Taniqli adib va rassom Ernest Seton-Tompson (Ernest Thompson Seton) 1860-yil 14-avgustda Angliyada tavallud topgan. Uning ajdodlari tog‘liklardan bo‘lib, Ernest 6 yoshda ekanligida ularning oilasi Kanadaga ko‘chib keladi. Bo‘lg‘usi adib shu yerda maktabga boradi, juda ko‘p ilmiy-badiiy asarlarni mutolaa qilib, tabiat, hayvonlar, inson va tabiat munosabatlarini tasvirlovchi animalist rassom hamda iste’dodli yozuvchi bo‘lib yetishadi.
«Men bilgan jonivorlar», «Quvg‘indilar taqdiri», «Hayvonlar — qahramonlar», «Mitti yovvoyilar», «Rolf o‘rmonda», «Jonivorlar haqida hikoyalar», «Shimoliy hayvonlar hayoti» (2 jilddan iborat), «Yovvoyi hayvonlar hayoti» (4 jilddan iborat), «Yovvoyi yo‘rg‘a» va boshqa asarlari bilan jahon adabiyoti xazinasidan mustahkam o‘rin egallagan.
«Yovvoyi yo‘rg‘a» hikoyalar to‘plami Tog‘ay Murod tomonidan 1989-yilda o‘zbek tiliga o‘girilgan bo‘lib, uning asosiy g‘oyasi erkinlik va ozodlikdir.

