Kecha dadamdan soʻrab qoʻyganim uchun bugun akam ham «kerak emas, borma» degan jekirishini qilmadi. Choyni naridan-beri ichib, otxonaga yugurdim. Dadam bilan oyim: — Oyogʻing olti, qoʻling yetti boʻlib qoldiyov! — deb kulishib qoldilar. Qashlogʻichni oldim-da, qora qashqqamni yalangʻochlab uyoq-buyogʻini qashlab chiqdim. Jonivor tipir-tipir qiladi, bosh chayqaydi, yer tepinadi, dum silkitadi... Shuning bilan mening koʻnglimga: «Xudo xohlasa kelasi yilga bir uloqlar chopayki, hamma meni: «Turgʻun chavandoz», deb atasin degan orzular tushadi. Ulugʻ hayitdagi hayitlikka oldirgan moʻgʻul egarcha bilan gʻalaticha qilib toychamni egarladim. Togʻamga yalinib-yalpogʻlanib oldirgan oʻrus yuganni artib-surtib soldim-da, oʻzim chetroqdan turib kam-koʻstini kuzatdim: — Quyushqoni ham oʻrnida, egar ham yaxshi qoʻngan, qorinbogʻi ham jips, yugan ham toʻralarnikidek! Lekin umuldirigʻining yoʻqligi biroz koʻnglimni gʻash qildi. Anchagina oʻylab turganimdan keyin, akamning yugan uchun asrab qoʻygan qayishi esimga tushib, sekingina yertoʻladan haligi qayishni olib chiqib, umuldiriq yasadim. Endi toycham juda ham gijinglab, xuddi toʻralarnikidek boʻlib ketdi. Uyoq-buyogʻini supurgandan keyin ustunga qantarib qoʻydim. Endi qoldi: oq jujuncha kamzulimni, oʻrischa shimni, amirkon etikni, baxmal toʻppini kiyish... Ana shundan keyin otga minsak chin toʻracha boʻlamiz-da! Oyimning bir qiziq odati bor: har qachon yangiroq kiyim kiymoqchi boʻlsam, koʻzini ola-kula qilib: «Qaqshagʻir, kir qilasan, toʻy-poʻyga borganda kiyarsan!» — deb qargʻay boshlaydi. Ozgina «shayton yigʻisi» qilmaguningcha ish oʻnglanmaydi. Bu gal ham oʻshandogʻ yigʻidan qilib olganimdan keyin, kiyimlarimni kiyib, shohi qiyiqchamni belimga bogʻlab oldim. Oyimga bildirmasdan sekingina uyga kirib, dadamning kumush chopqon qamchisini ichimga tiqib, tashqariga chiqdim. Xizmatchi goʻsht keltirib turgan ekan. Otxonadagi qora qashqani koʻchaga chiqarib turishga buyurib, goʻshtni oyimga kirgizib berdim-da, tashqariga qarab chopdim. Oyim orqamdan: — Kiyimlaringni kir qilma, toyingni qattiq choptirma, uloqchilar orasiga kirib, biror hodisaga yoʻliqma, oʻrtoqlaring bilan bir chetda turib tomosha qil! — deb javrab qoldi. Xizmatchidan otni olib mindim. Toʻnimning etaklarini yigʻishtirib, qashqachamning choviga bir-ikki qamchi bergan edim, jonivor shataloq otib ketdi. Xizmatchining: «Ha, barakalla! Chavandoz!» degan tovushini eshitib, qattiqroq qamchilab edim, jonivor qashqacham koʻtarib ketayozdi.

