Hozirgi ilm-u fanning mislsiz ravishda taraqqiyot topgan zamonida, har bir mo‘min-musulmon kishi Islom dini mohiyatini to‘la anglashi va uni hayotga tatbiq etishda, shubhasiz mavjud fiqhiy mazhablar va ularning imomlarining hayoti va ilmiy faoliyatlaridan to‘la xabardor bo‘lishi davr talabi hisoblanadi. Shundagina islomda mazhabning mohiyati va uning musulmon jamiyatida tutgan o‘rnini yaqqol tasavvur etishi mumkin bo‘ladi. Mazhab imomlari haqida ma’lumot olish maqsadida saodat asriga yaqin bo‘lgan va ishonchli manbalarga asoslangan holda bitilgan kitob yoki risolalarni tarjima etib, bu boradagi ehtiyojni qondirish muhim bir ilmiy vazifa hisoblanadi. Alloh taolo kamina faqirni imom, alloma Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Abdulhodiy Maqdisiyning «To‘rt imom manoqiblari» nomli asarini o‘zbek tiliga o‘girib, ilm-u ma’rifatga chanqoq o‘quvchilarga taqdim etish sharafiga muyassar etdi.

