«Звук и ярость» - Uilyam Folknerning eng muhim romani bo‘lib, u bir necha bor ekranlashtirilgan va «Time» jurnali talqiniga ko‘ra, ingliz tilidagi 100 ta eng yaxshi roman qatoridan joy olgan.
Bu asar haqida bugungi kungacha bahs-munozaralar davom etmoqda.
Roman shakl jihatidan nihoyatda mahorat bilan yaratilgan, ammo uning murakkab hikoya uslubini anglab yetish oson emas. Yozuvchining eng katta badiiy yangiliklaridan biri shundaki, roman qismlaridan birida voqealar aqliy rivojlanishida jiddiy nuqsoni bo‘lgan qahramon tilidan, boshqa bir qismida esa asta-sekin aqlini yo‘qotib borayotgan uning akasi tilidan hikoya qilinadi.
Bunday asarni o‘qish qiyin tuyulishi mumkin: ayrim o‘rinlarda tinish belgilari deyarli ishlatilmaydi, ba’zi jumlalar esa oxirigacha yetkazilmaydi. Ammo aynan shu o‘ziga xos uslub tufayli biz qahramonlarni yanada chuqurroq anglaymiz, go‘yo ularning qalbiga kirib boramiz. Bu esa o‘quvchida nihoyatda kuchli va hayratlanarli taassurot qoldiradi.

