Firibgarlik psixologiyasi

Firibgarlarning qanday "qarmoqlari" mavjud, ijtimoiy muhandislar kim va ularga psixologik nuqtai nazardan qanday qarshi turish kerak — ushbu bobda shular haqida ma'lumotlar beramiz.
Firibgarlar jabrlanuvchilarni qanday manipulyatsiya qiladi
Firibgarlar qurboniga aylangan odamni qanday tasavvur qilasiz? Balkim, ta'lim darajasi yuqori bo‘lmagan inson haqida fikr paydo bo'lgandir. Ammo aql insonni yolg'ondan himoya qila olmaydi — bu fan bilan bog'liq bo'lgan odamlarning haqiqiy hikoyalari bilan tasdiqlanadi. Misol uchun, Kolorado universiteti psixiatriya professori Stiven Grinspen moliyaviy piramidani bilmagani sababli 250 ming dollar yo‘qotdi. Ingliz fizigi Pol Frempton esa firibgarlar ortidan qamoqqa tushdi.
Insonning yoshi ham firibgarlarning qurbonlarini tavsiflovchi asosiy ko‘rsatkich emas. Keksa odamlar — moliyaviy savodxonlik qoidalarini bilmaslik va shunchaki muloqotga ochiqliklari tufayli ulardan kamroq himoyalangan bo'lishi mumkin — lekin yoshlarni ham aldashadi.
Misol uchun, Qo‘shma Shtatlarda 2023 yilda 60 yoshdan 69 yoshgacha bo'lganlar bilan bir qatorda 30 yoshdan 39 yoshgacha bo'lgan odamlar firibgarlikka duch kelishgan.
Firibgarlarning o‘ljasi, uning kelib chiqishi, ma'lumoti, jinsi, yoshi, shahri va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, istalgan shaxs bo'lishi mumkin. Lekin nima sababdan ko‘p bolali onalar, talaba va kompaniya rahbari firibgarlarga ishonadilar?
Bu qisman odamning xarakteri va hayotidagi vaziyatga bog'liq. Jabrlanuvchining aniq psixologik portretini yaratish mumkin emas. Ammo psixologlar va olimlarning ta'kidlashicha, ba'zi shaxsiy xususiyatlar va sharoitlar firibgarlarga ushlanib qolish xavfini oshiradigan omillar sifatida qaralishi mumkin. Ular orasida quyidagilar mavjud.
- Doimiy bosimda bo‘lish va bezovtalik holati. Agar inson jismonan va ruhan charchagan va nosog'lom bo'lsa, uning hushyorligi pasayib ketishi ehtimoli bor.
- Ijtimoiy aloqalarda kam bo‘lishi. Muloqot yetishmasligi va yolg'izlik hissi tufayli odamlar har qanday muloqotga kirishishga ko'proq moyil bo'lishi mumkin. Hatto notanish insonlar bilan ham, natijada esa ular firibgar bo‘lib chiqadi.
- Tarbiya va dunyoni ideal tarzda tasavvur qilishi. Inson sezgir, halol, e'tiborli bo'lishga odatlangan — va bu xususiyatlar uning atrofidagi odamlarga ham xos deb hisoblaydi. Unga kimdir bir odamdan foydalangan holda foyda olishini tasavvur qilish qiyin, shuningdek, ishonchini qozongan odamning suhbati yoki ko'rsatmalariga yo‘q deyish ham oson emas.
“Firibgarlik muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun jabrlanuvchilar tomonidan ham ma'lum darajada yordam talab qilinadi. Bunday hamkorlikka olib kelishi mumkin bo'lgan omillarga quyidagilar kiradi: insoniyatning taniqli odamlarga ishonish xususiyati, ijtimoiy ta'sirga moyilligi va o'zini nazorat qila olmaslik.
Psixologlar firibgarlik qurbonlarining shaxsiyatida bir umumiylik — oson ishontirish bormi-yo'qmi degan fikrda bir to‘xtamga kelishmagan. Agar bu sizga ham tegishli ekanini sezsangiz, kimdir sizni biror narsa qilishga majburlasa, ayniqsa ehtiyot bo'lgan ma'qul.
Ikkinchi muhim sabab — firibgarlar qo'llaydigan usullarda. Ularning ichida eng keng tarqalgani — ijtimoiy muhandislik usuli hisoblanadi.
