bosh sahifa / Xavfsizlik / Firibgarlar bank kartalaridan pulni qanday qilib o'g'irlashadi: 5 ta keng tarqalgan sxema va himoya usullari
Как мошенники воруют деньги с банковских карт: 5 распространённых схем и методы защиты

Firibgarlar bank kartalaridan pulni qanday qilib o'g'irlashadi: 5 ta keng tarqalgan sxema va himoya usullari

Firibgarlar boshqa birovning bank kartasidan pulni o'g'irlashning ayyorona usullarini o’ylab topishadi. Ammo ulardan ko'ra ayyorroq va aqlliroq bo'lish mumkin — va bu qiyin emas. Firibgarlarning beshta keng tarqalgan hiyla-nayranglari, ularning sxemalarining xavfli tomonlari va qanday qilib tuzoqqa tushib qolmaslik haqida ma’lumot beramiz.

№ 1 xavf: kartangiz ma'lumotlarini bo'lishish

Vaziyat. Otabek keraksiz narsalarni onlayn e'lonlar taxtasi orqali sotishga qaror qildi. Telegram orqali u bilan taklif ma'qul kelgan "potentsial xaridor" bog'landi — u hatto savdolashmadi. "Xaridor" sotib olish uchun pul o'tkazishga barcha karta ma'lumotlarini so'radi — raqam, ism, amal qilish muddati va maxfiy kod (CVV/CVC yoki kartani haqiqiyligini tekshirish kodi).

Karta egasining ismini, amal qilish muddatini va CVV / CVC kodini hech kimga aytmang

Aslida nima bo'lyapti. "Xaridor" pul o'tkazish uchun juda ko'p ma'lumot so'rayapti — u xaridor emas, u firibgar.

Bunday vaziyatda firibgarlarga kartadan barcha pullarni o'g'irlash qiyin bo'ladi (ko'pincha buning uchun ular pul o'tkazmasini tasdiqlovchi SMS-kodni so'rashadi). Ammo bu ma'lumotlar — raqam, ism, amal qilish muddati va maxfiy kod — masalan, sizning hisobingizdan ba'zi saytlarda onlayn xaridlarni amalga poshirish uchun yetarli bo'ladi.

Qanday qilib oldini olish mumkin. Sizga pul o'tkazishlari uchun karta raqami yetarli bo'ladi. Yoki raqamsiz ham o'tkazish mumkin — bank kartasi bog'langan telefon raqamiga pul o'tkazish orqali. Kartaning kengaytirilgan ma'lumotlarini hech kimga aytmang — bu ma'lumot faqat sizga ma'lum bo'lishi kerak.

Agar kimgadir kartangiz ma'lumotlarini bergan bo'lsangiz va firibgarlarga duch kelganingizni tushunsangiz, vaziyatni tuzatishga ulgirish mumkin. Buning uchun kartangizni bloklashingiz kerak — aloqa markaziga qo'ng'iroq qilish orqali yoki mustaqil ravishda. Ikkinchi usul tezroq va qulayroq: "Kapitalbank" va "Uzum Bank" mobil ilovalarida buning uchun "kartani bloklash" deb nomlangan maxsus funksiya mavjud.

№ 2 xavf: SMS xabardagi bank kodini aytish

Vaziyat. Ijtimoiy tarmoqlarda Otabek ziyoratchilarga Umra ziyoratini o'tkazishda yordam beradigan odam bilan aloqa o'rnatdi. Qahramonimizning suhbatdoshi barcha tashkiliy ishlarni o'z zimmasiga olishga va'da berdi: viza, chiptalar, hamrohlik va boshqalar. Otabek faqat karta ma'lumotlarini va unga SMS orqali keladigan kodni aytishi kerak — shu tariqa bizning qahramonimiz xizmatlar uchun pul to'laydi va unga guruhda joy olishi kafolatlanadi.

Aslida nima bo'lyapti. Firibgar bank kartasini va undagi pulni qo'lga kiritishga harakat qilmoqda. Karta haqida to'liq ma'lumot berish xavfli, ammo xabardagi raqamlarni kimgadir aytish yanada xavfliroqdir. Ushbu ma'lumotlarni olgandan so'ng, firibgarlar kartadan pulni o'g'irlashlari mumkin.

Bankdan kelgan SMS-kod faqat karta egasiga mo'ljallangan.

