir nechtaYTHlar sodir bo‘lgan bo‘lsa), unda har birining aybdorlik darajasi aniqlanadi — va shunga qarab, har bir aybdor uchun sug‘urta tovonining miqdori hisoblanadi. Agar aybdorlik darajasini aniqlash mumkin bo‘lmagan vaziyat yuzaga kelsa, javobgarlik teng taqsimlanadi.
Agar bu pul yetarli bo‘lmasa-chi?
Aybdor shaxs qo‘shimcha pul to‘lashi kerak bo‘ladi. O‘z cho‘ntagidan ortiqcha to‘lamaslik uchun avtotransport vositalari egalarining javobgarligini ixtiyoriy sug‘urta qilish (kasko) foydali bo‘ladi.
Shartnoma qancha muddatga tuziladi
Odatda bir yilga (12 oy). Biroq, qonunda avtomobildan foydalanish muddati uchun mavsumiy polisni tuzish imkoniyati nazarda tutilgan — agar u butun yil davomida ishlatilmasa. Shartnoma muddati bir kalendar yili uchun kamida olti oy bo‘lishi kerak.
OSAGO polisining narxi nimaga bog‘liq
Polisning narxi (shaxs tomonidan sug‘urta kompaniyasiga to‘lanadigan sug‘urta mukofoti) bir qator omillar asosida belgilanadi:
- yashash hududi: Toshkent shahri va viloyatida polis qimmatroq;
- transport vositasi turi (yengil avtomobil, yuk mashinasi va hokazo);
- ilgari shaxsda sug‘urta holatlari bo‘lganligi (oldingi shartnomaning amal qilish muddati olinadi-baxtsiz hodisalarsiz haydashda polis arzonroq bo‘ladi, baxtsiz hodisalar uchun oshuvchi koeffitsient qo‘llaniladi);
- nechta shaxsga sug‘urta rasmiylashtirilganligi: odamlar soni bo‘yicha cheklovlar bilan, masalan, mashina haydashni rejalashtirgan oila a'zolarini (5 kishigacha) kiritib yoki cheklovlarsiz polisni rasmiylashtirish mumkin. Bir qator sug‘urta kompaniyalari cheklovsiz polislarni VIP-polislar deb ham ataydilar.
Qanday hollarda OSAGO sug‘urtasi amal qilmaydi
Amal qilmaydigan sug‘urta polisi, masalan, muddati o‘tgan yoki hodisa sug‘urta shartnomasi qoplamaydigan davrda sodir bo‘lgan holatlardan tashqari (mavsumiy cheklovlar bilan sug‘urta qilishda bo‘lgani kabi), kompensatsiya to‘lanmaydigan boshqa holatlar ham mavjud. Ular qonunda ko‘rsatilgan. Masalan, baxtsiz hodisaning aybdori mast holatda, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar ta'sirida bo‘lgan, qasddan harakat qilgan, transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan, YTH sodir bo‘lgan joydan qochib ketgan yoki polisga kiritilmagan bo‘lsa (haydovchilar soni cheklangan polisdan foydalanganda).
TVEFJMS polisining narxi qancha va uning niqdorini qanday hisoblash kerak
2019 yildan boshlab haydovchining tajribasi va yoshiga, dvigatel kuchiga va avtomobilning yuk ko‘tarish qobiliyatiga bog‘liq koeffitsientlar bekor qilindi. Bazaviy stavka koeffitsienti sug‘urta summasiga nisbatan foizda hisoblanadi — 40 mln. U quyidagilarni tashkil etadi:
- 0,1 — yengil avtomobil uchun (ya'ni 40 ming so‘m);
- 0,12 — yuk mashinalari, avtobuslar va mikroavtobuslar uchun (48 ming so‘m);
- 0,04 — mototsikllar, skuterlar, traktorlar va boshqa avtomobillar uchun (16 ming so‘m).
Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun ham oshuvchi koeffitsienti amal qilib, u 1,4 ga teng. Ya'ni, agar yengil avtomobil u yerda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, u holda polis 56 ming so‘mni (40 000 × 1,4) tashkil qiladi. Boshqa hududlarda koeffitsient 1 ga teng, ya'ni OSAGO polisining narxi 40 ming so‘mni tashkil qiladi.
Agar polis cheklanmagan miqdordagi shaxslar uchun rasmiylashtirilsa, unda bazaviy qiymat 3 ga ko‘paytiriladi. Ya'ni, poytaxt va Toshkent viloyatida bunday polisni sotib olish 168 ming so‘mni, boshqa hududlarda — 120 ming so‘mni tashkil qiladi.
Agar shaxs polisni birinchi marta rasmiylashtirayotgan bo‘lsa, haydovchining yoshi va tajribasidan qat'i nazar, avtohalokatsiz haydashda bo‘lgani kabi, tartib bo‘yicha "baxtsiz hodisa" koeffitsienti 1 ga teng bo‘ladi. Agar oldingi TVEFJMS shartnomasining amal qilish muddati davomida bitta sug‘urta hodisasi sodir bo‘lgan bo‘lsa, u holda 2 koeffitsienti qo‘llaniladi, ikkita holat — 2,5, uchta yoki undan ko'p — 3.
Avtotransport vositasidan mavsumiy foydalanishda 0,7 koeffitsienti amal qiladi — ya'ni umumiy miqdor 12 oylik shartnoma tuzishdan kamroq bo‘ladi.
