Alloh taologa hamd-u sanolar bo‘lsin! Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga salovot va salomlar bo‘lsin!
Inson jamiyati uchun zarur bo‘lgan bilimlardan biri – ijtimoiy odoblarga oid ko‘rsatmalardir. Zotan, odamlar bir jamiyatda birga yashar ekanlar, ularning o‘zaro muomalalarini tartibga solib turish, takomillashtirish va go‘zallashtirishda ijtimoiy odoblar xususidagi ta’limotlar o‘ta muhim o‘rin tutadi. Shuning uchun ham barcha xalqlarda hamisha ushbu mavzuga alohida e’tibor berib kelingan.
Bugungi o‘ta murakkab bir davrda ijtimoiy odoblarga insoniyatning ehtiyoji yanada ko‘proq tushishi turgan gap. Hayot murakkablashib borar ekan, odamlarning o‘zaro munosabatlari ham qiyinlashib, murakkablashib boradi. Xususan, oxirgi asrlarda inson hayotini qulaylashtirish maqsadida ixtiro qilingan yangi vositalarga bog‘liq muomalalar yanada murakkab vaziyatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Bunday zamonaviy vositalarga doir odob-ahkomlarga bag‘ishlangan ko‘rsatmalar eski adabiyotlarimizda topilmaydi. Chunki mazkur adabiyotlar bitilgan paytlarda bu vositalarning o‘zi yo‘q edi.
Yangi paydo bo‘lgan vositalarga bog‘liq munosabatlarga tegishli odob va ahkomlarni oyat-hadislar va boshqa diniy manbalarimiz asosida, tartibli ravishda o‘z vaqtida kishilarga yetkazib borish va ularga amal qilishni targ‘ib qilish davr ulamolarining muhim vazifalaridan hisoblanadi. Bizda aynan shu borada hali deyarli ish qilinmaganini ilm ahllari, imom domlalarimiz bilan bo‘lgan suhbatlarda eslab o‘tildi. Ushbu suhbatlarning natijasi o‘laroq ijtimoiy odoblarni vatandoshlarimizga yetkazish ishlari rejasi ham muhokama qilindi. Jumladan, uyali aloqa odobi va yo‘l harakati odobi alohida tilga olindi.
Yosh va qobiliyatli ahli ilmlarimizdan Husayn qori Yahyo Abdulmajid uyali aloqa odobi bo‘yicha risola yozishni o‘ziga vazifa qilib tanladi. Maslahatlashib, reja tuzildi va ish boshlandi.
Shu paytda boshqa bir yosh va iqtidorli ahli ilmlarimizdan biri Hasanxon qori Yahyo Abdulmajid yo‘l harakati odoblari bo‘yicha risola yozish haqida maslahat va tavsiyalarni olib, ish boshladi va uni yozib bitirdi.
Bu kabi alohida e’tibordan ruhlangan muallif Hasan qori Yahyo Abdulmajid risolani qayta ishlab, unga yangi boblar va ma’lumotlar qo‘shishga kirishdilar. Risolaning negizi muallifning bitiruv-malakaviy ishini tashkil qiladi. Kitobning saviyasi, undagi ma’lumotlarning tizimidan kelib chiqib, muallif risolani ham o‘sha ilmiy ish usulida berishni ma’qul ko‘rgan. Risola ravon uslubda bitilgan, hujjat va dalillar o‘z o‘rnida keltirilgan. O‘qigan odamda yaxshi taasurot qoldiradi. Eng muhimi, u bugungi hayotimizning eng dolzarb bo‘g‘inlardan biri bo‘lgan mavzuga doir odob-ahkomlar borasidagi katta bir bo‘shliqni to‘ldiradi. Agar ushbu risolani o‘qib, undagi odoblarga amal qilib borsak, dunyou oxiratimiz uchun juda ham ko‘p foydalar olishimiz turgan gap.

