Nuri — asalarichi, uning rafiqasi Afra esa — rassom. Tongda Nuri azon ovozini tinglash uchun erta uyg‘onadi, so‘ngra qishloqdagi o‘z uyalari tomon yo‘l oladi. Dam olish kunlari Afra ochiq osmon ostidagi bozorda o‘zi chizgan rang-barang manzaralarni sotadi. Ular go‘zal Suriya shahri Halab tepaliklarida oila va do‘stlar davrasida oddiygina hayot kechirishadi — toki kutilmagan dahshat yuz bermaguncha. Ular yaxshi ko‘rgan hamma narsa urush oqibatida vayron bo‘lgach, Nuri uylarini tark etishdan boshqa chora qolmaganini tushunadi. Ammo Suriyadan qochib ketish oson kechmaydi: Afra ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan, shuning uchun Nuri ham uning dardi bilan yashashi, ham Buyuk Britaniyadagi noaniq kelajak sari Turkiya va Gretsiya orqali o‘tuvchi xatarli safarni bosib o‘tishi kerak bo‘ladi.
Nuriga faqatgina ularni amakivachchasi Mustafo kutayotgani haqidagi umid madad beradi; u Yorkshirda asalari xo‘jaligini yo‘lga qo‘yib, boshqa qochoqlarga asalarichilik sirlarini o‘rgatmoqda. Vayron bo‘lgan dunyo bo‘ylab sayohat qilar ekan, Nuri va Afra nafaqat o‘zlarining so‘z bilan ta’riflab bo‘lmas yo‘qotishlari alamiga, balki hatto eng jasur insonlarni ham yengib qo‘yadigan xavf-xatarlarga qarshi turishlari kerak. Eng muhimi, ular bir-birlariga qaytishning qiyin yo‘lini bosib o‘tishlari lozim — bu yo‘l bir paytlar juda yaqin bo‘lgan, ammo vatangadolik dardi tufayli begonalashib qolgan edi.
Ta’sirli, samimiy va nafis mahorat bilan yozilgan «Halablik asalarichi» romani — bizning zamonamiz kitobidir: bu roman eng tinch va osoyishta hayot ham kutilmagan tarzda ostin-ustun bo‘lib ketishi mumkinligini eslatuvchi hamda olis o‘lkalardagi sayohatni qalblarga yaqin qilib, hech qachon unutilmas taassurot qoldiruvchi asardir.