Misol
Mansur yengil avtomobili uchun yangi polis rasmiylashtirish uchun keldi. Avtomobil Toshkentda ro‘yxatdan o‘tgan. Mansur polisga o‘zini, otasini va har ehtimolga qarshi akasini ham kiritmoqchi. Shuning uchun haydovchilar soni cheklangan sug‘urta unga mos keladi. Bir necha oy oldin u kichik baxtsiz hodisaga uchrab, boshqa mashinaning bamperini qirib qo‘ydi. Sug‘urta kompaniyasi uni aybdor deb topdi. Shu sababli, Mansur uchun yangi polisning narxi 40 000 000 × 0,1% (avtomobillar uchun bazaviy stavka koeffitsienti) × 1,4 (Toshkent va viloyat uchun koeffitsient) × 2 (oldingi shartnoma davomida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisani hisobga olgan holda koeffitsient) ni tashkil etadi. U jami 112 ming so‘m to‘laydi. Agar baxtsiz hodisa yuz bermaganida, sug‘urta 56 ming so‘mni tashkil qilgan bo‘lar edi.
OSAGO uchun chegirma olish mumkinmi
Ha. Qonunga ko‘ra, 50 foizlik chegirmani quyidagilar olishi mumkin:
- 1941-1945 yillardagi urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilganlar, o‘sha davrdagi mehnat fronti faxriylari, konsentratsion lagerlarning voyaga etmagan asirlari;
- o‘z xizmat vazifalarini bajarish paytida yoki frontda bo‘lish bilan bog‘liq kasallik tufayli halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning qarindoshlari — ota-onasidan biri va beva ayol, agar u qayta turmushga chiqmagan bo‘lsa;
- Afg‘onistonda va jangovar harakatlar olib borilgan boshqa mamlakatlarda xizmat qilgan harbiy xizmatchilar va chaqiriluvchilar;
- Chernobil avariyasi tufayli jabrlanganlar;
- nafaqaxo‘rlar va nogironlar.
TVEFJMS polisini qanday va qayerda rasmiylashtirish kerak
Polisni rasmiylashtirish uchun sug‘urta kompaniyasiga murojaat qilish kerak. Amaldagi litsenziyaga ega kompaniyalar roʻyxati bilan Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi saytida tanishish mumkin. Shuningdek, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar ro‘yxati bilan TVEFJMS bo‘yicha to‘lovlarni kafolatlash jamg‘armasining saytida tanishish mumkin. U yerda, shuningdek ushbu sugʻurta kompaniyalarining filiallari koʻrsatilgan xarita mavjud.
Shartnoma tuzish uchun siz ariza shaklini to‘ldirishingiz shart va quyidagi hujjatlarning asl nusxasini taqdim etishingiz kerak:
- pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat; avtomobil egasi bilan qarindoshlik darajasi;
- chegirma olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar;
- avtomobilni boshqarishga ruxsat beriladigan va oxirgi besh yil ichida TVEFJMS shartnomalari tuzilgan har bir kishi uchun sug'urta to'g'risidagi ma'lumotlar.
Agar sug'urta kompaniyasi yagona ma'lumotlar bazasidan ma'lumot olsa, agar shaxs birinchi marta sug'urta polisini olsa yoki avvalgi shartnoma tuzilgan joyda sug'urtalangan bo'lsa, ba'zi hujjatlar talab qilinmasligi mumkin.
Ofisga borishingiz shart emas - ko'plab kompaniyalar o'z veb-saytida polisni onlayn olish uchun ariza topshirishlari mumkin. "E-polis" qog'ozdagi kabi kuchga ega. Har ehtimolga qarshi, uni chop etish mumkin.
Polis yo'qligi uchun qanday jarima bor?
Polissiz amal qilish muddati o'tgan transport vositasini boshqarganlik yoki haydovchi unga kiritilmagan shaxs bo'lsa (haydovchilar soni chegaralangan polislar uchun) bazaviy hisoblash midorining 0,5 barobarida jarimaga tortiladi yoki 2023-yil 1-dekabrdan boshlab 1 BHM 340 ming so‘mbo‘lgani bois, jarima 170 ming so‘mni tashkil etadi.
OSAGO sug'urtasi: asosiy narsa haqida qisqacha
- Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish polisi (TVEFJMS yoki OSAGO) rulga o'tirgan har bir kishi uchun zaruriy narsadir.
- Uni ham oflayn – sug‘urta kompaniyasi ofisida, ham onlayn tarzda rasmiylashtirish mumkin. Avtomobil egasining aybi bilan baxtsiz hodisa yuz bersa, u javobgarlikni sug‘urtalash kafolati bo‘ladi. Bunday holda, zararni sug‘urta kompaniyasi qoplaydi.
- Maksimal miqdor 40 million so‘mni tashkil qiladi. Qoidalarga ko‘ra, ushbu summaning 35 foizi mulkka (avtomobilga) yetkazilgan zararni qoplashga, 56 foizi — jabrlanuvchining hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplashga yo‘naltirilishi mumkin. Zarar ko‘proq bo‘lsa, qo‘shimcha pul to‘lamaslik uchun ixtiyoriy avtomobil sug‘urta polisini rasmiylashtirish foydaliroq bo'ladi.
Izoh qo‘shish