
Chet eldan olib kelingan tovarlar uchun bojxona to'lovlari: 2024 yildagi miqdori va to'lash usullari
Xorijdan sotib olingan tovarlar uchun bojxona to'lovlarini nafaqat tadbirkorlar to'lashlari kerak. Ba'zi hollarda xorijiy onlayn-do'konlardan xaridlarni amalga oshirganda yoki chet el safarlaridan qaytganda, tovarlarni olib kelgan oddiy fuqarolar ham to‘lovlar qilishi kerak bo‘ladi.
Bojxona to'lovi o‘zi nima
Bu tovarlarni chegaradan olib o'tayotganda bojxona organlari tomonidan olinadigan to'lovdir. Bojlar quyidagicha ya'ni chiquvchi (eksportda), tranzit, kiruvchi (importda) bo'lishi mumkin. Boshqa davlatlardagi kabi O‘zbekistonda ham fuqarolar o‘zlari sotib olgan tovarlarni bojsiz olib kirish qoidalari mavjud. Agar olib kirish chegarasidan oshib ketsangiz, import bojini to'lashingiz kerak. Bundan tashqari, bojsiz olib kirish qoidalari qo'llanilmaydigan bir qator tovarlar ham mavjud.
O'zbekiston bojxona qonunchiligi va tovarlarni bojsiz olib kirish normalari
O‘z ehtiyojlari uchun tovarlarni bojsiz olib kirishning amaldagi normalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2018-yildagi “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3512-son qarorida belgilangan.
Ularga muvofiq, respublikaga olib kiriladigan, bojxona to‘lovlariga tortilmaydigan tovarlarning chegaralangan normalari mavjud:
- 2 000 (ikki ming) AQSh dollari - O‘zbekiston Respublikasining xalqaro aeroportlari bojxona chegaralari orqali olib o‘tishda;
- 1 000 (bir ming) AQSh dollari - O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegaralarining temir yo‘l va daryo bojxona chegaralari o‘tish punktlari orqali olib o‘tishda;
- 300 (uch yuz) AQSh dollari - O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegaralarining avtoyo‘l (piyoda) bojxona chegaralari o‘tish punktlari orqali olib o‘tishda;
- 100 (yuz) AQSh dollari - xalqaro pochta jo‘natmalari orqali jismoniy shaxslar nomiga kelayotgan tovarlar uchun (xorijiy onlayn-do'konlardan har bir jo‘natma uchun); Bu bitta xarid yoki bir jo‘natmada keladigan bir nechta xaridlar bo'lishi mumkin. Bundan tashqari, bir kalendar chorak ichida (1 yanvardan 31 martgacha, 1 apreldan 30 iyungacha, 1 iyuldan 30 sentabrgacha va 1 oktabrdan 31 dekabrgacha) bunday xaridlarning maksimal umumiy summasi 1000 AQSh dollaridan oshmasligi kerak.
Agar ushbu chegaralar oshib ketgan bo'lsa, bojxona to'lovlari to'lanishi kerak.
2024 yil boshida ommaviy axborot vositalarida bojsiz import chegarasi tushirilishi mumkinligi haqida ma'lumot paydo bo'ldi. Biroq, bu bo'yicha hali hech qanday qaror qabul qilinmagan.
"O'z ehtiyojlari uchun tovarlar" nima?
Bu tovarlarni odamlar sotish uchun emas, balki o‘zlari va oila a'zolari uchun sotib oladilar. Ya'ni notijorat maqsadlar uchun hisoblanadi. Qonunchilikda tovarning qancha miqdori o'z ehtiyojlariga to'g'ri kelishi va qaysi birini bojxona sotish uchun olib kirilgan deb hisoblashi mumkinligi aniq yozilmagan.
Xalqaro yuklarni yetkazib berish bilan shug'ullanadigan transport kompaniyalari bir martada bir xil turdagi 2-3 dan ortiq tovarlarni, masalan, futbolkalar, krossovkalar, sumkalar va boshqalarni buyurtma qilmaslikni maslahat beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 155-moddasida quyidagilarni hisobga olish ko‘rsatilgan:
- tovarlar miqdori, birinchi navbatda bir xil turdagi tovarlar, jami miqdori shaxsning o‘zi va uning oila a'zolarining ularga bo'lgan ehtiyojidan ortiq bo'lgan tovarlar;
- tovarlarni chegaradan olib o'tish aylanmasi - ya'ni bir shaxs bir xil turdagi tovarlarni qayta-qayta olib kirayotgan yoki sotib olayotgan bo‘lsa, bojxona bu shaxs shu tovarlar savdosi bilan shug‘ullanayapti, deb qaror qilishi mumkin;
- tovarni shaxsan olib kirishda - safar sharoitlari, shu jumladan uning maqsadi va davomiyligi.
