
Кasko va OSAGO аvtomobil sug‘urtasi: farq nimada
Majburiy avtosug‘urta polisi va ixtiyoriy avtomobil sug‘urtasi o‘rtasidagi farqni va nima uchun ikkinchisini rasmiylashtirish kerakligini tushuntirib beramiz.
Haydovchilar OSAGO (avtotransport vositalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtasi) yoki O‘zbekistonda TVEJMS (transport vositasi egasi javobgarligining majburiy sug‘urtasi) deb ataluvchi polissiz haydash mumkin emasligini biladilar. Biroq, ba'zilar ushbu sug‘urta boshqa — kasko polisining yoki ixtiyoriy avtosug‘urtasining o‘rniga ham o‘tadi, deb hisoblashadi. Lekin aslida unday emas. Ehtiyotkor haydovchiga ikkala sug‘urta ham kerak — ular mablag‘ni tejashga yordam beradi.
OSAGO polisi nima va nima uchun kerak
OSAGO polisi rulga o‘tirgan har bir kishi uchun zarurdir. Garchi ko‘pchilik buni avtomobil sug‘urta polisi deb atasa-da, aslida u avtomobilning o‘zini emas, balki uning egasi YTH sodir etsa, uning javobgarligini sug‘urta qiladi. Bunday holda, boshqa avtomobil yoki odamlarga yetkazilgan zararni sug‘urta kompaniyasi qoplaydi.
Кasko va OSAGO аvtomobil sug‘urtasi: farq nimada
Kasko — transport vositalari egalarining javobgarligini ixtiyoriy sug‘urta qilish. Ba'zan uni qisqacha DSAGO deb ham atashadi.
Ko‘pchilik bu so‘z, OSAGO singari qisqartma deb hisoblashadi. Ammo bu aslida xalqaro atama bo‘lib, xorijiy so‘zlardan kelib chiqqan. Ispan tilida casco "shlem", golland tilida "korpus" degan ma'noni anglatadi. Bu nafaqat avtomobillarni, balki, masalan, kemalar yoki samolyotlarni ham ularga yetkazilgan zarar, olib qochib ketish yoki o‘g‘rlashdan sug‘urtalashning nomi. Agar mashinaga biror nimadir bo'lsa, u o‘ziga xos himoya "shlem" ga aylanadi.
Agar OSAGO polisining mavjudligi haydovchining majburiyati bo‘lsa, kaskoni rasmiylashtirish ixtiyoriydir. Shuningdek, avtomobil sug‘urta qilinadigan miqdorni va sug‘urta holatlarini o‘zingiz belgilashingiz mumkin.
Qanday hollarda OSAGO qo‘llaniladi, qanday hollarda esa kasko
Oddiy so‘zlar bilan aytganda, agar baxtsiz hodisaning aybdori siz bo‘lgan taqdirda majburiy sug‘urta polisi zarur. U jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplaydi. Agar avtomobilingiz shikastlangan bo‘lsa OSAGO bo‘yicha kompensatsiyani faqat bir holatda olishingiz mumkin: agar bu YTHda sodir bo‘lgan va boshqa haydovchi aybdor bo‘lsa. Boshqa barcha holatlar uchun ixtiyoriy sug‘urta polisi talab qilinadi. Masalan, tajribasiz haydovchi noto‘g‘ri to‘xtaydi va bamperi bilan bordyurga uriladi, mashina o‘g‘irlanadi yoki uning ba'zi qismlari yechib olishadi, bolalar yoki bezorilar uni qirishadi, yo‘ldan uchib ketgan toshdan shikastlanadi, ustiga daraxt qulab tushadi va hokazo. TVEJMS sug‘urtasi bunday holatlarni qoplamaydi.
Bundan tashqari, baxtsiz hodisa yuz berganda OSAGO to‘lovlari ma'lum chegaraga ega. Agar mashinangiz avtohalokatda shikastlangan bo‘lsa va uni ta'mirlash bu miqdordan qimmatroq bo‘lsa, harajatlarni kasko orqali ham qoplash mumkin. Shuningdek, ushbu polis bilan, agar baxtsiz hodisaga sababchi bo‘lsangiz va OSAGO bo‘yicha kompensatsiya puli yetarli bo‘lmasa, siz boshqa shaxslarning mol-mulki, transport vositalari va yo‘ldagi inshootlarga yetkazilgan zararni qoplashingiz mumkin. Kasko sug‘urtasi bo‘lmasa, aybdor kompensatsiyani o‘z mablag‘idan to‘laydi.
