O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toirning yangi kitobiga asosan ma’rifiy ruhdagi she’rlari jamlandi. Darhaqiqat, shoirning ilohiy mavzudagi she’rlari ko‘ngildagi nurning – iymon va muhabbat nurining jilolaridir.
Kitob she’riyat muhiblariga manzur bo‘ladi, deb umid qilamiz.
Mahmud Toir bir qancha nazmiy kitoblar bilan xalqimizga tanilgan shoir. Uning she’rlari maqomi va mazmun-mohiyatini muhtaram adabiyot muxlislari mendan ko‘ra yaxshiroq biladilar. Ammo kamina bu kamtarin xalq shoiri ijodini boshqa qirralari haqida – ma’rifiy-ma’naviy, yorqinroq aytganda, ilohiy mavzudagi qirralari haqida muxtasar so‘z yuritmoqchiman.
Albatta, inson zoti borki, ilohiy kuchga moyil, o‘z Yaratgan Egasiga muhtoj. Dunyoda shoir zoti borki, cheksiz qudrat egasi bo‘lmish Haq taologa bandaligini izhor etishga, qalbidagi ilohiy shavqdan hosil bo‘lgan tuyg‘ularini bayon etishga oshiqadi. Ana shunday bashariy xislatdan Mahmud Toir ham xoli emas.
Albatta, biz hazrat Xoja Ahmad Yassaviyning oshiqona va orifona hikmatlari, Sulaymon Boqirg‘oniyning donishmandona she’rlari, qomusiy alloma va shoir So‘fi Allohyorning nurli kitoblari ruhida tarbiya topganmiz, ko‘p shukur.
Lekin men buyuk olmon (nemis) shoiri Yohan Volfgang Gyotening «G‘arb-u Sharq» degan she’riy kitobi tarjimasini va undagi bir necha maqolalarni rahmatli olim va shoir Sadriddin Salim Buxoriy tarjimasida o‘qib chiqib, g‘oyat hayratga tushdim. Qalbimda bu shoirga nisbatan teran hurmat paydo bo‘ldi. «Bizning o‘z zamonaviy shoirlarimiz aziz va jalil bo‘lmish Alloh taoloni shunchalik taniydimi? Yaratgan Zotga iymoni va bandalik maqomini shunchalik samimiy izhor etadimi?» degan fikrlar ko‘nglimdan kechdi.

