Bank kartasini mohirona boshqarish boʻyicha kurs
Bob 2 / 8

Bank kartalarining turlari

Bank kartasini ochishga qaror qildingizmi? Banklar sahifalarini koʻrib chiqish va assortimentni oʻrganish vaqti keldi. Veb-saytlarda siz oʻnlab turli xil takliflarni topasiz: debet va kredit kartalar, soʻm va valyuta, standart va premium va boshqalar. Keling, bank kartalarining turlari  va xususiyatlari haqida gaplashamiz.

Bank kartalarining qanday turlari mavjud?

Valyuta boʻyicha

  • Soʻm — pul soʻmda saqlanadigan hisob raqamiga bogʻlangan.
  • Valyuta— xorijiy  xaridlarni konvertatsiyasiz qilish, shuningdek dollar yoki yevrodagi toʻlovlar va jamgʻarmalar uchun.
  • Multivalyuta — bunday karta bir vaqtning oʻzida milliy va xorijiy valyutalarda bir nechta hisoblarga bogʻlangan. U pulingizni bir necha xil valyutada saqlash va Oʻzbekistonda soʻmda, sayohatda esa dollar yoki yevroda toʻlash imkonini beradi.

Toʻlov tizimi boʻyicha

  • Xalqaro — Mastercard kabi. Ular turli mamlakatlardagi banklarni birlashtiradi va chet elda xarid qilish imkonini beradi.
  • Mahalliy— bir mamlakat ichida ishlaydi.

Status va bonuslar boʻyicha

  • Standart — bu shartli nom. Bunday kartalarni boshlangʻich va universal variant deb hisoblash mumkin: ular hisob-kitob funksiyalarining to'liq spektrini ta'minlaydi, shuningdek, bank tomonidan taqdim etilgan boʻlsa, keshbek yoki qoldiqning foizi kabi "asosiy" bonuslardan foydalanish imkoniyatini beradi. Odatda, bunday kartalardan foydalanish juda arzon.
  • Premium kartalar — bu kartalar egasiga turli imtiyozlardan keng foydalanish imkonini beradi. Ular "oltin", "platina" va h.k boʻlishi mumkin — nomi hamda taklif qilinadigan bonuslar bank va toʻlov tizimiga bogʻliq. Masalan, Mastercard World Black Edition va World Elite kartalari xorijiy hamkorlardan xaridlar uchun o‘rtacha 10% keshbek, O‘zbekiston va xorijdagi tanlangan savdo nuqtalarida chegirmalar, bir qator mehmonxonalarda xonalarni apgreyd qilish va boshqa imtiyozlarni taqdim etadi.

"Agar biz yuqori darajadagi premium kartalari — World Black Edition va World Elite haqida gapiradigan boʻlsak, banklar odatda ularni ma’lum  bir shartlarni bajargan holda, masalan, hisobvaraqlardagi qoldiq yoki juda yuqori haq evaziga iste'molchilarning badavlat segmenti uchun chiqaradilar. Mijoz sifatida kartadan oladigan imtiyozlar va unga xizmat koʻrsatish narxlarini solishtirish muhimdir.

Masalan, premium kartalar aeroportda biznes-zallarga oʻtish, xalqaro sugʻurta va bepul rouminglarni taqdim etishi mumkin. Ammo agar odam kam sayohat qilsa yoki chet elga umuman uchmasa, bu imtiyozlar unga foyda keltirmaydi va u baribir kartaga xizmat koʻrsatish uchun pul toʻlashi kerak boʻladi – agar bank unga premium xizmatlar paketi doirasida kartani bepul bermagan bo‘lsa."

Svetlana Iglinskaya
Karta mahsulotlarini rivojlantirish bo‘yicha direktor, Mastercard kompaniyasi

MasterCard premium kartalari. Rasm: mastercard.uz

Tashuvchi va kartani chiqarish xususiyatlari boʻyicha

  • Jismoniy — koʻpchilikka tanish boʻlgan plastik, ular onlayn yoki filiallarda 1-3 kun yoki undan koʻproq vaqt ichida ochiladi. Ushbu guruhga metall bank kartalari va boshqa shakl omillari ham kiradi: stikerlar, bilaguzuklar, uzuklar, breloklar va boshqalar. Jismoniy kartalar ham bir zumda tayyor bo'lishi mumkin: unda kartani bank filialida bir necha daqiqada chiqarib berishadi.
  • Virtual — onlayn toʻlash uchun ishlatilishi mumkin boʻlgan, jismonan mavjud boʻlmagan kartalar. Uni olish uchun odatda bank ilovasida roʻyxatdan oʻtish, ariza topshirish kerak va karta ilovada paydo boʻladi.