Qanday to‘lov cheklovlari mavjud
OSAGO bo‘yicha to‘lovning maksimal miqdori 40 million so‘m bilan cheklangan. Bu miqdor qismlarga bo‘linadi. Avtomobilga yetkazilgan zarar uchun 35 foizgacha (mos ravishda 14 million so‘m) to‘lanishi mumkin. 65 foizgacha (26 million so‘m) esa — YTH natijasida jabrlangan yoki jabrlanganlarning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplash uchun.
Kasko sug‘urtasiga kelsak, maksimal chegarani avtomobil egasining o‘zi belgilashi mumkin.
Sug‘urta kompaniyalari franshizadan foiz yoki ma'lum miqdorda foydalanishlari mumkin. Bunday holda, shartnomada qoplanmaydigan zararlarning bir qismi belgilanadi. Misol uchun, avtomobil egasi zarar miqdorining 10 yoki 20 foizini o‘zi to‘laydi, qolgan qismini — sug‘urta kompaniyasi. Yoki kuzovdagi toshlardan qirilish yoki sinish kabi kichik zararni, agar bunday ta'mirlash minimal franshiza chegarasidan kamroq qiymatga ega bo‘lsa, o‘z hisobingizdan tuzatishingiz kerak bo‘ladi.
Кasko va OSAGO аvtomobil sug‘urtasi: farq nimadaShuningdek, kasko sug‘urtasida ko‘pincha sug‘urtalangan mulkni sug‘urtalovchi kompaniyaning foydasiga rad etish imkoniyati ko‘zda tutiladi. Bunday holda, shaxs shunchaki moliyaviy tovon oladi va mashinani sug‘urta qilgan kompaniyaga beradi. Bunday variant mashinani avtohalokatdan keyin qayta tiklash mumkin bo‘lmasa va egasiga yangisini sotib olish osonroq bo‘lgan holatda foydali bo‘lishi mumkin.
Misol
Mansurning yaqinda sotib olgan mashinasiga jiddiy shikast yetkazildi. Ta'mirlash 24 million so‘mni tashkil etdi, holbuki u baxtsiz hodisa uchun javobgar shaxsdan faqat 14 million so‘m undira oldi. Shaxsan u ortiqcha hech qanday to‘lov qilmadi: qolgan 10 million so‘mni u har ehtimolga qarshi kasko sug‘urta shartnomasini tuzgan sug‘urta kompaniyasi to‘ladi.
Baxtsiz hodisa uchun aybdor shaxsning OSAGO polisi bo‘lmasa-chi?
Bunday holda, kasko sug‘urtasidan darhol foydalanish shart emas: kompensatsiyani TVEJMS bo‘yicha to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasi orqali olish mumkin. YHXB xodimlari voqea sodir bo‘lgan joyda bayonnoma tuzadilar, so‘ng aybdor va yetkazilgan zarar miqdori aniqlanadi, ish sudga yuboriladi va sudya aybdorga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatini yuklaydi. Agar u zararni qoplashni istamasa, tez-tez sodir bo‘lganidek, jamg‘armaga murojaat qilish kerak. Arizani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda yuborish mumkin. Kompensatsiyaning maksimal miqdori sud qarori bilan belgilanadi, lekin u ham 40 million so‘m chegarasida va shu nisbatda bo‘lishi kerak. Bunday holda, baxtsiz hodisaning aybdori baribir zararni qoplashi kerak — lekin pulni jamg‘armaga qaytarib berishi kerak bo‘ladi.
