Amaliy ko'nikmalar va ssenariylar

Firibgarlikka qarshi eng yaxshi himoya – bu uning oldini olish, moliyaviy savodxonlikni oshirish va bank mahsulotlaridan oqilona foydalanishdir. Yuqorida asosiy qoidalarni ko'rib chiqdik. Ushbu bobda O'zbekistonda sodir bo'lgan vaziyatlar bo'yicha o'rganganlarimizni umumlashtiramiz. Firibgarlarni aniqlash qobiliyatingizni sinab ko'rishingiz va bob oxirida testdan o'tishingiz mumkin.
Firibgarlikning real holatlari va ssenariylarini tahlil qilish
Tovlamachilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini aldab, pul mablag‘larini olib qo‘ygan to‘rtta holatni taqdim etamiz. Mashq orqali o‘zingizni sinab ko‘rishni taklif qilamiz – aldash holatlarini ko'ra olasizmi?
Har bir vaziyatda sxemani "ssenariy" bo'limida tasvirlab beramiz. Firibgarlikni aniqlash uchun qanday belgilardan foydalanish mumkinligini o'qing va tahlil qiling, nimadan ehtiyot bo'lishingiz kerak? Keyin esa javoblaringizni bizning javoblar bilan solishtiring – ular ssenariydan keyin "Nima bo'ladi?" bo'limida keltirilgan.
Vaziyat No1: "Bankdan bir martalik to'lov"
Ssenariy. Ijtimoiy tarmoqlarda Kapitalbank nomidan xabar tarqalmoqda. Ya'ni O‘zbekiston fuqarolari 410 000 so‘m miqdorida bir martalik to‘lov olish huquqiga ega ekanligi qayd etilgan – uni bank kartasi orqali hujjatsiz olish mumkin. Pulni depozit qilish uchun karta ma'lumotlarini taqdim etish kifoya. Quyida esa postskript:
“SMS orqali kelgan kodni kiriting; bu sizning shaxsingizni aniqlash uchun amalga oshiriladi! Ehtiyot bo'ling, firibgarlarga plastik kartangizning sanasini kiritishingiz kerak bo‘ladi, biz esa buni so'ramaymiz! Toʻliq maʼlumot uchun https://kapitalbankq.uz-id.com havolasiga oʻting.”
Nima bo‘ladi? Fishing sayti va ijtimoiy muhandislikning yaqqol namunasi. Bu holat 2022 yilda bo‘lgan, ammo shunga o'xshash ssenariylar vaqti-vaqti bilan paydo bo'lib turadi. Bu yerda firibgarlarning qanday belgilarini topish mumkin?
- Ishonch manipulyatsiyasi: foydalanuvchilarga ma'lum bo'lgan haqiqiy bank nomi va logotipidan foydalanish. Bunday xabarlarni ko'rib, bankning rasmiy sahifasiga o'tish va e'lon qilingan aksiya haqiqiyligini tekshirish kerak.
- Hech qanday hujjat va shartlarsiz hammaga oson foyda va'da qilish.
- Kartaning amal qilish muddatini kiritish shart emasligini alohida ta'kidlash – bu esa xabarning soxta emasligini go‘yoki tasdiqlaydi. Aslida, agar boshqa ma'lumotlar mavjud bo'lsa, kartadagi sanani topish mumkin. Ammo begonalar shaxsingizni tasdiqlash niqobi ostida SMS-xabarlar talab qilayotgani firibgarlarning yaqqol belgisidir. Agar uni shaklga kiritsangiz, pul yechish uchun harakatni tasdiqlagan bo‘lasiz.
- Xatolar – yirik brendlar matnlarning sifatini nazorat qiladi.
- kapitalbankq.uz-id.com havolasiga e'tibor qarating, u soxta havola. Bankning haqiqiy manzili — www.kapitalbank.uz. Firibgarlarning versiyasi o'xshash, ammo baribir qo'shimcha harflar va defis bilan haqiqiysidan farq qiladi.
Vaziyat № 2. "Yaqiningiz baxtsiz hodisaga sabab bo'ldi"
Ssenariy. Odamlarga telefon qo'ng'iroqlari bo‘ladi. Go‘shakdan: “Ona/buvi/ota, men baxtsiz hodisaga uchradim. Ayb menda, ikkinchi tomon og‘ir ahvolda” degan ovoz keladi. Ovoz tushunarsiz, ehtimol yaqin odamingizning haqiqiy ovozidan butunlay farq qiladi. Firibgarlar buni “o‘g‘li/qizi/nabirasi”ning yuziga shikast yetkani va jarohat tufayli tushunarsiz gapirayotgani bilan izohlaydi.
Shundan so'ng, go‘shak o'zini tergovchi deb tanishtirgan shaxsga beriladi. Ikkinchisi, baxtsiz hodisa tufayli jabrlanuvchining yaqiniga nisbatan jinoyat ishi qo'zg'atilishi haqida xabar beradi. Ammo jabrlanganlar bilan kelishib ketish mumkin – buning uchun zudlik bilan pul kerak, uni esa hoziroq kuryer orqali yetkazib berish lozim.