"Raqamli yoki virtual kartaning yaxshi tomoni shundaki, ular tez chiqariladi. Mijoz uni 30 soniya ichida olishi va darhol onlayn xaridlarni amalga oshirishi mumkin. Oʻzbekiston bozorida Apple / Samsung / Google Pay orqali kontaktsiz toʻlov qilish imkoniyati paydo boʻlsa, shu raqamli kartani smartfoningiz hamyoniga bogʻlab, undan dunyoning istalgan oflayn savdo nuqtasida foydalanishingiz mumkin boʻladi."

Elzara Gabitova
Banklar bilan ishlash bo‘yicha menejer, Mastercard kompaniyasi

Himoya va toʻlov usullari boʻyicha

  • Magnit tasmali — bunday karta oflayn nuqtalarda xaridlarga pul toʻlayotganda terminaldan "oʻtkazilishi" kerak. Faqat magnit tasmali kartalar eskirgan deb hisoblanadi va ortiq chiqarilmaydi.
  • Chipli — chip magnit tasmani toʻldiradi va foydalanuvchi maʻlumotlarini xavfsizroq saqlaydi.
  • NFC bilan — yaʻni kontaktsiz toʻlov chipi bilan. Bunday kartani terminalga kiritish shart emas — uni tekkizish kifoya.

Koʻpgina zamonaviy kartalar eng xavfsiz va qulay toʻlovlarni amalga oshirish uchun bir vaqtning oʻzida magnit tasma, chip va NFC bilan chiqariladi.

Foydalanuvchi yoshi boʻyicha

  • Kattalar uchun (bu shartli nom) — voyaga yetgan kishi oʻzi uchun karta ochadi.
  • Bolalar uchun— ota-onalar oʻz farzandlarining nomiga karta ochadilar. Bola 7-10 yoshga boʻlganda, tugʻilganlik haqidagi guvohnoma yoki bolaning pasporti, pasport va vasiy yoki ota-onaning yozma roziligini  filialga olib kelib, amalga oshirish mumkin — barchasi bank shartlariga bogʻliq.

Bundan tashqari, asosiy va unga qoʻshimcha yana bir karta chiqarishingiz mumkin. Bunda bir nechta odam plastikdan foydalanadil, ammo pul bitta hisobdan yechib olinadi. Boshqa turdagi  — kobeyjing (hamkorlikda ikkita toʻlov tizimi tomonidan chiqarilgan), kobrend (bank tomonidan aviakompaniyalar, savdo tarmoqlari va boshqa brendlar bilan birgalikda chiqarilgan) va shu kabi kartalar ham mavjud.

Ammo, eng avvalo sizga debet yoki kredit kartasi kerakligini aniqlab oling. Shu sabab,  bu ikki turdagi kartalarni batafsil koʻrib chiqamiz.

Debet kartalar

Debet karta — bu hamyoningizning bir turi, faqat plastik karta formatida. Siz bankomat, bank filiali yoki mobil ilova orqali o‘zingizning boshqa hisob raqamingizdan pul oʻtkazmasini amalga oshirish yoki boshqa shaxsdan qabul qilish orqali debet kartasiga pul oʻtkazishingiz mumkin. Shuningdek, ish haqi, pensiya toʻlovlari yoki stipendiyalar kartaga oʻtkaziladi.

Asosiy xususiyat: debet kartada — aniqrogʻi, unga bogʻlangan bank hisobvaragʻida sizning mablagʻlaringiz turadi va siz faqat ulardan foydalanasiz. Yaʻni, hisobibgizda boridan koʻproq mablagʻ sarflay olmaysiz (agar yuqorida aytib oʻtilgan overdraft kartalarni hisobga olmasangiz — lekin bu yerda biz faqat oddiy debet kartalari haqida gapirmoqdamiz).