Kasko polisini rasmiylashtirish kim uchun foydali
Aslida, barcha haydovchilarga. Chunki turli xil kutilmagan vaziyatlarda bu pulni tejashga yordam beradi. Axir, kompensatsiya to‘lash yoki avtomobilingizni ta'mirlash uchun yillik sug‘urta narxidan bir necha baravar ko‘p pul ketishi mumkin. Kasko polisi, ayniqsa, kichik yo‘l-transport hodisalariga tez-tez duch keladigan yangi haydovchilar uchun, shuningdek qimmat avtomobil egalari uchun foydali bo‘lishi mumkin, chunki TVEJMS to‘lovlari chegarasi ta'mirlash uchun etarli bo‘lmasligi mumkin.
OSAGO va kasko polislarining narxi qancha
TVEJMS polisini rasmiylashtirish qiymati o‘zgarmas va davlat tomonidan belgilanadi . U quyidagilarga bog‘liq:
- bazaviy stavkaning foiz koeffitsienti;
- avtomobil ro‘yxatdan o‘tgan mintaqa;
- polis turi — bu haydash mumkin bo‘lgan haydovchilar soni cheklangan yoki cheklovlarsiz (VIP polislar deb ataladigan) bo‘lishi mumkin ;
- polis egasi yoki unga kiritilgan shaxslar avval YTHga uchragan-uchramaganligi;
Biroq haydovchining tajribasi ham, yoshi ham miqdorga ta'sir qilmaydi.
Yengil avtomobillar uchun bazaviy stavka koeffitsienti maksimal sug‘urta miqdorining 0,1% ni tashkil qiladi. Miqdor 40 million so‘m bo‘lganligi sababli, u mos ravishda 40 ming so‘mni tashkil etadi. Shuningdek, Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun ham oshuvchi koeffitsient mavjud bo‘lib, u 1,4 ga teng. Cheksiz miqdordagi shaxslar kiritilishi mumkin bo‘lgan polis koeffitsienti 3 ni tashkil qiladi. Shuningdek, avvalgi polis amal qilish davrida sug‘urta hodisasi bo‘lgan haydovchilar uchun qo‘shimcha koeffitsientlar belgilanadi: 2 — bitta holat uchun, 2,5 — ikkita va 3 — uch yoki undan ko‘p holatlar uchun.
Nafaqaxo‘rlar, nogironlar va boshqa ba'zi fuqarolar OSAGO polisini 50% chegirma bilan rasmiylashtirishlari mumkin— ular majburiy sug‘urta to‘g‘risidagi qonunda ko‘rsatilgan.
Misol
Yunusning avtomobili Toshkent viloyatida ro‘yxatga olingan. Akasidan tashqari, oilada hech kim mashina haydamaydi, shuning uchun unga cheksiz miqdordagi haydovchilar bilan sug‘urta kerak emas, chunki uning akasi polisga yaqin qarindosh sifatida kiritilishi mumkin. Shuning uchun sug‘urta unga 40 000 × 1,4 (mintaqa uchun koeffitsient) = 56 ming so‘mga tushadi. Oldingi TVEJMS polisining amal qilish muddati davomida uning sug‘urta hodisalari bo‘lmaganligi sababli, oshuvchi koeffitsient qo‘llanilmaydi. Agar ular bo‘lgan taqdirda, bu miqdor sug‘urta hodisalari soniga qarab 2, 2,5 yoki 3 ga ko‘paytirilishi kerak bo‘lar edi.
Kasko polisining narxi sug‘urta kompaniyalari tomonidan belgilanadi. Bu avtomobilning bozor qiymatiga bog‘liq. Odatda, bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha zararni qoplaydigan kengaytirilgan yillik sug‘urta avtomobil bozorda baholanadigan summaning taxminan 1,5-2,5 foizini tashkil qiladi.
Bundan tashqari, sug‘urta kompaniyasi ilgari undan kasko polisini sotib olgan, oxirgi yil yoki undan ko‘proq vaqt davomida sug‘urta to‘lovlariga murojaat qilmagan, bir vaqtning o‘zida bir nechta, masalan, nafaqat avtomobil, balki boshqa mulk uchun ham, sug‘urtalarni rasmiylashtirayotgan va hokazo haydovchiga chegirma berishi mumkin. Aksariyat kompaniyalarning saytlarida kalkulyatorlar mavjud bo‘lib, ularda mashinaning markasi va modeli, komplektatsiyasi, ishlab chiqarilgan yilini kiritishingiz va sug‘urtaning taxminiy narxini hisoblashingiz mumkin.
