Bank kartasini olish
Debet yoki kredit kartasini yoki ikkalasini ham bir vaqtning oʻzida olmoqchimisiz? Keyingi qadam — maʻlum bir bank mahsulotini tanlash, ariza berish va olish.
Bank hisobini ochish va boshqarish
Naqd pulsiz toʻlovlardan foydalanganda, biz odatda "karta bilan toʻlash" yoki "kartaga pul oʻtkazish" iboralarini ishlatamiz. Aslida, biz boshqaradigan pul kartada emas, balki unga bogʻlangan bank hisobvaragʻida boʻladi.
Hisoblar har xil boʻladi. Siz foiz evaziga pul qoʻyish uchun bankda depozit hisobvaragʻini; yuridik shaxslar uchun hisoblar; dollar yoki yevrodagi operatsiyalar uchun xorijiy valyuta hisoblarini ochishingiz mumkin. Pulni saqlash va jismoniy shaxslar undan istalgan vaqtda foydalanishi uchun joriy hisob raqamidan foydalaniladi — u kartani roʻyxatdan oʻtkazishda ochiladi. Oʻzaro bogʻliqlik quyidagicha:
- Karta ochmay turib, joriy hisob ochish mumkin. Bunda foydalanuvchi bank filialida hisobini to‘ldirishi va hisobdan pul yechib olishi mumkin.
- Hisob ochmay turib, karta ochishning iloji yo‘q, — hisobsiz karta "jonsiz" plastikday gap.
- Karta va hisob turli raqamlarga ega: karta raqami plastikning ustiga yoziladi, hisob raqamini esa bank shaxsiy kabineti, mobil ilova yoki filialga borib bilish mumkin.
Karta hisobning oʻziga xos kalitidir: uning yordamida siz nafaqat pul oʻtkazishingiz, balki pul yechishingiz ham mumkin. Agar karta yoʻqolgan, bloklangan yoki muddati tugagan boʻlsa, hisobingiz haqida qaygʻurishning hojati yoʻq. Siz hali ham undan foydalanishingiz mumkin: yangi karta olguningizcha, pul oʻtkazmalarini amalga oshirishingiz, bankdagi kassadan naqd pul yechishingiz va aksincha, hisobni to‘ldirishingiz mumkin.
Joriy hisob (u karta hisobi deb ham ataladi) karta chiqarilayotganda avtomatik ravishda ochiladi — qoʻshimcha ravishda uni talab qilishning hojati yoʻq. Shunday ekan, kartani rasmiylashtirish va tanlash masalalariga oʻtamiz.
Kartaga ariza berish tartibi
Siz kartani masofadan turib ham, bank filialida ham rasmiylashtirishingiz mumkin. Moliyaviy-kredit tashkilotlari oʻz veb-saytlarida protsedura, talab qilinadigan hujjatlar va harakatlar haqida batafsil maʻlumot beradi — lekin umuman olganda, protsedura turli banklar uchun oʻxshashdir. Debet kartalarini rasmiylashtirishning asosiy bosqichlarini koʻrib chiqamiz.
Bank filiali orqali
- Oʻzingiz uchun qulay boʻlgan filialga boring.
- Shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatni taqdim eting.
- Tegishli kartani tanlang, uni ochish uchun ariza va bank bilan shartnoma imzolang.
- Kartaning tayyor boʻlishini kuting (ko‘pincha bunga 1-3 ish kuni ketadi) va uni filialdan olib keting/kuryerdan olib qoling yoki iloji boʻlsa, bankka birinchi borishingizdayoq tezkor kartani chiqartiring va bankdan chiqishingiz bilanoq foydalanishni boshlang.
Ilova orqali onlayn-rasmiylashtirish
- Bank ilovasini yuklab oling.