Debet kartalari kundalik xaridlar va ehtiyojlarning keng doirasi uchun ishlatiladi:

  • pul olish va oʻtkazish;
  • oflayn va onlayn xaridlar;
  • telefon, uy-joy kommunal xizmatlari, internet kabi xizmatlar uchun toʻlov;
  • naqd pul yechib olish;
  • istalgan vaqtda ishlatilishi mumkin boʻlgan mablagʻlarni xavfsiz saqlash.

Mahsulotning yana bir xususiyati — kartani qulay ochish. Banklar Oʻzbekiston fuqarolariga karta ochishni rad etmaydi, ular doimiy daromadga ega boʻlishlari va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlardan boshqa hujjatlarni taqdim etishlari shart emas;

Kredit kartalari

Kredit karta ham bank plastik karta hisoblanadi, lekin bu holatda foydalanuvchi oʻz pulini emas, balki bank mablagʻlarini boshqaradi. Xarajatlar uchun mavjud boʻlgan limit karta balansida koʻrsatiladi va uning hajmi qancha boʻlishi foydalanuvchining kredit tarixiga va uning daromadiga bogʻliq. Oʻrtacha hisobda banklar 50 million soʻmgacha limit taklif qilishadi, lekin siz 200 million soʻmgacha kredit limitiga ega boʻlgan takliflarni topishingiz mumkin.

Kredit mablagʻlaridan foydalanganlik uchun sarflangan mablagʻlar evaziga bankning individual shartlariga qarab 25 dan 50% gacha foiz undiradi. Lekin har doim ham emas. Banklar foizsiz davrni taqdim etishlari mumkin — bu imtiyozli davr yoki greys-period deb ham ataladi. U oʻrtacha 45 kungacha davom etadi va ikki segmentdan iborat:

  • hisobot davri — sarflash vaqti, odatda 30 kun.
  • toʻlov muddati — siz uchun qarzni toʻlash vaqti.

Imtiyozli davrning mohiyati shundan iborat: agar siz shu vaqt ichida sarflangan mablagʻni kredit kartangizga qaytarsangiz, siz bankka foizlar toʻlashingiz shart emas, yaʻni siz bank pulidan bepul foydalanishingiz mumkin boʻladi.

Keling, buni misolda koʻrib chiqamiz. Tasavvur qilaylik, imtiyozli davr 1 apreldan boshlanadi — bu sizning birinchi xaridingiz sanasi yoki bank tomonidan avtomatik ravishda belgilangan sana boʻlishi mumkin. Kartani ochishda imtiyozli davrni hisoblashning aniq sanalari va tamoyillarini bilib olish kerak. Bunda bank ilovasi ham yordam beradi — u kredit karta uchun xarajatlar va toʻlov jadvalini koʻrsatadi.

Imtiyozli davr 45 kun davom etadi va 15-mayda tugaydi. Shu sanadan oldin hisobot davrida kredit kartangiz orqali sarflagan toʻliq summani toʻlashingiz kerak. 30 aprelda hisobot davri tugaydi va bank bu vaqt ichida qilgan xarajatlaringizni aks ettiruvchi koʻchirma tuzadi — aytaylik, 5 million soʻm. Qarzni toʻliq toʻlash uchun toʻlov muddati tugashiga hali 15 kun bor — kredit kartaga pul oʻtkazishingiz yoki bankomat, kassa orqali naqd pul solishingiz mumkin. Agar qarz to'langan bo'lsa, foizlarni to'lashingiz shart emas – 1 maydan boshlab yana barcha xaridlar uchun foizsiz davrdan foydalanishingiz mumkin.

Agar 5 million soʻmning hammasini oʻz vaqtida toʻlashning imkoni boʻlmasa-chi? Unda kredit kartasidan foydalanishni davom ettirish uchun minimal toʻlovni amalga oshirishingiz kerak — bu bank shartlariga bogʻliq va qarz miqdorining odatda 10% ni tashkil qiladi yoki belgilangan miqdorga teng. Bundan tashqari, siz shu miqdorga foizlarni qoʻshib toʻlashingiz kerak boʻladi.

Shunday qilib, kredit karta sizning xohishingizga koʻra tasarruf etilishi mumkin: siz butun limitni yoki uning katta qismini sarflashingiz va qarzni foizlar bilan asta-sekin toʻlashingiz mumkin. Yoki kartadan muntazam foydalaning, imtiyozli davrda qarzlaringizni toʻlang va shunda foizlarni toʻlamaysiz. Albatta, ikkinchisi foydaliroq.