Jabrlanuvchi rozi bo'lib, uy manzilini beradi. Shundan so'ng suhbat davom etadi: "tergovchi" ba'zi bayonnomalarni to'ldirishni taklif qiladi, go'shakni qo'ymaslik kerakligini ta'kidlaydi va ko'plab qonunlar va baxtsiz hodisa tafsilotlarini aytib beradi. Biroz vaqt o'tgach, noma'lum shaxs yuzini niqob, kapyushon va ko'zoynak ortiga yashirgan holda aldov qurbonning oldiga keladi va sumkani oladi. Ishonchli chiqishi uchun, naqd puldan tashqari, "hibsga olingan" shaxs uchun kiyim va boshqa narsalarni berish so'raladi. Shunday qilib, firibgarlar pulni qo‘lga kiritishi bilan g‘oyib bo‘lishadi.
Nima bo‘ladi? Bu 2024 yilning bahorida qayd etilgan telefon firibgarliklarining turlaridan biri. Bu yerda qanday qilib firibgarlikni aniqlash va to'xtatish mumkin?
- Noma'lum raqamdan qo'ng'iroq va "yaqin" odamning g'alati ovozi. Bunday holatlarni qarindosh bilan shaxsan bog'lanib, qayta tekshirish lozim.
- Jinoyatchilar yaqiningiz orqali qo'rquvni manipulyatsiya qilib, darhol yechim taklif qiladilar. Ammo haqiqiy huquq-tartibot idoralari xodimlari muammolarni bu tarzda hal qilmaydi.
- Jabrlanuvchini shoshiltirib, tezda rozi bo'lishni, pul tayyorlashni talab qiladi – tinchlanib, o'ylab olishga vaqt qoldirmaydilar.
- Jinoyatchilar diqqatni tortish maqsadida o‘ylab topilgan baxtsiz hodisa haqida juda ko‘p tafsilotlarni aytib turadilar, aldangan odam yaqinlari bilan maslahatlashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kuryer kelgandan ketgunga qadar telefonda doimo aloqada bo‘lib turadi.
Vaziyat № 3: taniqli odamlarning sarmoya kiritish haqidagi reklamalari
Ssenariy. Ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatdagi taniqli shaxs nomidan sarmoyadan yuqori daromad olish imkoniyati haqida xabar tarqatiladi. Bu holatda “notiq” aktyor va rejissyor Rustam Sagdullaev (Uning o'rnida allaqachon tadbirkor Zafar Hoshimov, xonanda Sevara Nazarxon, vazirlar va hatto O'zbekiston Prezidenti ham ishtirok etgan). Videoda Sagdullayev “har bir musulmon boyib, bir kunda minimal sarmoyadan 8 million so‘m olishi mumkin”, deydi. Buning uchun, bir notanish Aliyaning Telegram kanaliga obuna bo'lishingiz kerak.
Kanalga a'zo bo‘lgan odamlarning so'zlariga ko'ra, uning egasi kichik sarmoya kiritish orqali daromadni kafolatlaydi va mijozlarning go'yoki muvaffaqiyatli operatsiyalarini ko‘rsatadi. Daromad olishni boshlash uchun, aytaylik 100 dollar miqdorida depozit qo'yishingiz kerak bo‘ladi. Shundan keyin jabrlanuvchiga daromadi o'sayotganligi haqida yolg'on xabarlar yuboriladi. Agar amalda mavjud bo'lmagan foydani olishni xohlasangiz, undan yana komissiya uchun to'lov qilishni talab qilishadi. Oxirida esa g‘oyib bo‘lishadi.
Nima bo‘ladi? Bu yerda firibgarlar uchun asosiy dastak – odamning oson pul olish istagiga bosim qilish hisoblanadi. Bu esa firibgarlikning birinchi signalidir. Yana nima shubhali ko‘rinmoqda?
Videoda taniqli shaxs ishtirokidagi video va uning ovozi eshitiladigan audio trekdan foydalaniladi. Aslida, bu deepfake – sun'iy intellekt tomonidan yaratilgan video. Agar so'zlovchining yuziga sinchkovlik bilan qarasangiz, soxtalikni sezish mumkin: lablar g'alati qimirlaydi, lab harakatlari aytilgan so'zlarga mos kelmaydi.
- Minimal xavf va xarajatlar bilan katta pulga intilish, ya'ni hirs orqali manipulyatsiya qilish. Shu bilan birga, daromad "kafolatlanadi" – lekin qimmatli qog'ozlarga investitsiya kiritishda foyda kafolatlanmaganligini yodda tutish kerak.
- Firibgarlar jabrlanuvchini qarmoqda ushlab turishadi: pul go‘yoki cho'ntakka tushishga tayyordek qilib ko‘rsatishadi, faqat uni olish uchun oz miqdorda pul to'lashlari kerak.