Qanday qilib oldini olish mumkin. To'lovlarni va boshqa bank operatsiyalarini tasdiqlash uchun SMS-xabar orqali kelgan raqamlarni hech kimga aytmang. Ushbu ma'lumot faqat karta egasiga zarur, u har qanday holatda ham maxfiy qolishi kerak — mahsulotlarni sotib olayotganda, o'z narsalarini sotishda, yetkazib berishni rasmiylashtirishda, xizmatlar uchun to'lovni amalga oshirishda.

Aynan Umra safariga kelsak, sizni kichik hajga yuborishga va'da bergan shubhali shaxslarga va tasdiqlanmagan agentliklarga ishonmang. Avgust oyida O'zbekiston hukumati yangi qaror qabul qildi: hujjatga ko'ra, mamlakatdagi mahalliy turoperatorlar Saudiya Arabistoniga ziyoratchilarning sayohatlarini tashkil etish uchun maxsus litsenziyaga ega bo'lishi kerak.

Umra ziyoratini o'tkazish uchun pul yig'ish bilan bog'liq firibgarliklar O'zbekistondagi kiber jinoyatlarning 4 %ni tashkil etadi — bu haqda yil boshida O'zbekiston ichki ishlar vazirligining kiberxavfsizlik markazi vakili Saidkamol Sodiqov ma'lum qildi. Firibgarlar nafaqat bank kartasi ma'lumotlarini so'rashlari, balki oddiyroq yo'l tutishlari ham mumkin: xizmat uchun pul olish va aloqani to'xtatish. Bunday holatlardan biri 2023 yilning bahorida sodir bo'lgan: 27 yoshli yigit 47 kishini Umraga jo'natishga va'da bergan, shu bahona bilan suhbatdoshidan 50 ming AQSh dollaridan ortiq pul undirgan va qochib ketgan.

№ 3 xavf: soxta havolalar orqali o'tish

Vaziyat. Otabekga Telegramda xabar keldi: u lotereyada yutibdi! Yutuq — 400 ming so'm. Bu miqdor unchalik ham ko'p emas, shu sababli haqiqatga o'xshaydi. Sovrinni olish uchun faqatgina xabardagi havola orqali o'tish va tez orada pul tushadigan karta ma'lumotlarini kiritish kifoya. Havoladagi saytda hech narsa shubha tug'dirmaydi: lotereya logotipi, yutuq sharafiga tabriklar bilan xabar, ma'lumotlarni kiritish uchun qulay maydon.

Aslida nima bo'lyapti. Otabek soxta (qalbaki) havola orqali o'tdi. U lotereyada yutmadi, bu shunchaki firibgarlarning hiylasi. Shaxs kiritadigan karta ma'lumotlari — raqam, amal qilish muddati, maxfiy kod, ehtimol, kod va SMS ham — kartadan pulni o'g'irlashi mumkin bo'lgan firibgarlar qo'lida soxta sayt orqali paydo bo'ladi.

Xabarlardagi oson foyda va'dasi sizni ogoh bo'lishga undashi kerak — bunday havolalar orqali o'tmang.

 

Qanday qilib oldini olish mumkin. Ular nima va'da qilishidan qat'iy nazar shubhali havolalar orqali o'tmang: moddiy yordam, foydali ish, pul mukofoti, yoqimli shartlarda kredit olish.Shuningdek, bunday saytlarda karta ma'lumotlarini qoldirmang. Agar shunga qaramay, bunday vaziyat sodir bo'lsa, firibgarlardan oldinroq harakat qilishingiz va kartangizni iloji boricha tezroq ilovada bloklashingiz kerak.

№ 4 xavf: egizak saytlarga o'tish

Vaziyat. Otabek internetda turmush o'rtog'i uchun sovg'a topdi va uni sotib olmoqchi. Narx juda yaxshi va bizning qahramonimizga onlayn-do'kon ham tanish. Faqat bu safar do'kon sayti biroz boshqacha: magazin.uz'ni o'rniga magazin00.uz. Ammo hammasi odatdagidek: do'kon sahifalarining dizayni bir xil va magazin00.uz'da hatto narxlar chegirma bilan. Faqatgina buyurtmaga to'lov qilish qoldi — barcha karta ma'lumotlarini va bankdan SMS-xabarni kiritish va yetkazib berishni kutish.