Shuni ham hisobga olish kerakki, kredit kartasi pul oʻtkazish va naqd pul yechib olish uchun uncha mos kelmaydi. Bunday operatsiyalarga ruxsat beriladi, lekin odatda ularga imtiyozli davr berilmaydi — siz yuqori foiz toʻlashingiz kerak boʻladi.

Kredit karta mohiyatan kreditga oʻxshaydi: bank sizga pul beradi va siz undan foydalanasiz. Ammo sezilarli farqlar ham mavjud.

  • Kredit ariza boʻyicha maʻlum miqdorda beriladi. Agar sizga yangi kredit kerak boʻlsa, u qoʻshimcha ravishda beriladi. Kredit karta bilan bankdan limit doirasidagi pul har doim sizning choʻntagingizda boʻladi — karta amal qilguncha.
  • Kredit shartnomada ko'rsatilgan barcha summaga darhol beriladi va siz darhol uning foizini to'lashni boshlaysiz. Karta sizga kerak boʻlganda xohlagancha pul sarflash yoki umuman sarflamaslik imkonini beradi.
  • Kredit har doim foizga tortiladi. Agar siz imtiyozli davrga rioya qilsangiz, karta bilan qarz mablagʻlaridan foizsiz foydalanishingiz mumkin.

"Agar biror kishi qarzga mablagʻ olib, uni uzoq vaqt davomida kichik boʻlaklarga boʻlib toʻlashni istasa, ayniqsa katta xarajatlar  — kvartira, mashina olish uchun maqsadli kreditlardan foydalangani maʻqul. Karta bunday kreditlarning oʻrnini bosishga qodir emas. Ammo agar kichik iste'mol kreditlari, mikroqarzlar haqida gapiradigan boʻlsak, unda karta koʻpincha foydaliroq boʻlishi mumkin. Siz ma'lum bir vaqtda amal qiladigan stavkalarni koʻrishingiz kerak. Yana, barchasi odamning kreditni qanchalik tez toʻlashiga, toʻlov jadvaliga bogʻliq, chunki kredit kartalarida imtiyozli davr mavjud.

Bundan tashqari, karta kreditga qaraganda ancha qulayroqdir, chunki kredit liniyasi har doim qoʻlingizda va qarz toʻlanganda, u yangilanadi. Bu sizga qarz mablagʻlarini istalgan vaqtda va aynan hozir kerakli miqdorda ishlatishga imkon beradi, bunda foydalanilmagan qism uchun bankka ortiqcha foiz toʻlamaysiz."

Svetlana Iglinskaya
Karta mahsulotlarini rivojlantirish bo‘yicha direktor, Mastercard kompaniyasi

Afzalliklari va kamchiliklari

Keling, ikkala turdagi kartalarning afzalliklari va kamchiliklarini qisqacha sanab oʻtamiz —   ularning baʻzilariga allaqachon toʻxtalib oʻtdik.

Debet kartalar

Afzalliklari:

  • oddiy rasmiylashtirish va qabul qilish;
  • mablagʻlarni xavf-xatarsiz oddiy boshqarish — minusga kirib ketmaysiz va bank oldida qarzdor boʻlib qolmaysiz;
  • agar virtual yoki tezkor kartani chiqarsangiz, iloji boricha tezroq olish imkoniyati mavjud;
  • bepul xizmat koʻrsatish, naqd pul yechib olish, tovar va xizmatlar uchun komissiyasiz toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyati bilan kartalar chiqarish;
  • keshbek, balans boʻyicha foizlar va sodiqlik dasturlari tomonidan taqdim etilgan bonuslarni olish imkoniyati.

Kamchiliklari:

  • agar toʻsatdan favqulodda zarurat tug‘ilib qolsa, kartada mavjud boʻlganidan koʻproq pul sarflash imkoniyati yoʻq;
  • kamdan-kam hollarda, bank kartasi toʻlovlar uchun qabul qilinmaydi — masalan, Yevropada mashina ijaraga olish uchun kredit kartasini soʻrashlari mumkin.