Misol
Yunusning mashinasi taxminan 75 million so‘mga baholanadi. U buni sug‘urta kompaniyasining saytiga ma'lumotlarni kiritish orqali aniqladi. Yillik polisning narxi ushbu summaning 1,49% ni tashkil qiladi. Shunday qilib, u taxminan 1 117 500 so‘m to‘laydi.
Kasko va OSAGO polisini qayerda va qanday rasmiylashtirish kerak
Buni bitta sug‘urta kompaniyasining o‘zida amalga oshirish mumkin. Amaldagi litsenziyaga ega kompaniyalar roʻyxati Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi saytida mavjud. Bundan tashqari, TVEJMS bo‘yicha to‘lovlarni kafolatlash jamg‘armasi saytida TVEJMS polisi bilan ishlaydigan kompaniyalar va O‘zbekistonning turli shaharlarida joylashgan filliallari ro‘yxati bilan tanishish mumkin.
OSAGO shartnomasini tuzish uchun standart hujjatlar to‘plami kerak bo‘ladi:
- polis egasining pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat;
- avtomobilning texnik pasporti yoki ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma;
- cheklangan miqdordagi haydovchilar bilan sug‘urta polisini rasmiylashtirganda — ularning haydovchilik guvohnomalari va avtomobil egasi bilan qarindoshligini tasdiqlovchi hujjatlar;
Agar chegirma olish huquqiga ega bo‘lsangiz, buni tasdiqlovchi hujjatlar kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, avtomobil haydashga ruxsat beriladigan va so‘nggi besh yil ichida TVEFJMS shartnomalari tuzilgan har bir kishi bo‘yicha sug‘urta to‘g‘risidagi ma'lumotlarini taqdim etishingiz kerak bo'ladi. Ba'zi ma'lumotlarni sug‘urta kompaniyasi yagona ma'lumotlar bazasidan olishi va shuning uchun hujjatlar ro‘yxati qisqarishi mumkin.
Kasko polisini rasmiylashtirish uchun ro‘yxat shunga o‘xshash, xususiyatlari ma'lum bir kompaniyaning talablariga qarab farq qilishi mumkin.
Polislarni onlayn tarzda rasmiylashtirish va to‘lash mumkinmi
Ha, bu imkoniyat ko‘plab kompaniyalar tomonidan taqdim etiladi. Elektron polis qog‘oz polisiga teng. Ammo haydovchi o‘z xohishiga ko‘ra uni chop etishi mumkin.
Xulosa
- OSAGO (TVEJMS) va kasko — bu ikki xil avtosug‘urta turi. Agar birinchisi haydovchining javobgarligini sug‘urta qilsa, ikkinchisi uning mulkini, ya'ni avtomobilning o‘zini sug‘urta qiladi.
- Haydovchi OSAGO polisisiz mashinani hayday olmaydi. Kasko ixtiyoriy rasmiylashtiriladi.
- OSAGO polislarining narxi davlat tomonidan belgilanadi. Kasko narxini sug‘urta kompaniyalari o‘zlari belgilaydilar. U avtomobilning bozor qiymatiga bog‘liq bo‘lib, sug‘urtalovchi qaysi holatlar sug‘urta bilan qoplanishini ham belgilashi mumkin.
- Haydovchining aybi bilan baxtsiz hodisa yuz berganda, OSAGO bo‘yicha kompensatsiyani faqat jabrlanuvchi oladi. Agar baxtsiz hodisaning aybdori kasko polisiga ega bo‘lsa, u o‘z avtomobiliga yetkazilgan zararni qoplashga ham umid qilishi mumkin,
- Kasko nafaqat YTH sodir bo‘lganda, balki avtomobilga zarar yetkazadigan boshqa holatlarda ham amal qiladi — mayda qirilishdan tortib o‘g‘irlik yoki tabiiy ofatgacha.
- Avtomobilni ixtiyoriy sug‘urtalash polisini e'tiborsiz qoldirmang — bu ko‘p muammolardan xalos qiladi va pulingizni tejashga yordam beradi.
Izoh qo‘shish