- Telefon raqami orqali roʻyxatdan va verifikatsiyadan oʻting — verifikatsiyasiz bank mahsulotlaridan foydalana olmaysiz. Verifikatsiyadan oʻtish uchun odatda pasport yoki ID karta maʻlumotlarini kiritish kerak. Sizga pasport bilan suratga tushish yoki shaxsiy maʻlumotlar, roʻyxatdan oʻtganlik koʻrsatilgan sahifalarni rasmga olish kerak boʻlishi mumkin. Baʻzida banklar, agar siz hali ularning mijozi boʻlmasangiz, hujjatlar bilan ofisga shaxsan kelishni talab qilishadi.
- Yangi kartalarni ochish boʻlimini toping va kartani "ochish/buyurtma berish" tugmasini bosish orqali ariza yuboring — aniq matn banklarda farq qiladi.
- Virtual karta, agar taqdim etilsa, bir necha daqiqada tayyor boʻladi. Agar sizga jismoniy karta kerak boʻlsa, uni chiqarish uchun oʻrtacha 1-3 ish kuni ketadi.
- Pasport yoki ID kartani taqdim etib, kartani tanlangan bank filialidan olib keting yoki kuryerning yetkazib berishini kuting — baʻzi banklar shunday imkoniyatni taklif qilishadi.
Baʻzi banklar karta uchun arizani rasmiy veb-saytlarida qoldirishni taklif qilishadi. Bu yerda protsedura ariza orqali rasmiylashtirishga oʻxshash boʻlishi mumkin: shaklga telefon raqamingiz va ismingizni kiritishingiz, pasport maʻlumotlarini taqdim etishingiz kerak — operatorga qoʻngʻiroq qilasiz yoki veb-saytga fotosurat yuklaysiz — va kartani filialdan olib ketasiz/kuryer orqali qabul qilasiz. Yoki bank xodimi siz bilan bogʻlanadi, ofisga shaxsan kelishni taklif qiladi yoki boshqa zarur qadamlar haqida aytib beradi.
Kartani olganingizdan so‘ng, terminal, bankomat yoki mobil ilova yordamida unga PIN-kod o'rnating. Shuningdek, uni faollashtirish ham kerak boʻladi — masalan, bankomatga solib, balansni soʻrash, yoki koll-markaziga murojaat qilish — bank xodimi sizga aytadi.
Kredit karta rasmiylashtirishda baʻzi nyuanslar mavjud. Bank bo‘lajak karta egasi toʻlov qobiliyatiga ega ekanligiga ishonch hosil qilishi kerak, shuning uchun bunday karta odatda doimiy daromad va kamida 6 oylik ish stajiga ega mijozlarga beriladi.
Baʻzi banklar ish haqi va bandlik toʻgʻrisidagi ish guvohnomalarini taqdim etish va kartani rasmiylashtirish uchun ofisga shaxsan kelish zarurligi haqida xabar berishadi. Ammo hozirgi kunda bu amaliyot tobora kamroq kuzatilmoqda. Siz onlayn ariza qoldirib, shaxsingizni tasdiqlagan holda kredit karta olishingiz mumkin, bankning oʻzi esa kerakli tekshiruvlarni oʻtkazadi va qaror haqida sizni xabardor qiladi.
“Agar odam qandaydir miqdordagi kredit limitini olmoqchi boʻlsa, bank esa unga kamroq limitni taklif qilsa, bu taklifni rad etmaslik kerak. Ehtimol, foydalanuvchi yetarli kredit tarixiga ega emas yoki uning kredit tarixi unchalik yaxshi emasdir. Agar siz kichik kredit limitidan boshlab, uni oʻz vaqtida qaytarsangiz, biroz vaqt oʻtgach, bank kredit limitini oshirishi mumkin."