Kredit kartalari

Afzalliklari:

  • foydalanuvchi bankdan vaqtincha olingan qoʻshimcha pulga ega boʻladi — bu shoshilinch xarajatlar uchun xavfsizlik sugʻurtasidir;
  • toʻlovlarni oʻtkazib yuborilmasa va imtiyozli davrga rioya qilinsa, qarz mablagʻlaridan bepul foydalanish mumkin;
  • kredit kartalari sizga bank pullaridan foydalanib, jamgʻarmalaringizni  koʻpaytirish —  foizga omonatga qo'yish yoki hisobvarag‘iga yuborish imkonini beradi;
  • oʻz kredit tarixingizni rivojlantirish — odatda agar kartadan toʻgʻri foydalansangiz, kelajakda yanada manfaatli shartlarda kredit yoki yangi karta olish imkoniyati paydo boʻladi.

Kamchiliklari:

  • naqd pul yechib olish va boshqa kartalarga oʻtkazmalar koʻpincha yuqori toʻlovlar bilan amalga oshiriladi — debet kartalari uchun esa bunday toʻlovlar kamroq yoki umuman boʻlmasligi mumkin;
  • bankka yuqori foiz stavkasida qarzdor boʻlmaslik uchun toʻlovlar jadvalini diqqat bilan kuzatib borish kerak;Ariza berish uchun sizga doimiy tasdiqlangan daromad va ish tajribasi kerak — baʻzi hollarda sizga kred
  • it karta rad etilishi mumkin.

Xulosa qilamiz. Debet kartalari oflayn va onlayn xaridlar, pul oʻtkazmalari va naqd pul olish uchun universal vositadir. Ular mablagʻingizni xavfsiz va moslashuvchan saqlash va ishlatish uchun mos keladi. Kredit kartalari kutilmagan xarajatlar yoki maosh tushgunicha biror narsa sotib olishingiz kerak boʻlganda, asqotadi. Ular unchalik ommabop emas, ammo mutaxassislarning fikriga koʻra, bu notoʻgʻri.

"Kredit kartalar, xuddi debet kartalari kabi, isteʻmolchilarning keng doirasiga mos keladi. Ammo ular oʻz mablagʻlarini qanday boshqarishni biladigan moliyaviy mas'uliyati yuqori foydalanuvchilar boʻlishi kerakligi haqida eslatib o'tamiz. Asosiysi, bankka yuqori foiz toʻlamaslik uchun doimiy qarzga tushib qolmaslikdir.

Biror narsani zudlik bilan sotib olish kerak boʻladigan holatlar mavjud — masalan, ta'mirlash paytida, ta'tilda — qancha pul kerak boʻlishini oldindan bilmaysiz va yana oldindan aytib boʻlmaydigan xarajatlar paydo boʻlishi mumkin. Bunday holatlar uchun kredit kartalar, albatta foydalidir. Boshqa holatlar uchun ham.

Kredit karta — bu oʻzingizda pul boʻlsa ham, foydalanishga arziydigan qulay moliyaviy vosita. Siz oʻz mablagʻlaringizni bank depozitlariga qoʻyishingiz yoki sarmoya kiritishingiz hamda qoʻshimcha passiv daromad olishingiz va har qanday xaridlarni kredit karta, ya'ni bankdan olingan qarz mablagʻlari bilan toʻlashingiz mumkin. Agar siz ularni imtiyozli davrda tezda qaytarib bersangiz, unda siz kredit boʻyicha foizlarni toʻlamaysiz — bu foydali.

Banklarning shartlarini diqqat bilan oʻrganib chiqishingiz va eng mos keladiganini tanlashingiz kerak. Siz har doim ham ma'lum bir foydalanuvchi uchun manfaatli boʻlgan — bank komissiyalar uchun toʻlov olmaydigan yoki to‘lov minimal boʻladigan, imtiyozli davr yetarlicha uzoq muddatga ega, iloji boricha foiz stavkasi past va ehtimol kartani ochish va undan foydalanish uchun bonuslar taqdim etiladigan kredit kartalarini topishingiz mumkin."

Svetlana Iglinskaya
Karta mahsulotlarini rivojlantirish bo‘yicha direktor, Mastercard kompaniyasi

Bank kartasini olish

  • Bank hisobini ochish va boshqarish
  • Kartaga ariza berish tartibi
  • Bank muassasasi va kartani tanlash mezonlari

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
1 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments
Zafar
Zafar
9 months ago

Karta