• Muallif: Hasanxon Yahyo Abdulmajid
• Nashriyot: «Hilol» nashriyot-matbaasi
• Hajmi: 336 bet
• ISBN: 978-9943-8743-9-8
• O‘lchami: 10x14.5 см
• Muqovasi: qattiq
• Alifbosi: kirill
• Tili: o‘zbek
«Xatmi Qur’onga marhabo»
TAQDIM
Robbimiz Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz bo‘lsin!
Rasulimiz Muhammad Mustafoga durudu salavotlarimiz bo‘lsin!
O‘tgan mustabid tuzum davrida diniy qadriyatlarimiz toptalib, har qanday diniy amalga yovqarash hukm surgan edi. Diniy muassasalarni qayta ochishga ruxsat berilib, diniy an’analarga biroz yo‘l berilgan paytda ham hamma narsada o‘ta mahdud, biryoqlama siyosat ustuvor bo‘ldi. Oddiygina Ramazon oyidagi xatm uchun ham yuqori tashkilotlardan maxsus ruxsat olish kerak edi. Shunda ham uzundan-uzun maslahatlar bilan sanoqligina masjidga ruxsat tegardi. Butun mamlakat bo‘yicha birgina «Hazrati Imom» masjidida xatm qilishga ruxsat berilgan paytlar ham bo‘lgan. O‘z diniga sadoqatli xalqimiz esa ilohiy kalomga tashna dil bilan yurtimizning ozodligini so‘rab, Allohga yolvorib duolar qilar edi. O‘sha ezgu tilaklarning samarasini bugun siz bilan biz – mustaqil O‘zbekiston musulmonlari o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, bahralanib turibmiz.
Bugun mamlakatimizda 2038 masjid faoliyat olib bormoqda. Ularning aksarida har yili Ramazon oyida qorilarimiz Allohning so‘nggi kalomi Qur’oni Karimni xatm qilmoqdalar, xalqimiz bu ilohiy armug‘ondan bahramand bo‘lmoqda. Bundan bag‘oyat mamnun bo‘lgan mo‘min-musulmonlar xatmi Qur’on asnosida chin dildan, ko‘zlarida yosh bilan el-yurt va rahbaru fuqarolar haqqiga ezgu duolar qilib, yurtimizning ravnaqini so‘rab Alloh taologa iltijolar qilmoqdalar. Bugungi yutuqlarimiz zamirida mana shu oliy tilaklarning ham hissasi beqiyos, albatta. Hozirda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutining «Tahfizul-Qur’on» bo‘limida qorilarimiz bir-bir yarim yil ichida Qur’oni Karimni to‘liq yod olish sharafiga muvaffaq bo‘lmoqdalar va yurtimizdagi masjidlarda tashkil qilinayotgan xatmi Qur’onlarda faol ishtirok etmoqdalar. Albatta, bu quvonarli hol ham yurtimizdagi tinchlik, xotirjamlikning samaralaridandir. Bularning barchasi uchun biz doimo shukrlar bajo keltirishimiz va yana ham astoydil harakat qilib, yuksalishimiz darkor.
Qur’oni Karim Alloh taoloning mo‘jiz kalomidir, eng ulug‘ kalomdir. Alloh bilan banda orasida qancha farq bo‘lsa, Allohning kalomi bilan bandaning so‘zi o‘rtasida ham o‘shancha farq bordir. Qur’onning har bir so‘zi, har bir harfiga ulkan savoblar va’da qilingan. Uning har bir oyati ruhu tanga shifodir. Uni o‘qish va uqish har bir musulmonga farzi ayndir. Alloh taolo Naml surasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga shunday deyishni buyuradi:
«Men musulmonlardan bo‘lishga amr etildim va Qur’onni tilovat qilishga ham» (91–92-oyatlar).