Svetlana IglinskayaKarta mahsulotlarini rivojlantirish bo‘yicha direktor, Mastercard kompaniyasi
Bank muassasasi va kartani tanlash mezonlari
Debet kartasini roʻyxatdan oʻtkazishda nafaqat karta boʻyicha tariflar va shartlarni, balki bankning oʻziga xos xususiyatlari — tarixi va ishonchliligini ham baholash kerak. Tashkilot Markaziy Bank litsenziyasiga ega yoki yoʻqligi, bank yangiliklarda paydo boʻlishi-boʻlmasligini tekshiring. Shuningdek, xalqaro agentliklar tomonidan berilgan bank reytinglari bilan tanishish foydalidir — reyting qanchalik yuqori boʻlsa, muammolar va bankrotlik ehtimoli shunchalik kam deb hisoblanadi — va foydalanuvchilarning baholari ham muhim. Agar siz iqtisodiy koʻrsatkichlarni chuqurroq oʻrganib, yirik bankni topmoqchi boʻlsangiz, kapital hajmi, aktivlari, muammoli kreditlar boʻyicha maʻlumotlarni baholang. Bunga Markaziy bank veb-saytidagi “Statistika” — “Bank tizimi faoliyatining koʻrsatkichlari” boʻlimidagi ochiq maʻlumotlar yordam beradi.
Ilovani ochgandan so'ng, sahifadagi bo'limlardan birini tanlang. Masalan, "Muammoli kreditlar to'g'risida ma'lumot" blokida "Ulush" ustunidagi raqamlarni baholang – bankning muammoli kreditlari ulushi qanchalik past bo'lsa, shuncha yaxshi bo'ladi. Aktivlar, kapital va bank kreditlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar esa “Tijorat banklarining asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha ma'lumotlar” bo‘limida alohida joylashgan.
Keyingi qadam — bank qanchalik qulay va sizga mos kelishini baholash.
“Bank tanlashda har bir kishi oʻzi uchun qaysi mezonlar muhimligini baholashi kerak. Zamonaviy auditoriyaning koʻpchiligi uchun asosiy afzallik — bu hamma narsani masofadan va tez bajarish mumkin boʻlgan qulay va funksional mobil ilova. Masalan, siz bir daqiqada kartani ochib, uning raqamli analogidan darhol foydalanishni boshlashingiz va plastikni kuryer yoki kartomat orqali olishingiz mumkin. Shu bilan birga, keksa avlod vakillari koʻpincha gadjetlarni uncha tushunishmaydi va bank boʻlimiga shaxsan borishni afzal koʻrishadi.
Ba'zi mijozlar birinchi navbatda oʻzlariga kerak boʻlgan mahsulotni tanlaydilar, ayniqsa uni hamma banklar ham taklif qilmasa, keyin esa mahsulotni arzonroq, osonroq yoki tezroq olishlari mumkin boʻlgan bankning oʻzini. Masalan — kartalarni oladigan boʻlsak, ular quyidagicha boʻlishi mumkin:
- multivalyuta kartasi;
- kobrend, ya'ni hamkorlardan (aviakompaniya va h.k.) imtiyozlar beruvchi qoʻshma karta;
- muayyan imtiyozlarga ega yuqori darajadagi premium karta;
- formfaktor yoki noyob dizayndagi kartalar.
Umuman olganda, shaxsan o‘zingizda qanday ehtiyojlar borligini va maʻlum bir bank ularni qondiradimi yoki yoʻqligini tushunishingiz kerak."
Svetlana IglinskayaKarta mahsulotlarini rivojlantirish bo‘yicha direktor, Mastercard kompaniyasi
“Shubhasiz, 1-raqamda turuvchi mobil ilovadan tashqari, mijoz bank va kartani tanlashda bank bilan o'zaro aloqaning boshqa kanallarini ham baholashi kerak — koll-markazga murojaat qilish mumkinmi, ilovada chat bormi, unga faqat bot javob beradimi yoki ham bot, ham xodimlarmi. Bu favqulodda vaziyatda ham, kartadan foydalanishda oddiy muammolarni hal qilishda ham yordam beradi."