Shuning uchun, shaxsiy foydalanish uchun tovarlarga buyurtma berishda siz sog'lom fikrni qo'llashingiz kerak.
Misol uchun
Agar uch o‘g‘ilning otasi chet el internet-do‘konida farzandlariga sovg‘a qilish uchun har biri 10 dollardan 3 ta bir xil yoki shunga o‘xshash o‘yinchoq mashina sotib olsa, juda kam holatlarda bunday jo‘natmalarni tijorat jo‘natmasi sifatida ko‘riladi. Lekin agar u ko'plab jiyanlariga sovg'a sifatida ushbu mashinalardan 10 tasini sotib olsa, bojxona uni o'yinchoq bilan savdo qilishni rejalashtiryapti, deb hisoblashi mumkin. Ya'ni, ular endi shaxsiy ehtiyojlaringiz uchun olingan tovarlar hisoblanmaydi va siz tijorat yuklari uchun boj to'lashingiz kerak bo'ladi.
Qanday nyuanslar va istisnolar mavjud?
Fuqarolar o'zlari va oilalari uchun sotib oladigan ayrim tovarlar uchun miqdoriy cheklovlar mavjud.
Masalan, bir vaqtda ko‘pi bilan 10 quti tamaki mahsulotlarini, uch shishadan ko‘p bo‘lmagan parfyumeriya va boshqa turdagi parfyumeriya mahsulotlarini hamda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarining umumiy og‘irligi 65 gramdan oshmagan taqdirda, ularni boj to‘lovlarisiz olib kirishga ruxsat etiladi. Shu bilan birga, ba'zi mahsulotlar - go'sht, shakar, o'simlik moylari va boshqalar uchun vazn cheklovlari mavjud. Ular haqida PP-3512-sonli Qaror qo'shimchasida batafsilroq sanab o'tilgan.
Mobil telefonlar va uskunalarni olib kirish
Hukumat 2019-yilda telefon uskunalarini, shu jumladan, uyali telefonlar va xorijdan sotib olingan mobil aloqa moduliga ega qurilmalarni olib kirish qoidalarini belgilab berdi. Har safar chegarani kesib o'tganingizda, ikkitadan ko'p bo'lmagan qurilmalarni boj to'lamasdan olib kirishga ruxsat beriladi. Ya'ni, bir nechta qarindoshlar iltimosiga ko'ra, siz 3 ta smartfon sotib olsangiz - to'lovlarni to'lashingiz kerak bo'ladi.
Kompyuter texnikasi, jumladan, planshetlar va noutbuklar, idish-tovoqlar va maishiy texnika - kichik turlari (dazmollar, fenlar, changyutgichlar, elektr go'sht maydalagichlar) va katta turdagilar (televizorlar, kir yuvish mashinalari, muzlatgichlar va boshqalar) importida alohida qoidalar qo'llaniladi.
Hukumatning 2018-yil 22-iyundagi 463-son Qarorida keltirib o‘tilgan 20 turdagi mahsulotlar har 6 oyda bir marta bojsiz va har bir turdagi (yoki bitta idish-tovoq to‘plami) 1 donadan ko'p bo'lmagan miqdorda olib kirish mumkin. Agar shaxs olti oy ichida birinchi marta chegarani kesib o'tsa, u ushbu tovarlarni bojxona to'lovisiz olib kirishi mumkin, ammo bu qoida faqat uning birinchi safariga tegishli bo‘ladi. Agar o‘sha olti oy ichida u chet elga ikkinchi yoki keyingi bor safarga chiqsa va o‘sha ro‘yxatdan biror narsani olib kelmoqchi bo‘lsa, chegaradan birinchi o‘tishda hech qanday tovar olib kelmagan bo‘lsa ham, bojxona to‘lovini to‘lashi kerak bo‘ladi. Bojxona to'lovlarini to'lamaslik uchun nafaqat miqdor chegarasiga, balki yuqorida biz yozgan umumiy qiymat chegarasiga ham rioya qilish muhimdir.
O‘zbekistonga tovarlarni olib kirish qoidalari haqida batafsil ma'lumotni Bojxona qo‘mitasi saytining” “Jismoniy shaxslar uchun” bo‘limida topishingiz mumkin.
Bojxona to'lovining miqdori va uni hisoblash qoidalari
O‘zbekistonda 2020-yildan boshlab o‘z ehtiyojlari uchun tovarlar olib kiruvchi va boj to‘lanmaydigan chegaradan oshib ketgan jismoniy shaxslar uchun boj to‘lashning soddalashtirilgan tartibi amal qiladi.
Agar bunga qadar bojxona, aksiz va qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash zarur bo‘lsa, 2020-yil 1-yanvardan boshlab bularning barchasi yagona bojxona to‘loviga almashtirildi. Bu to‘lov tovarning bojxona qiymatining 30 foizini tashkil qiladi, lekin 1 kg uchun 3 dollardan kam bo'lishi mumkin emas. Shu bilan birga, siz uni faqat bojsiz olib kirish limitidan oshib ketgan qismi uchun to'lashingiz kerak bo‘ladi.