Ijtimoiy muhandislar — manipulyatsiya va psixologik bosimdan foydalanadigan firibgarlardir. Ular inson va uning jamg'armalariga xavf soladigan vaziyatni o'ylab topadilar yoki aksincha, uni olishi mumkin bo'lgan foydaga ishontiradilar. Natijada, jabrlanuvchi vaziyat to‘g‘riligiga ishonadi va ixtiyoriy ravishda firibgarlarga pul o'tkazab beradi yoki jamg'armalariga kirish imkonini beruvchi ma'lumotlarni taqdim etadi.
“Ijtimoiy muhandislik insonga ta'sir ko'rsatishga asoslangan: uning psixologik barqarorligi yoki aksincha, beqarorligi, tashqi ta’sirga beriluvchanligi yoki berilmasligi, shartli aytganda, gipnoz ta’siriga moyilligi yoki moyil emasligi asosida quriladi.
Bu yerda yosh toifalari va kasbiy bilim va ko'nikmalar rol o'ynagan taqdirda ham, sezilarli ahamiyat kasb etmaydi. Katta miqdordagi firibgarlik holatlari hatto moliya sohasida yuqori ma'lumotli hamda hech narsani bilmagan odamlar orasida ham sodir bo'lganligi yuzasidan tafsilotlar mavjud. Yoshi va ma'lumotidan qat'i nazar istagan odam firibgarlarning hujumiga duchor bo'lishi mumkin. Shuning uchun, doimo hushyor bo'ling va raqamli gigiyenaning asosiy qoidalarini unutmang".
Yevgeniy BalezinFiribgarlikka qarshi kurash bo'yicha Mastercard boshqaruvchi direktori
Firibgarlarning asosiy taktikasi va usullari
Ijtimoiy muhandislar manipulyatsiya qilish uchun turli kanallardan (telefon, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar, SMS), turli bahonalar va dialoglardan foydalanadilar. Ammo ularda umumiylikni aniqlab olish mumkin. Qisqasi, firibgarlar odamlarni manipulyatsiya qilishga urinib, nimalar qilishlari mumkin?
Kutilmaganda yuzaga kelish
Mashinada ishga ketayotganingizda yoki uy yumushlari bilan band bo'lganingizda – to‘satdan SMS yoki qo'ng'iroq keladi. Firibgarlar siz birdaniga, o'ylab ko‘rmasdan harakat qilishingizga va noto‘g‘ri qaror chiqarishingizga umid qilishadi.
Kutilmaganlik usulining samara berishiga firibgarlarning sxemalaridagi doimiy o'zgarishlar ham yordam beradi. Uzoq qarindoshingizning birdaniga sizga meros qoldirgani haqida kechagi maktublar ko'pchilik uchun kulgili bo'lib tuyuladi — shuning uchun bugungi kunda jinoyatchilar yangi, yanada real aldov sxemalarini o'ylab topishmoqda.
Ishontirish
Buning uchun sizga ism-sharifingiz, tug'ilgan kuningiz va boshqa shaxsiy ma'lumotlaringiz bilan murojaat qilishlari mumkin. Begona odam bu ma'lumotni qanday biladi? Ehtimol, ma'lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarda, e'lon saytlarida yoki boshqa ochiq Internet manbalarida qoldirgan bo‘lishingiz mumkin. Boshqa juda kam uchraydigan variant – bu kiberjinoyatchilar tomonidan veb-saytlarni buzish va shaxsiy ma'lumotlar bazalarini qo‘lga kiritish (bu haqda, 2023 yil oxirida "Kiberxavfsizlik markazi" DUK tomonidan xabar berilgan).
Suhbatdoshingiz o'zini obro'li shaxs sifatida tanishtirishi: bank yoki huquqni muhofaza qilish organi xodimi (real hayotda siz bilan aloqada bo'lgan odam), yana qarindoshingiz yoki tanishingiz nomidan muloqotga kirishishi ham o'rtadagi ishonchni oshiradi.
Aktual bo‘lgan ma'lumotlardan foydalanish
Firibgarlar mamlakatda sodir bo'layotgan voqealar kontekstida harakat qilishga urinadilar. Misol uchun, pandemiya vaqtida jinoyatchilar emlanganlik uchun to'lov va'da qilgan soxta veb-saytlar yaratdilar. Sababi jamiyatda emlashlar va koronavirus faol muhokama qilinayotgan davr edi, shuning uchun bu firibgarlar sxemasi ishonchli ko'ringan.
