
Kompaniya asoschisi kim: vazifalari va majburiyatlari
Har bir kompaniyaning o‘z asoschisi – ta’sischisi bor. Uning vazifalari qanday, u nima ish qiladi va, deylik, bosh direktordan nimasi bilan farq qiladi?
Kompaniyaning ta'sischisi — uning yaratuvchisi va egasidir. Aynan u kompaniyani soliq idorasida ro'yxatdan o'tkazadi: kompaniyaning tarixi ro'yxatdan o'tgan kunidan boshlanadi. Bir yoki bir necha ta'sischi bo'lishi mumkin. Bu vazifani ham O‘zbekiston Respublikasi, ham boshqa davlat fuqarolari bajarishi mumkin. Fuqarolar bilan bir qatorda yuridik shaxs ham ta'sischi bo‘la oladi.
Ta'sischi qanday majburiyatlarga ega?
Aslida ta'sischining majburiyati — MChJni ishga tushirishdir. Buning uchun unga nima kerak:
- ustav kapitalini shakllantirish;
- nizomni tayyorlash;
- korxonani soliq idorasida ro‘yxatdan o‘tkazish;
- rahbariyatni tayinlash.
Kompaniyaning faoliyati davomida ta'sischi ish jarayoniga umuman aralashmasligi mumkin. Ammo bir qator muammolar borki, ularni faqat u hal qila oladi. Bular quyidagilar:
- nizomga o‘zgartishlar kiritish;
- rahbarni ishdan bo'shatish (o'zgartirish);
- tugatish to'g'risida qaror qabul qilish;
- tugatish jarayonini boshqarish;
- kompaniyani qayta tashkil etish (masalan, MChJni QMJ(qo'shimcha mas'uliyatli jamiyat)ga aylantirish);
- tashqi auditorlarni taklif qilish;
- kompaniyadan foyda olish.
Ta'sischilar kelishmovchiliklarni qanday hal qilishadi
Agar ta'sischi bir nechta bo'lsa, ular kompaniyani birgalikda boshqaradilar. Masalan, foydani nima qilishni – ustav kapitalini ko'paytirish, kreditlarni to'lash va boshqa to'lovlarni amalga oshirishni hal qilishadi. Ta'sischilar foydani faqat dividend shaklida oladilar (har chorakda bir martadan ko'p bo'lmagan holda). Ular kassadan to'g'ridan-to'g'ri pul olish huquqiga ega emas.
Foydani taqsimlash va boshqa masalalarda ta'sischilar ko'pincha kelisholmay qolishadi. Muammo umumiy kengashda har bir ta'sischining ulushiga muvofiq hal qilinadi. Misol uchun, agar aksiyalar 30-30-40% nisbatda uch jismoniy shaxs o'rtasida taqsimlangan bo‘lsa, ulardan ikkitasi ovoz bergan qaror qabul qilinadi. Shunday ham bo'ladiki, ta'sischilardan biri 50% dan ortiq ulushga ega, o‘z-o‘zidan uning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Demak, kengash rasmiy tarzda o‘tkazilib, shunchaki kelishmovchiliklarni muhokama qilish uchun xizmat qiladi.
Ta'sischi va bosh direktor o'rtasidagi farq nimada?
Bosh direktor yoki Prezident - tayinlanadigan lavozimlardir. Ularni ta'sischi ishga oladi va istagan vaqtida (mehnat qonunchiligiga muvofiq) ishdan bo'shatishi mumkin. Bosh direktorning vazifasi - korxonani tezkor boshqarish: rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish, moliyaviy ko'rsatkichlarni monitoring qilish va xodimlarni kuzatish. Ammo u, deylik, kompaniyani tugatish to'g'risida qaror qabul qila olmaydi. Bu - ta'sischining vakolati.
Ba'zi vazifalar faqat bosh direktor tomonidan amalga oshiriladi, ta'sischining huquqi bo‘lmaydi. Masalan, ta'sischi imzo qo'yish huquqiga ega emas, ya'ni u kompaniya nomidan bitimlarda qatnasha olmaydi, bank hisobvarag'idan pul yechib ololmaydi yoki "davlat" mulkini tasarruf eta olmaydi. Bunday vakolatlarga ega bo‘lish uchun ta'sischi bosh direktor nomidan berilgan ishonchnomaga ega bo'lishi kerak. Ko'p hollarda bunday ishonchnoma kompaniya ta'sischisiga beriladi.