Misol uchun
Bekzod chet el internet do‘konidan rafiqasiga fen, bug‘lash moslamasi va bolalar uchun yana bir nechta o‘yinchoqlar buyurtma qildi. Do'kon xaridlarni bitta jo‘natmada yubordi. Ularning umumiy qiymati 120 dollarni tashkil etdi. Bojxona to'lovi miqdori 6 dollarni tashkil etadi (limitdan oshib ketgan miqdor - 20 dollarning 30 foizi).
Shuningdek, bojxona to‘lovlarini to‘lashning soddalashtirilgan tartibini belgilovchi farmonda o‘z ehtiyojlari uchun sotib olinmaydigan tovarlar ro‘yxati ham keltirilgan. Ular orasida ichki yonuv dvigatellari, markaziy isitish qozonlari, bir qator tibbiy asbob-uskunalar va jihozlar mavjud.
Bojxona to'lovlarini qanday va qayerda to'lash kerak
To'lov bojxona deklaratsiyasi asosida amalga oshiriladi, unda mahsulot ishlab chiqarilgan mamlakat, nomi, narxi va boshqa ma'lumotlari bo‘ladi. Respublikaga xorijdan qaytib kelayotgan va yonida o‘z ehtiyojlari uchun tovarlar olib kelgan shaxslar ularni og‘zaki deklaratsiyalashlari mumkin (Bojxona kodeksining 260-moddasi). Deklaratsiya bojxona xodimi tomonidan to'ldiriladi. Tovatlarning cheklarini saqlab qo‘ygan ma'qul, chunki bojxona xodimlari tovarlar narxlariga shubha qilishlari mumkin. Bojxona yig'imini to'g'ridan-to'g'ri bojxonada - bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundagi kurs bo'yicha so'mda to'lashingiz mumkin. Xorijiy onlayn-do'konlarda xaridlarni amalga oshirayotganda, deklaratsiya uchun ma'lumotlar jo‘natmalarni yetkazib beruvchi transport kompaniyalari yoki ular bilan ishlaydigan brokerlar tomonidan to'planadi.
Jo‘natma chegarani kesib o‘tib, O‘zbekiston bojxonasiga yetib kelganida, agar boj olinmaydigan chegaradan oshib ketgan bo‘lsa, xaridorga bojxona to‘lovi zarurligi to‘g‘risida batafsil yo‘riqnoma va rekvizitlar ko‘rsatilgan bildirishnoma yuboriladi. To‘lovlarni “O‘zbekiston pochtasi” filialida yoki uning mobil ilovasida, shuningdek, mamlakatimizdagi istalgan bankda - kassada ham, onlayn rejimida ham, mobil ilova yoki veb-saytdagi shaxsiy kabinet orqali to‘lashingiz mumkin. To'lov valyuta kursi bo'yicha so'mda amalga oshiriladi.
Ayrim jo‘natmani yetkazib beruvchi transport kompaniyalari xaridor uchun bojxona to'lovlarini amalga oshirishi mumkin. Buning uchun, bildirishnoma olgandan so'ng, kompaniya veb-saytidagi shaxsiy kabinetingizdagi hisobingizni kerakli miqdorda to‘ldirishingiz kerak.
To'lov amalga oshirilgandan so'ng, jo‘natma yetkazib berish uchun yuboriladi.
Xulosa: chet eldan xarid qilishda bojxonani tartibga solish jihatlari
- Chet eldan tovarlar sotib olayotganingizda, bojsiz olib kirish chegarasini yodda tuting va bojxona to'lovlarini to'lamaslik uchun ushbu miqdorlardan oshirmaslikka harakat qiling. Ba'zi mahsulotlarda miqdor cheklovlari ham mavjudligiga e'tiboringizni qarating.
- Agar boj olinmaydigan chegaradan oshib ketgan bo'lsa, siz bojxona to'lovini to‘lashingiz kerak. Tarif tovar bojxona qiymatining 30 foizini tashkil etadi, lekin 1 kg uchun 3 dollardan kam bo'lmasligi kerak. Shu bilan birga, siz uni faqat bojsiz olib kirish limitidan oshib ketgan qismi uchun to'lashingiz kerak.
- Tovarlarni shaxsan olib kirishda to'lov bojxonadan o'tayotganda qilinadi. Agar siz xorijiy onlayn-do'konlarda xaridlar uchun bojxona to'lovlarini to'lashingiz kerak bo'lsa, transport kompaniyasi sizni bu haqda xabardor qiladi va to'lov miqdori va rekvizitlarini taqdim etadi.
Izoh qo‘shish