Elzara GabitovaBanklar bilan ishlash bo‘yicha menejer, Mastercard kompaniyasi
Va yakuniy qadam kartalarning tariflari va xizmat koʻrsatish shartlarini oʻrganib chiqishdir.
Debet kartalari
Kartani chiqarish narxi. Karta bepul yoki belgilangan narxda – agar karta premium boʻlsa, 25-50 ming soʻm va undan qimmatroq chiqarilishi mumkin. Bu bir martalik toʻlov boʻlib, mijoz kartaning chiqarilish fakti uchun toʻlaydi.
Kartaga texnik xizmat koʻrsatish xarajatlari. Bu muntazam toʻlov boʻlib, siz kartadan foydalanganingiz uchun bank har yili yoki har oyda olishi mumkin. Shartlarni oʻrganing: xizmat prinsipial jihatdan bepul yoki cheklangan muddatga (masalan, birinchi yil) yoki bank tomonidan belgilangan shartlarga muvofiq (masalan, hisobdagi ma'lum qoldiqlar yoki muntazam ravishda ma'lum miqdoragi summadan kam bo‘lmagan xarajatlar sarflash bilan) bo'lishi mumkin.
SMS-xabar va push-bildirishnomalar uchun ham haq olinishi mumkin.
Tovar, xizmat, pul oʻtkazmalari uchun komissiya toʻlovi. Bank ushbu operatsiyalarning barchasi uchun foizlar (oʻrtacha 0,5-2%), baʻzilari uchun yoki faqat maʻlum hollarda komissiya ushlab qolishi mumkin, masalan, chet elga pul oʻtkazganda — shartlar shartnomada yoki bank veb-saytida koʻrsatiladi.
Naqd pul yechib olish uchun komissiya. Odatda, banklar oʻz tarmogʻidagi bankomatlarda kartadan naqd pulni bepul yechib olish imkonini taqdim etadi — bu shart shartnomada aks ettirilganligiga ishonch hosil qilishingiz kerak. Agar sizda bitta bankning kartasi boʻlsa va siz boshqasining bankomatidan foydalansangiz, komissiya ehtimoli katta — taxminan 1-2%.
Umumiy qoida yuqorida sanab oʻtilgan mezonlarga taalluqlidir: bankda komissiya, foizlar va toʻlovlar qanchalik past boʻlsa, foydalanuvchi uchun shuncha yaxshi boʻladi. Ammo har qanday harakatlar mutlaqo bepul amalga oshiriladigan kartani topish dargumon. Shuning uchun, siz oʻzingizning ehtiyojlaringizga asoslanasiz. Siz asosan karta orqali toʻlashni xohlaysizmi? Xaridlar va xizmatlar uchun toʻlov foizlariga eʻtibor bering. Pul oʻtkazmalaridan muntazam foydalanasizmi? Bonuslardan voz kechishingiz yoki kartani chiqarish uchun biroz koʻproq pul toʻlashingiz, ammo boshqa odamlarga pul joʻnatish uchun qulayroq shartlarga ega boʻlishingiz mumkin.
Yana bir nechta tafsilotlar — Mastercard ekspertlaridan maslahatlar.
"Ba'zi banklar karta hisobvarag'ingizga minimal qoldiq qo'yishni yoki boshqacha aytganda, garov depozitini qo'yishingizni so'rashi mumkin, u karta egasi uni yopishga qaror qilmaguncha, har doim kartada qolishi kerak.
Kartadagi oylik xarajatlar miqdori muayyan darajaga yetganda karta egasi qo'shimcha imtiyozlarga, masalan komissiyasiz naqd pul yechish yoki pul o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi."
Elzara GabitovaBanklar bilan ishlash bo‘yicha menejer, Mastercard kompaniyasi
Bonus va imtiyozlar. Keshbek, boshqa sodiqlik dasturlari, qoldiq boʻyicha foizlar, premium i kartalar uchun maxsus takliflar — va yana boshqalar. Baʻzi banklar, masalan, doʻstingizga kartani tavsiya qilganingiz uchun bonuslar taqdim etishlari mumkin. Muayyan karta sizga nima berishini, ushbu takliflar sizga joriy etiladimi, yo‘qmi, bilib oling — agar shunday boʻlsa, ular kartadagi xarajatlarning bir qismini qaytarib olishga yordam beradi.
