
Qozonni qanday tanlash kerak: material, shakl va boshqa nyuanslar
Bizning asrimizda, idishlarni tanlayotgan uy bekalari ko‘pincha ularning qulayligiga, ya’ni oila uchun kechki ovqatni oson va tez tayyorlashga yordam berishiga ahamiyat beradilar. Ammo siz uchun taom shunchaki yemak emas, ijodiy jarayon bo‘lsa va siz nafaqat ovqatlantirishni, balki yaqinlaringizni xursand qilishni istasangiz, qozon oshxonangizda, albatta, bo‘lishi shart. Bu maqolada eng yaxshi qozonni qanday tanlash kerakligini aytib beramiz.
Nima uchun qozon boshqa idishlardan yaxshiroq
Qozonni necha yil avval va kim ixtiro qilganini aytish qiyin, biroq haqiqat shuki, ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lgan Osiyo quyma metall qozoni bugungi kungacha dolzarb bo‘lib qolmoqda. Va nafaqat u paydo bo‘lib, an'anaviy palov, lag‘mon va sho‘rvalar tayyorlanadigan Sharqiy va Osiyo mamlakatlarida, balki olmali o‘rdak yoki qovurdoq tayyorlash uchun keng urf bo‘lgan Yevropada ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Lekin nima uchun? Bugungi kunda turli xil funksiyalarga ega oshxona anjomlari tanlovi juda katta! Chunki, qanchalik hayratlanarli tuyulmasin, shubhasiz, qozonning boshqa idishlarga nisbatan afzalliklari bor. Ular orasida:
- Maxsus material, shakl va mahkam o‘rnashadigan qopqog‘i qozon ichida noyob muhit yaratadi — o‘ziga xos “nafas oladigan vakuum”, unda don, sabzavot yoki go‘sht bo‘lsin, mahsulotlar shakli, ta'mi va foydali xususiyatlarini yo‘qotmaydi, aksincha, ularning salohiyatini maksimal darajada ochib beradi. Ayniqsa, go‘sht, qayla va ziravorlarning. Qozonda tayyorlangan taomlar doimo xushbo‘y va mazali bo‘ladi.
- Bir tekis taqsimlangan harorat va qozonning ichki atmosferasi ta'minlaydigan kerakli bosim darajasi mahsulotlarga yumshoq va bir xil ta'sir qiladi, bu nafaqat aralashtirmasdan pishirishga, balki taomning pastki qismi va devorlarida kuyishning oldini oladi.
- Vaqt o‘tishi bilan qozon nafaqat eskirmaydi, balki, aksincha, alohida ahamiyatga ega bo‘ladi — devorlari tayyorlangan taomlarning xushbo‘y hidiga to‘yinib, yangilariga o‘zgacha ta'm qo‘shadi.
Eng yaxshi qozonni qanday tanlash kerak? Birinchidan, sizga qanday qozon kerakligini aniqlashingiz kerak: kattasimi — oila va do‘stlarga taomlar pishirish uchun; ko‘cha qozonimi — dachadagi hayotni qiziqarliroq qilish uchun; yengilimi— chunki siz sayohat qilishni yaxshi ko‘rasiz va uni o‘zingiz bilan olib ketishni istaysiz? Bularning barchasi muhim.
Qozon turlari
Ko‘cha qozoni
Bu turdagi qozon xususiy uy egalari yoki dachada dam olishni yaxshi ko‘radiganlar uchun mos keladi. Hajmi 12-20 litr bo‘lgan katta qozonni oshxona gaz plitasiga qo‘yib bo‘lmaydi, lekin u mangal yoki gulxanda palov, sho‘rva yoki xash pishirib, katta oilani yoki quvnoq davrani mazali ovqatlantirish vazifasini a'lo darajada bajara oladi. Shuning uchun katta, yaxshi qozonni erkaklar uchun sovg‘a sifatida tanlash ham mumkin.
Uy qozoni
Uy uchun qozon tanlayotganda, birinchi navbatda, uning pastki qismi qanday ekanligini hisobga olish kerak. Qozonni plita yoki duxovkaga qo‘yish uchun u tekis bo‘lishi kerak. Shuningdek, ichki qismi yarim shar shaklida bo‘lishi mumkinligiga e'tibor bering — oshpazlar qozonning bunday shaklini juda yaxshi ko‘radilar, chunki u o‘zida barqarorlik va ideal issiqlikni taqsimlash chizig‘ini birlashtiradi. Uy uchun eng yaxshi qozonni tanlashni istasangiz, uning hajmini hisobga olish kerak: u 12 litrdan oshmasligi lozim.
