"Temur tuzuklari" asari "Temur tuzuklari," "Temuriy tuzuklari," "Malruzoti Temuriy," "Voqeoti Temuriy" deb ham atalib, ikki qismdan iborat.
Birinchi qismda Amir Temurning tarjimayi holi, ijtimoiy-siyosiy faoliyati, Movarounnahrda markaziy hokimiyatni qo‘lga kiritishi, siyosiy tarqoqlikka barham berishi, markazlashgan davlat barpo etishi, 27 mamlakatni o‘z tasarrufiga kiritishi haqida buyuk Sohibqiron tilidan qisqacha ma’lumot berilgan.
Ikkinchi qism mashhur jahongirning farzandlariga atalgan o‘ziga xos vasiyatlari, pand-nasihatlaridan iborat. Unda davlatni boshqarishda kimlarga tayanish, hukmdorlarning xulq-atvori va vazifalari, vazirlar va lashkarboshilarni saylash, qo‘shinning tuzilishi va urush olib borish qoidalari, sipohiylarning maoshi, mamlakatni boshqarish tartibi, davlat arboblari va lashkarboshilarning vazifa va funksiyalari, amirlar, vazirlar va boshqa mansabdor shaxslarni toj-u taxt oldidagi alohida xizmatlari uchun mukofotlash tartibi va boshqa masalalar bayon etilgan."