Misol uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati rahbari o‘z каnalida emlash uchun to'lovlarni va'da qilgan soxta veb-saytlar haqida ogohlantirgan. Rasm: https://t.me/ssvmatbuotkotibi/8080
Salbiy his-tuyg'ularni uyg‘otish
Firibgarlar ko'p hollarda qurbonlarda havotir va hadik —ya'ni pulni yo'qotish qo'rquvi, qonunni buzish, yaqinlari haqida havotir tuyg‘usini uyg‘otib, manipulyatsiya qiladilar. O'zingizni yoki oilangizni himoya qilish istagi nafaqat suhbatga kirishishga majbur qiladi, balki qo'rquv fikrlash doiramizni ham toraytiradi va oqilona harakat qilishimizga to'sqinlik qiladi.
Ijobiy his-tuyg'ularni uyg'otish
Qo'rquv – yagona qarmoq emas. Xo‘rak butunlay qarama-qarshi, ijobiy ham bo'lishi mumkin: daromadli ish bo‘yicha va'da, lotereya yutuqlari, yopiq savdo bonuslari va boshqalar. Agar firibgarlar "mamnun bo‘lgan" odamlarning, masalan, o‘zlari o‘ylab topgan hayoliy loyihalarga sarmoya kiritib, go‘yoki sarmoyadan daromad topganlarning soxta sharhlarini o'ylab topishsa, o'ljaning voqealar haqidagi ijobiy tasavvuri ortadi.
Tezkorlikka urg‘u berish
Firibgarlar telefon qo'ng'iroqlari orqali (“Hoziroq kartangiz ma'lumotlari va SMS orqali kelgan kodini bering, aks holda ular nomingizga kredit rasmiylashtirishadi”), xabarlarda (“Sizning kartangiz bloklangan, zudlik bilan qo‘ng‘iroq qiling...”), elektron pochta yoki messenjerlar orqali (“Aksiya atigi 3 soat davom etadi! Kartangizni ro‘yxatdan o‘tkazing va bonusga ega bo‘ling...”) vaqt bosimi rejimidan ham foydalanishlari mumkin. Bularning barchasi o‘ylab olish uchun vaqt bermasdan, shoshilinch qaror qabul qilish uchun qilinadi.
Bosim o‘tkazish
Ishonch va kerakli his-tuyg'ularni uyg'otib, firibgar nafaqat javob berishingizga shoshiltiradi, balki xato qilishga majburlash uchun “hujumga” o'tishi ham mumkin. Misol uchun, agar telefonni qo'ysangiz, hisobingizdagi barcha pullar kuyib ketadi deb tahdid qiladi. Yoki xayriyaga pul o'tkazishni so'rab, "Sizga yordam berish shunchalik qiyinmi?" degan so‘zlar bilan uyaltirishga harakat qilinadi.
Hushyorlikni yo‘qotish va diqqatni kamaytirish
Jabrlanuvchining diqqatini jamlashni yanada qiyinlashtirish maqsadida oldingi fikrlarga qo'shimcha tarzda firibgarlar suhbatdosh sarosimaga tushib, vaziyatni to‘gri baholay olmasligi uchun — telefon muloqoti alohida ajralib turadi — juda ko'p savollar berishadi, qonunlarning uzundan uzun nomlarini keltirishadi, vaziyatni batafsil tasvirlab berishadi.
Firibgarlarga qanday qarshi turish bo‘yicha umumiy qoidalar
Endi keyingi boblarda Internet, telefon qo'ng'iroqlari orqali va real hayotdagi firibgarlik sxemalari — ularni qanday aniqlash va o'zingizni himoya qilish uchun nima qilish kerakligini batafsil ko'rib chiqamiz.
Hozircha firibgarlikka duch keldim, deb o‘ylayotgan bo'lsangiz, jamg'armalaringizni saqlab qolish xususida umumiy qoidalarni keltiramiz.
Notanish odamlar bilan aloqani kamaytirish
Imkon qadar (mutaxassisimiz ta'kidlaganidek, eng ishonchli variant) telefon xotirasida saqlanmagan raqamlardan qo'ng'iroq bo‘lganda, telefonni ko'tarmaslik va noma'lum abonentlarning har qanday xabarlariga e'tibor bermaslik.