Kichikroq firmalarda ta'sischining o'zi bosh direktor vazifasini bajarishi mumkin. Bu – xodimlar yollanmagan MChJ uchun odatiy hol, masalan, faoliyatning dastlabki bosqichida. Bunday vaziyatda mehnat shartnomasi rasmiy ravishda tuziladi va ta'sischi o'ziga o‘zi boshqaruvchi etib tayinlanadi. Bosh direktor sifatida u mehnat kodeksiga muvofiq barcha imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega: masalan, mukofot olishi, kasallik varaqasi asosida kompensatsiya olishi mumkin.
Muassis ham, bosh direktor ham qonun oldida birday javobgardir. Ammo muassis faqat ustav kapitalidagi ulushi bilan javob beradi. Bosh direktor esa to'liq moliyaviy javobgarlikni o'z zimmalariga oladi.
Kompaniya ta'sischilari haqida ma'lumotni qayerdan olish mumkin?
Eng oson yo'li - Statistika agentligida. Ham bepul, ham natija bir zumda chiqarib beriladi, kompaniyaning STIR(INN) ni bilsangiz bo‘lgani. Bu yerda kompaniya haqida boshqa foydali ma'lumotlarni – ustav kapitali hajmi, ro'yxatdan o'tish sanasi, kontaktlarni ham olishingiz mumkin.
Shuningdek, davlat axborot resurslaridan olingan ma'lumotlardan foydalanadigan, lekin ularni pulga taklif qiladigan juda ko'p norasmiy ma'lumotlar bazasi mavjud.
Kompaniyadagi ulushimni sotish mumkinmi?
Ba'zan ta'sischilar o'rtasida kelishmovchiliklar bo'lib turadi. Masalan, foydani taqsimlash yoki kompaniyani yanada rivojlantirish xususida. Shunda ta'sischilardan biri yoki bir nechtasi o'z aksiyalarini sotishi mumkin, bu – qonun bilan ta'qiqlanmagan. Boshqa sabablarga ko'ra ham aksiyalarni sotishadi: agar kompaniyaning istiqboli bo‘lmasa, biznesni davom ettirishni xohlashmasa yoki boshqa holatlarda.
Kompaniya ta'sischilari odatda o'z faoliyatlariga begona odamni kiritishni xohlamaydilar, shuning uchun nizomda aksiyalarni sotish bo'yicha cheklovlarni belgilaydilar. Masalan, nizomda ulushni boshqa ta'sischilarning roziligisiz sotish ta'qiqlanishi belgilanadi. Yoki sotuvchi shaxs ulushini avval sheriklariga taklif qilishga majburligi nizomda qayd etiladi. Agar ular rad etsa, shundan so‘ng keng sotuvga qo'yishi mumkin bo‘ladi.
Yana bir muammo - kompaniya aktivlarini baholash. Muvaffaqiyatli faoliyat davomida aktivlar sezilarli darajada o'sishi mumkin. Turli xil baholash usullari mavjud, ta'sischilarning o'zi ularni tanlashi kerak.
Muassis haqida bilishingiz kerak bo'lgan asosiy narsa
- Ta'sischi – kompaniyaning asoschisidir. Ta'sischi bitta shaxs bo'lishi mumkin.
- Ta'sischi ustav kapitaliga kiritgan mablag‘iga muvofiq ulushga ega bo‘ladi. Qaror qabul qilish va foyda taqsimlashda shu ulush hisobga olinadi.
- Odatda ta'sischi kompaniyada imzolash huquqiga ega emas. Agar bosh direktor unga ishonchnoma bersa, bu huquqqa ega bo'ladi.
- Kompaniyadagi ulushni sotish mumkin. Nizomda sotish bo'yicha ba'zi cheklovlar mavjud.
Izoh qo‘shish