Ushbu amri ilohiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga va u zot orqali butun ummatga qaratilgandir. Shu bois, ul zot o‘zlariga Qur’on nozil bo‘lishi bilan birga, hamisha Qur’on o‘qir va uni xatm qilib turar edilar. Har Ramazon oyida vahiy farishtasi Jabroil alayhissalom bilan Qur’onni xatm qilganlari sahih rivoyatlarda bor. Shuning uchun Ramazon oyi Qur’on oyi deb atalgan va bu oyda Qur’onni xatm qilish Islom ummati uchun sunnat bo‘lib qolgan. Sahobai kiromlar, salafi solihlar va ulug‘ ajdodlarimiz ham hamisha Qur’on o‘qib, uni xatm qilib turganlar, xususan, muborak Ramazon oyini Qur’on oyi o‘laroq o‘tkazishga alohida e’tibor berganlar. Imom Molik, Sufyon Savriy va imom Buxoriy kabi allomalarimizning Ramazon oyi kirishi bilan boshqa ilmiy davralarni to‘xtatib, hammasining o‘rniga Qur’on xatm qilishga o‘tishlari ham barchamiz uchun ibrat bo‘lishi kerak.
Bugungi kunda yurtimizda o‘tkazilayotgan xatmi Qur’onlar ko‘p jihatdan namunali va go‘zal tarzda ado topmoqda. Shu bilan birga, bu ibodatni endilikda yuqori ilmiy saviyada, bilim va hujjat asosida, yanada mukammal, yanada manfaatli shaklda o‘tkazish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri bo‘lib turibdi. Xususan, qorilarimiz bu ma’noda o‘z ustilarida yana ham ko‘proq ishlashlari, Qur’oni Karimning tajvidini, uning ma’nolarini, axloqu odobini ham puxta egallashga harakat qilishlari lozim. Qur’onni go‘zal suratda, harf va kalimalarini dona-dona qilib, muhabbat bilan qiroat qilish har bir qorining Qur’on oldidagi burchidir. Shu bilan birga, qorilarimiz Qur’onni qiroat qilishda qanchalik yaxshi namuna ko‘rsatsalar, unga amal qilishda ham ana shunday o‘rnak bo‘la olishlari darkor.
Xatmi Qur’onda ishtirok etayotgan har bir musulmon kishi Qur’onga nisbatan odob bilan, ixlos bilan munosabatda bo‘lishi dinimiz talablaridandir. Qur’on qiroatini tinglash bilan birga uning ma’nolarini o‘rganishga ham harakat qilish lozim. Yurtimizda ulamoi kiromlarimiz tomonidan ona tilimizda yozilib, nashr etilayotgan tafsirlarni o‘qib, ilohiy o‘gitlardan bahramand bo‘lib borsalar, har kungi o‘qiydigan, tinglaydigan suralarining qisqacha mazmuni bilan tanishib borsalar, juda ham ulkan ajru savoblarga, foydalarga ega bo‘ladilar, inshaalloh.
Allohga shukrlar bo‘lsinki, hozirgacha yurtimizda Qur’oni Karimga doir bir qator kitoblar chop qilinib, xalqimiz qo‘liga yetib bordi. Ammo yuqorida biz so‘z yuritgan mavzu – xatmi Qur’on haqida haligacha biror maxsus asar yo‘q edi. Yosh tadqiqotchilarimizdan Hasanxon Yahyo Abdulmajid tarafidan tayyorlangan ushbu «Xatmi Qur’onga marhabo!» nomli kitob bu boradagi birinchi qadam bo‘ldi. Risola juda ham ravon, lo‘nda tili va xalqchilligi bilan ajralib turadi. Unda juda ko‘p qimmatli ma’lumotlar o‘rin olgan. Ayniqsa, xatmi Qur’on duosiga doir satrlar hech kimni befarq qoldirmasa kerak. O‘ylaymizki, bu kitob avvalo qorilarimiz uchun, qolaversa, barcha mo‘min-musulmonlar uchun ajoyib qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.
Alloh taolodan o‘tinchimiz – hofizi Qur’onlarimiz yana ham ko‘payaversin, ularning sharofatlaridan yurtimiz yanada osuda bo‘lib, xalqimizning ichu tashi ilohiy kalom nuri bilan munavvar bo‘lib boraversin!
Usmonxon Alimov rahimahulloh