Agar kuryer qilgan qo'ng'iroqni yoki haqiqatda zarur bo'lgan xabarni o'tkazib yuborishni istamasangiz, qo'ng'iroqlarni filtrlashingiz mumkin. Bunda qo'ng'iroq qiluvchini aniqlovchi ilovalar yordam berishi mumkin: ularning ba'zilari hatto kiruvchi qo'ng'iroqlarni "spam", "shikoyat", "foydali qo'ng'iroq" va boshqachasiga belgilab beradi. Pochtangizni esa o'rnatilgan spam filtrlari orqali himoyalab beradi.
Sukut saqlab, maslahat olish
Pul bilan bog‘liq qarorlarni qabul qilishda shoshqaloqlik va asabiylik yaramaydi. Nimani eshitsangiz ham, bu haqda o'ylash va vaziyatga aniqlik kiritish uchun vaqt ajrating. Olimlar shoshma-shosharlik qaror qabul qilish sifatiga salbiy ta'sir ko'rsatishini bir necha bor isbotlaganlar.
Hayajonlanayotgan bo‘lsangiz, suhbatlashishni to'xtating, agar telefoningizga xabar kelgan bo‘lsa, telefonni chetga qo‘yib, suv iching, bir necha marta chuqur nafas oling – tinchlantirishi mumkin bo'lgan har qanday usuldan foydalaning. Yana bir variant – moliyaviy tushunchaga ega deb hisoblagan yaqinlaringiz bilan maslahatlashib oling. Shundan so'ng o‘ylab ko‘ring: rostdan ham Markaziy bankdan qo‘ng‘iroq qilib, kredit taklif qilishi mumkinmi? To'g'ri javob esa hech qachon bunday bo‘lmaydi.
Ma'lumotni shaxsan tekshirib ko‘ring
Lotereya, nomingizga kredit olishga urinish, konkursda g‘alaba qozonganligingiz haqidagi ma'lumotni xabar yoki qo'ng'iroq orqali bildingiz. Biron bir harakat qilishdan oldin rasmiy manbalardan uning kelib chiqish sababini aniqlashtiring. Bankka qo'ng'iroq qiling, Internetdan ma'lumot qidiring – lekin faqat rasmiy manbalardan, raqamlardan va veb-saytlardan foydalanishingiz kerak.
Shaxsiy ma'lumotlarni bermang
PIN-kod singari, faqat sizga tegishli ma'lumotlarni, ya'ni karta egasining ismi, karta amal qilish muddati, uch xonali xavfsizlik kodi (agar mavjud bo'lsa) va SMS-tasdiqlash kodlarini hech kimga bermang. Bundan tashqari, hisobingizda qancha pul borligi yoki qaysi bankdan foydalanishingiz to‘g‘risidagi shaxsiy savollarga ham javob bermasligingiz kerak.
Firibgarlik sxemalaridan xabardor bo'lish
Xabardor bo‘lish firibgarlarni aniqlashda yordam beradi. Banklar va Mastercard kabi to'lov tizimlari mijozlar firibgarlar qarmog‘iga tushmasliklari uchun ularni o'qitish, o'quv materiallarini yaratish ustida ishlaydilar. Agar jinoyatchilar o'zini bank xodimlari sifatida ko'rsatishni yoki soxta yetkazib berish havolasi yuborishni yoqtirishlarini bilsangiz, bunday xabarlardan iloji boricha ehtiyot bo'lishga harakat qilasiz.
To'lov tizimini rivojlantirish
“Agar bank mijozga uning mablag‘lari va kartalarini boshqarish vositalarini taqdim etsa – operatsiya bo‘yicha limitlar, kartani onlayn bloklash – ulardan foydalanishni o‘rganish kerak. Buning uchun mavzuga chuqur kirib, o‘z himoyangiz uchun bank mobil ilovasining imkoniyatlarini o‘rganishingiz kerak”.
Yevgeniy BalezinFiribgarlikka qarshi kurash bo'yicha Mastercard boshqaruvchi direktori
Endi amaliyotga o'tib, pulni saqlashga yordam beradigan himoya usullari va bank ilovalari imkoniyatlari, bundan tashqari firibgarlik sxemalarini batafsil o'rganib chiqamiz.
Mastercard bilan xavfsiz va qulay to‘lovlar olamini oching

Onlayn firibgarlik
- Fishing, farming va Internetdagi firibgarlikning boshqa turlari
- Onlayn xaridlar va elektron savdo xavfsizligi
- Kiberfiribgarlikdan himoyalanish
Izoh qo‘shish