Nima uchun Telbani o‘qigan kitobxon dahо ijodkor Dostoevskiy ijodiga qayta murojaat qilishga o‘zida kuchli ma’naviy ehtiyoj sezadi? Kitob qahramoni telba, darvish bo‘lgan holda o‘quvchini qaysi jozibasi bilan o‘ziga tortadi? Javoblar bisyor.
Hamma zamonlarda bo‘lgan, hamma zamonlarda uchraydigan – manfaatparast, boylikka mukkasidan ketgan johillar orasida yashab, insoniylik mohiyatini saqlab qolgan, odamlarga hamisha hamdard bo‘lolgan, buyuk qalbi bilan yashagan Knyaz Mishkin (telba) hayotining o‘ta murakkab va mushkul damlarida zohiran juda go‘l va zaif ko‘ringan qahramonimizga qalban muhtojlik sezgan Nastasya Filippovna, Aglaya kabi asarning tayanch qahramonlari mutolaa yakunigacha o‘quvchining diqqat markazida turadi.
Roman yozilganiga yuz ellik yilga yaqin fursat o‘tgan bo‘lsa-da, undagi qalbni poklashga bo‘lgan da’vat, tuyg‘ularni e’zozlash, har qanday sharoitda ham o‘zligini yo‘qotmasdan yashash kerakligi haqidagi ta’kidlar, fikrlar kitobni mutolaa qilgan har bir o‘quvchi uchun yangi bir kashfiyot bo‘lib qolaveradi.