- Noma'lum kanaldan ham ehtiyot bo'lishingiz kerak – har doim yangi xizmatlar va do'konlarni tekshirish, ular haqida sharhlarni o'qish kerak.
Vaziyat №4: ziyorat yo'llanmalarini rasmiylashtirishdagi "yordam"
Ssenariy. Saudiya Arabistoniga Haj ziyoratiga bormoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari bilan ijtimoiy tarmoqlarda noma'lum shaxslar bog‘lanadi (yoki fuqarolarning o‘zlari internetda shunga o‘xshash reklamalarni topishadi). Tovlamachilar Umra yoki Haj ziyoratini arzon narxlarda uyushtirishga va barcha rasmiyatchiliklar, chiptalar va hujjatlarni rasmiylashtirishga va'da berishadi. Ular oldindan to'lov asosida "ishlaydilar" va kartalariga pul o'tkazishni so'rashadi – keyin o'g'irlangan mablag'lar bilan g'oyib bo'lishadi.
Nima bo‘ladi? Firibgarlar odamlarning musulmonlar uchun muqaddas joylarni ziyorat qilish istagini manipulyatsiya qiladi va odamlarning diniy masalalarda hech kim firibgarlik qilib, foyda ko'rmaydi, degan ishonchiga tayanadilar. Afsuski, bunday bo‘lib chiqmaydi – firibgarlar noqonuniy foyda olish uchun har qanday axloqiy me'yorlarni osongina buzishadi.
Bu holatda nima shubhali ko‘rinadi?
- Firibgarlar ziyoratni tezda tashkil etish, sayohat xarajatlarini minimal darajada taklif qilishadi – haqiqiy takliflarga taqqoslaganda ancha arzon bo‘lib chiqadi.
- Asosiysi, bunday yordam norasmiy hisoblanadi. Ziyoratlarni tashkil qilishga oid qoidalar mavjud, ularni bilish kerak, firibgarlar takliflarida esa bu qoidalarga amal qilinmaydi. Bu borada, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi tomonidan Umra sayohatini tashkil etish ruxsatnomasiga ega bo‘lgan turoperatorlar ro‘yxati tuzildi. Hajga esa faqat Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi orqali kvota va maxsus viza bilan borish mumkin.
Firibgarlikdan himoyalanishning asosiy qoidalari: nazorat
Karta egasi uchun 10 ta xavfsizlik qoidasini jamladik. Ularni chop etib, yaqinlaringizga ko‘rsatishingiz yoki moliyaviy savodxonlik sohasidagi 5 ta asosiy "ha" va 5 ta asosiy "yo‘q"ni doimo esda tutish uchun qo‘l ostingizda saqlashingiz mumkin.
Muhim "ha" - nima qilish kerak
- Pulingizni xavfsiz saqlash uchun bank vositalaridan foydalaning: tranzaksiya bo‘yicha cheklovlar, ilova orqali kartani tezkor bloklash. Real vaqt rejimida karta operatsiyalarini kuzatish uchun bankdan SMS/push-bildirishnomalarini ulang.
- Har doim ma'lumotni qayta tekshiring: rasmiy manbalarda – yangi ilovadagi yutuqli aksiya haqidagi xabar rostmi, yaqinlaringiz bilan suhbatda – ular haqiqatan ham yordamga muhtojmi; yangi savdo maydonchalari haqidagi sharhlarni o‘qing.
- Murakkab parollar va ikki faktorli autentifikatsiyadan foydalaning.
- Saytga shaxsiy ma'lumotlarni kiritish kerak bo'lsa, faqat shaxsiy gadjetlardan va mobil/uy Internetidan (umumiy Wi-Fi emas) foydalaning.
- Kompyuter va telefoningiz dasturiy ta'minotini rasmiy resurslar orqali yangilang, antiviruslardan va qo'ng'iroq qiluvchining raqamini aniqlovchilardan foydalaning.
Muhim "yo'q" - nima qilmaslik kerak
- Kartaning to‘liq ma'lumotlarini - raqami, amal qilish muddati, CVC, SMS dan kelgan kodlarni notanish odamlarga berish yoki shubhali saytlarda kiritish, begonalarning boshqa hisobga pul o‘tkazish yoki ilovani o‘rnatish to'g'risidagi ko‘rsatmalariga amal qilish.
- Bank kartasini boshqa odamlarning qo'liga berish va PIN-kodini aytish, PIN-kodni karta yonida saqlash.
- Notanish raqamlardan kelgan qo'ng'iroqlar va xabarlarga so'zsiz ishonish – mutaxassislar bunday hollarda umuman muloqotga kirishmaslikni maslahat berishadi.
- Haqiqiy do'kon va xizmatlar nomlariga mos kelmaydigan noma'lum va g'alati havolalarga kirish.
- Firibgarlarning asosiy “qarmog‘i” bo‘lgan – oson foyda olishga ishonish, bosim va manipulyatsiyaga berilish.
Mastercard bilan xavfsiz va qulay to‘lovlar olamini oching

Izoh qo‘shish