• Muallif: Hasanxon Yahyo Abdulmajid, Nashriyot: “Hilol” nashriyot-matbaasi, Sana: 2021 yil, Hajmi: 304 bet, ISBN: 978-9943-6462-3-0, Bichimi: 84*108 1/32, Muqovasi: qattiq
Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin! Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga salovot va salomlar bo‘lsin!
Inson jamiyati uchun zarur bo‘lgan bilimlardan biri – ijtimoiy odoblarga oid ko‘rsatmalardir. Zotan, odamlar bir jamiyatda birga yashar ekanlar, ularning o‘zaro muomalalarini tartibga solib turish, takomillashtirish va go‘zallashtirishda ijtimoiy odoblar xususidagi taʼlimotlar o‘ta muhim o‘rin tutadi. Shuning uchun ham barcha xalqlarda hamisha ushbu mavzuga alohida eʼtibor berib kelingan.
Bugungi o‘ta murakkab bir davrda ijtimoiy odoblarga insoniyatning ehtiyoji yana-da ko‘proq tushishi turgan gap. Hayot murakkablashib borar ekan, odamlarning o‘zaro munosabatlari ham qiyinlashib, murakkablashib boradi. Xususan, oxirgi asrlarda inson hayotini qulaylashtirish maqsadida ixtiro qilingan yangi vositalarga bog‘liq muomalalar yana-da murakkab vaziyatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Bunday zamonaviy vositalarga doir odob-ahkomlarga bag‘ishlangan ko‘rsatmalar eski adabiyotlarimizda topilmaydi. Chunki mazkur adabiyotlar bitilgan paytlarda bu vositalarning o‘zi yo‘q edi.
Yangi paydo bo‘lgan vositalarga bog‘liq munosabatlarga tegishli odob va ahkomlarni oyat-hadislar va boshqa diniy manbalarimiz asosida, tartibli ravishda o‘z vaqtida kishilarga yetkazib borish va ularga amal qilishni targ‘ib qilish davr ulamolarining muhim vazifalaridan hisoblanadi. Bizda aynan shu borada hali deyarli ish qilinmaganini ilm ahllari, imom domlalarimiz bilan bo‘lgan suhbatlarda eslab o‘tildi. Ushbu suhbatlarning natijasi o‘laroq ijtimoiy odoblarni vatandoshlarimizga yetkazish ishlari rejasi ham muhokama qilindi. Jumladan, uyali aloqa odobi va yo‘l harakati odobi alohida tilga olindi.

