Shakespearening adabiy merosi sheʼriyat va dramaturgiya asarlaridan iborat. Yoshlik yillarida mifologik syujet asosida yozgan „Venera va Adonis“ (1593) hamda Rim tarixiga oid „Lukretsiya“ (1594) dostonlari samimiy kutib olingan. Bu asarlar, ayniqsa, 1592—1600-yillarda yozilgan „Sonetlar“ Shakespearening Uygʻonish davri madaniyati bilan uzviy aloqada maydonga kelganini koʻrsatdi. Jahon lirikasining buyuk namunalari qatoridan oʻrin olgan Shakespeare sonetlari mavzu jihatidan 2 guruhga ajraladi: dastlabki 126 sonet shoirning yaqin doʻstiga bagʻishlangan boʻlsa, 127—152-sonetlarda lirik qahramonning bevafolik qilgan mahbubaga nisbatan muhabbat tuygʻusi va iztiroblari tasvir etilgan. Shakespeare yana bir necha dostonlar ham yozgan boʻlsada, ularning muallifi masalasi hamon bahslidir.