Aslida nima bo'lyapti. Otabek yana soxta klon-saytiga kirdi. Bu safar firibgarlik alomatini ko'rish qiyinroq, chunki onlayn-do'kon haqiqiyga juda o'xshaydi. Ammo agar siz unga karta ma'lumotlarini kiritsangiz, firibgarlar ma'lumotlarni qo'lga kiritishadi

Egizak saytlar nafaqat onlayn-do'konlar, balki boshqa xizmatlar: moliyaviy onlayn-birjalar, banklar va boshqalar kabidek qilib o'zini ko'rsatishi mumkin. Ularga havolalarni internetda ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham topish mumkin — firibgarlar foyda va'da qilib ularni guruhlarga joylashtirishi yoki shaxsiy xabarlarga yuborishi mumkin.

Xarid uchun to'lovni amalga oshirishdan oldin do'kon yoki xizmatning URL manzilini tekshiring.

Qanday qilib oldini olish mumkin. Do'kon yoki saytning internet-manzilini tekshiring: unda to'g'ri manzilga qo'shilgan g'alati harflar, raqamlar va belgilar mavjudmi. Agar foyda haqidagi va'da bilan klon-saytga havola Telegram yoki elektron pochta orqali kelgan bo'lsa, alohida e'tibor qaratish lozim. Avvalgi misolda bo'lgani kabi — karta ma'lumotlarini bunday shubhali saytlarda qoldirmang.

№ 5 xavf: “bank xavfsizligi xizmati”dan firibgarlar

Vaziyat. Otabekga noma'lum shaxs qo'ng'iroq qilib, o'zini Otabek foydalanadigan bank xodimi deb tanishtirdi. Uning pullari xavf ostida ekanligini va kimdir hisobdan pul yechishga harakat qilayotganini ma'lum qildi. Ammo hammasi nazorat ostida deb ishontirdi: jamg'armalarni himoya qilish uchun Otabek faqat karta ma'lumotlarini va xabardagi kodni aytishi kerak.

Aslida nima bo'lyapti. Firibgarlar yana qahramonimizning karta ma'lumotlarini bilib olishga va hisobdan pul yechishga harakat qilishyapti. Odatda ular psixologik bosim o'tkazadilar: ular hamma narsani tezda bajarish va zudlik bilan ma'lumot berish kerakligini aytadilar. Shunday qilib, ular hayajonli qo'ng'iroq orqali suhbatdoshga vaziyatni baholash va hiyla-nayrangni  sezishga imkoniyat bermaydilar.

Bank xodimiga sizning kartangiz haqida ma'lumot kerak emas — u suhbat va yordam uchun kerak bo'lgan barcha ma'lumotga ega

Qanday qilib oldini olish mumkin. Telefon suhbatida shaxsiy ma'lumotlarni bermang. Ilovada shaxsiy kabinetingizga kirish uchun Login va parol, SMS-kod yoki maxfiy karta kodini aytmang. Bankning haqiqiy xodimlari sizga qo'ng'iroq qilishlari mumkin — ammo ular bu ma'lumotlarni so'ramaydilar.

Bank kartalari bilan bog'liq firibgarlik holatlarining 17 % aynan shunday qo'ng'iroqlarga to'g'ri keladi — go'yo banklar, kredit va moliya tashkilotlari xodimlaridan. 34% firibgarlar biz uchinchi misolda yozilgan soxta havolalar orqali shaxsning puliga egalik qilishadi. Yana 14% hollarda kartaning raqami va maxfiy kodi elektron savdo maydonchalari orqali oshkor bo'ladi.

Xavfsizligingiz uchun asosiy qoidalar: qisqacha

Quyida — pulni kartada saqlashga yordam beradigan asosiy qoidalar keltirilgan.

  • Bank kartasi ma'lumotlarini bo'lishmaslik: karta egasining ismi, amal qilish muddati, maxfiy kod.
  • Bankdan SMS-xabardan raqamlarni hech kimga aytmaslik.
  • Telegramdagi, boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi, pochta xabarlaridagi shubhali oson foyda va'da qiladigan va karta ma'lumotlarini kiritish kerak bo'lgan havolalar orqali o'tmaslik.
  • Xarid amalga oshirilayotgan saytlarning haqiqiyligini tekshirish.
  • Bank va boshqa tashkilotlar xodimlari deb o'zini tanishtiradigan va shaxsiy ma'lumotlaringizni so'raydigan firibgarlar bilan muloqot qilmaslik.

Agar ma'lumotlar boshqa odamlarga ma'lum bo'lsa, kartani bloklang — ular sizning hisobingizdan pul yechib olmasliklari uchun firibgarlardan tezroq harakat qiling.