Pomidor mevasi yangi uzilgan holida xamda tuzlangan, marinadlangan, turli salatlar holida isteʼmol qilinadi. Pomidor hosilining yarmi sharbat, pyure, pasta, sous sifatida qayta ishlanadi. Pomidorning mevasi to‘yimli mazali va shifobaxsh xususiyatlarga ega.
Ekish uchun tavsiya etiladigan navlar.
Pomidorni ertapishar Do‘stlik, Saxiy, Shafaq, Sevara, o‘rta-ertapishar Toshkent tongi, o‘rtapishar TMK-22, O‘zbekiston–178, Surxon–142, Bahodir, Sharq yulduzi, Sitora, kechpishar Namuna–70, Doni 2000 navlari ekiladi.
Ko‘chat tanlash.
Urug‘ ekishdan oldin virus kasalliklariga qarshi 48 soat davomida 50–52 oS va 24 soat 80oS qizdirilsa, keyin 3 minut 5 foizli sho‘r suvda ivitilsa yaxshi natija beradi. Pomidor ko‘chatlari 40–45 kunlik, poyasi va ildizlari baquvvat rivojlangan, 6-7 chinbarglarga ega bo‘lgan, to‘q yashil, sog‘lom bo‘lishi lozim.
Yer tayyorlash.
Pomidor ekish rejalashtirilgan yerlarni tayyorlash ishlari kuz oylaridan boshlanadi. Xosildan bo‘shagan maydondagi o‘simlik qoldiqlari tozalanib, mahalliy o‘g‘it sochib chiqiladi. Yer maydoni 28–30 sm chuqurlikda yumshatiladi. Erta baxorda yer 14–16 sm chuqurlikda yumshatiladi. Yirik kesaklar xaskash yordamida maydalanib bir yo‘la yer tekislab olinadi, keyin 70 sm yoki 90 sm qator oralig‘ida ekish uchun egatlari tortib chiqiladi.
Ekish muddati va sxemasi.
Pomidor ko‘pincha ko‘chatida ekib o‘stiriladi. Ko‘chatlar janubiy viloyatlarda ertagi navlar martning III o‘n kunligida, o‘rta va kechpishar navlar aprelning I–II o‘n kunligida; markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda ertapishar navlar aprelning I o‘n kunligida, o‘rta va kechpishar navlar aprelning II–III o‘n kunligida hamda mayning I–II o‘n kunligida ekiladi. Pomidorning ertapishar va o‘rtapishar navlari ochiq dalalarda 70×40 sm va 90×30 sm sxemada ekiladi. Ekilgandan so‘ng ko‘chatlar albatta sug‘oriladi. 1 sotix maydonga ekish sxemasiga qarab 280–570 ta ko‘chat sarflanadi. Parvarishlash.
O‘simliklarga birinchi ishlov berish ko‘chatlar tutib olgach, yaʼni ekilganidan 10–12 kundan keyin boshlanadi. Bunda egatlar ichi, pushta va qatordagi ko‘chatlar orasi yengil chopiq qilinib yumshatiladi. Yengil chopiqdan so‘ng 12–15 kun o‘tgach, sug‘oriladi va oziqlantiriladi. Pomidorni o‘suv davrida 3-4 marta qo‘lda chopiq qilinadi. Pomidor suvga talabchan o‘simlik bo‘lib, sizot suvi chuqur joylashgan yerlarda o‘suv davri mobaynida 29 18–20, sizot suvi yuza joylashgan yerlarda 12–15 marta sug‘oriladi. Sizot suvi chuqur joylashgan yerlarda hosil yetilguncha har 8–12 kunda, hosil yoppasiga pishganda esa 5–7 kunda sug‘oriladi. Kuz boshlangandan keyin ekin kamroq sug‘oriladi. Pomidor qiyg‘os pishganda yorilib ketmasligi uchun navbatdagi hosil terib olingandan keyin suv beriladi.
O‘g‘itlash.
Pomidor yetishtirishda sof holda 1 sotix maydonga 7,6 kg sulfat ammoniy, 2,6 kg ammofos, 1,6 kg kaliy xlor o‘g‘itlari beriladi. Pomidor qo‘shimcha oziqlantiriladi, bunda oksigumat, gummat natriy roslin kabi moddalar bilan bargidan oziqlantirilsa, o‘simlikni rivojlanishi va xosildorligi ortadi.
Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish.
Agrotexnik tadbirlardan biri almashlab ekishga amal qilish, urug‘ni ekishga tayyorlashda ishlov berish ularni virusli va bakterial kasalliklardan xoli qilishdir. Pomidorda asosiy zararkunandalaridan pomidor kuyasi, shira, oqqanot, trips, zang kanaga qarshi 10 sotixga Perfekto 17,5 sus.k. (20-30 ml), Karate 5% em.k., Mospilan 20% n.kuk. (25–30 g), Koragen 200 k.e (xloratraniliprol) – 10l suvga 1,5-2 ml va g‘o‘za tunlamga Avaunt 15% em.k. (40 ml), Tayshin s.d.g. (10–12 g) preparatlari qo‘llaniladi. Biologik usulda kuya, kuzgi tunlam va g‘o‘za tunlami tuxumiga qarshi trixogrammma (har bir avlodga 1 g. dan 3 marta); qurtlariga qarshi (brakon 100 dona), so‘ruvchi zararkunandalarga qarshi oltinko‘z, oqqanotga qarshi enkarziya, makrolofis entomofaglari qo‘llaniladi. Zang kanaga qarshi oltinko‘z entomofagi yaxshi samara beradi.