Kredit kartalari
Kredit kartalari shuningdek, chiqarilish va texnik xizmat koʻrsatish narxi, amaliyot va o‘tkazmalar bo‘yiicha komissiya bilan ham baholanadi. Kartaga texnik xizmat koʻrsatish yuqori boʻlishini hisobga olish kerak — kredit karta undan pul yechib olish uchun emas, balki xaridlar uchun moʻljallangan.
Ushbu turdagi kartalar debet kartalaridan farq qiladigan bir qator o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Bank nimani taklif qilayotganini va nimaga ishonishingiz mumkinligini baholang — lekin esda tutingki, aniq shartlar sizning daromadingiz va kredit tarixingizga bogʻliq boʻladi.
Kredit limiti. Bu bank foydalanish uchun berishi mumkin boʻlgan maksimal miqdor. Joriy davr uchun maksimal (2024-yil boshi) 200 million soʻm, oʻrtacha 50 millionga yaqin.
Qarzni toʻlaganingizdan soʻng limit yangilanadi va siz undan yana foydalanishingiz mumkin. Soddalashtirilgan misol: qo‘lingizda 20 million soʻmlik kredit karta bor. Siz 5 million sarfladingiz. Qarzni qaytarmaguningizcha, qolgan 15 millionni ishlatishingiz mumkin. Ammo qarzni toʻlashingiz bilan sizga yana 20 million taqdim etiladi.
Foizsiz davr. Baʻzi banklar imtiyozli davrni taklif qilmaydi — keyin siz har qanday holatda ham bank pulidan foydalanganlik uchun foiz toʻlaysiz. Foizsiz muddatga ega kredit kartasini topsangiz bas — va u qanchalik uzoq boʻlsa, shunchalik qulayroqdir: qarzni toʻlash va foizlarni toʻlamaslik uchun koʻproq vaqtingiz boʻladi.
Foiz stavkasi. Agar kartada imtiyozli davr boʻlmasa yoki siz shu davr ichida qaytarishga ulgurmasangiz, bu qo‘l kelishi mumkin. Bunday hollarda, bank kartada ishlatilgan pul uchun foizlarni hisoblab chiqadi. Foizlar qancha kam boʻlsa, shuncha yaxshi. Ammo toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirishingizga toʻliq ishonchingiz komil boʻlsa, imtiyozli davr davomiyligi va boshqa koʻrsatkichlarga koʻra kartani tanlashingiz va stavkani ikkilamchi mezon sifatida koʻrib chiqishingiz mumkin.
Foydalanish boʻyicha cheklovlar.
O‘zbekistonda faqat hamkorlik tarmog‘iga tegishli bo‘lgan ma'lum joylarda xarid qilish imkonini beruvchi kredit kartalari mavjud. Yana mavjud limit doirasida istalgan savdo nuqtasida foydalanish mumkin bo'lgan kredit kartalari ham bor. Kredit karta yoki muddatli to'lov kartasini tanlashda bankdan foydalanishda qanday cheklovlar mavjudligini so‘rashingiz kerak.
Yodda tuting, kartalar virtual, tezkor, xalqaro va boshqa turda bo'lishi mumkin — ularning turlarni birinchi bobda tasvirlab berdik.
Barcha shartlar va xususiyatlarni taqqoslang — shunda o‘zingizga eng mos mahsulotni topishingiz mumkin.
Bank kartasidan foydalanish
- Kartaning asosiy funksiyalari
- Muntazam toʻlovlar va avtomatik toʻlovlar
- Doʻkonlarda va internetda kartadan xavfsiz foydalanish


Izoh qo‘shish