Sayohatlar uchun qozon
Tabiatda piknik, ko‘p kunlik sayohat uyushtirish — qozon kerak bo‘ladigan holatlardan biri. Shuningdek, ba'zi sayohtchilar uni eng zarur buyum deb hisoblaydilar, chunki ko‘p kilometrlarni piyoda bosib o‘tgandan so‘ng, mazali palovga nima yetsin! Bunday qozon uchun eng zarur sifat xususiyati aniq — yengillik, chunki uni doimo o‘zingiz bilan olib yurishingiz kerak bo‘ladi. Shuning uchun, maqsadingiz sayohat uchun eng yaxshi qozonni tanlash bo‘lsa, alyuminiy modellarga e'tibor berishni tavsiya etamiz. Aytgancha, alyuminiydan tayyorlangan qozonlarning narxi ancha arzon va ulardan foydalanish hamda parvarishlash osonroq — bu sifat ham turistlar uchun juda muhim.
Qozon materiallari
Material — eng yaxshi qozonni tanlashda e'tiborga olinishi kerak bo‘lgan muhim xususiyatlardan biri.
Material | Afzalliklari | Kamchiliklari |
Cho‘yan
|
1. Bir me'yorda pishiradi.
2.Uzoq vaqt davomida yuqori haroratni saqlab turadii. 3. Eskirmaydi, aksincha, tayyorlangan taomlarning xushbo‘y hidi bilan to‘yinib, yillar davomida alohida ahamiyatga ega bo‘ladi. |
1. Og‘ir vazn.
2. Parvarishlash qiyin. 3. Saqlash uchun maxsus sharoitlar talab qilinadi. |
Aluminiy
|
1. Yengil.
2. Parvarishlash oson. 3. Arzon narx. |
1. Tez qiziydi va soviydi, ya'ni haroratni yaxshi saqlamaydi.
2. Oksidlanishga moyil. 3. Vaqt o‘tgach deformatsiyalanishi mumkin. |
Po‘lat
|
1. Kuyishga qarshi qoplama tufayli mahsulotlar kuymaydi.
2. Material zamonaviy uy bekalariga tanish. 3. Parvarishlash oson. |
1. Og‘ir vazn.
2. Kuyishga qarshi qoplama vaqt o‘tgach yorilishi mumkin. 3. Alyuminiydan uzoqroq, ammo cho‘yandan tezroq soviydi |
Mis
|
1. Cho‘yandan oldin qozonlar tayyorlangan material, shuning uchun ba'zi palov turlari faqat unda pishiriladi.
2. Estetik, chiroyli ko‘rinish. |
1. Material korroziyaga (zanglashga) moyil.
2. Haroratni uzoq saqlamaydi. 3. Parvarishlash qiyin. Bu qozon har bir taom tayyorlagandan so‘ng yaxshilab yuvilishi kerak. |
Oliy toifa oshxonasi nuqtai nazaridan, qozon uchun eng yaxshi material, albatta, cho‘yandir. Biroq, eng yaxshi cho‘yan qozonlarni parvarish qilish va saqlashning ba'zi qoidalariga rioya qilish kerak:
- Qozonni faqat yumshoq gubka yoki latta bilan, kuchli kimyoviy moddalar va tozalash vositalaridan foydalanmasdan yuvish mumkin.
- Unda ovqat saqlash mumkin emas: cho‘yan taomning barcha hidlarini o‘zlashtirib oladi.
- Taom tayyorlagandan so‘ng, cho‘yan qozon nafaqat ehtiyotkorlik bilan yuvilishi va quritilishi kerak, balki o‘simlik yog‘ining yupqa qatlami bilan yog‘lanishi kerak — va shundan keyingina joyiga olib qo‘yilishi mumkin.
Shakli, qopqog‘i, qalinligi
Eng yaxshi qozonni tanlash uchun e'tiborga olish kerak bo‘lgan boshqa parametrlar ham bor.
Shakl. U turli xil bo‘lishi mumkin, ammo mutaxassislar qozon uchun yarim shar ideal ekanligini ta'kidlaydilar. Bunday shakl devorlarning bir xil isitilishini va taomning bir tekis pishirilishini ta'minlaydi. Agar ichi yarim shar shaklidagi qozonning tagi tekis bo‘lsa, yanada yaxshi bo‘ladi, bu barqarorlikni ta'minlaydi va imkoniyatlarni kengaytiradi.
Qopqoq. Har xil turlari bor: alyuminiy, shisha va ba'zan hatto tova shaklida. Ammo eng yaxshi qozonni tanlamoqchi bo‘lsangiz, devorlarga mahkam o‘rnashadigan qopqoqqa e'tibor bering. Bu pishirish jarayonida muhim rol o‘ynaydigan va zarur bo‘lgan “nafas oluvchi vakuum”ni yaratadi.
Devorlarning qalinligi. Bu parametrga kelsak, hammasi oddiy: qozon devori qanchalik qalin bo‘lsa, shuncha yaxshi. Albatta, bu idishni og‘irlashtiradi va pishirish jarayonini biroz sekinlashtiradi. Ammo qozonda taom tayyorlash shunchaki ermak emas, balki haqiqiy marosim ekanligini esda tutamiz. Shuning uchun, eng yaxshi qozonni tanlashda shoshilmaslik lozim.
Izoh qo‘shish