Qiziqarli va dolzarb mavzularda ko‘psonli kitoblar yozadigan xorijlik adiblar ijodi bilan tanishganimizda: «Shuncha asarni yozishga qanday vaqt toparkan-a?!» degan hayratomuz savol ongimizga o‘rnashadi. Ana shunday sermahsul ijodkor yurtdoshimiz Komil Sindorov qalamiga mansub detektiv asarlar ham mutolaa ixlosmandlarining qalbidan o‘rin egallab kelmoqda.
Qo‘lingizdagi mazkur yangi kitob - “Tazarru” “Tergovchi” seriyasida nashr etilgan asarlarning mantiqiy davomi, sanoq bo‘yicha o‘n beshinchisi hisoblanadi.
Asarda bir murakkab qotillik jinoyatini fosh etish voqealarini tasvirlash asnosida yozuvchi jamiyatimizdagi qator maʼnaviy masalalarga ham o‘quvchi diqqat-etiborini qaratadi, Vatanga muhabbat, vijdon uyg‘oqligi, halollik fazilatlarining jamiyat hayotida, yurt ravnaqida nechog‘li ahamiyatli ekaniga urg‘u beradi. Mutolaa jarayonida o‘z kasbining fidoyilari - qilni qirq yorib, nina bilan quduq qazigan misol jinoyat izidan izma-iz tushgan bir guruh, xodimlarning mashaqqatli mehnati zalvorini birga boshdan kechirgandek bo‘lasiz.
Aziz kitobxon, siz mazkur asarning nechanchi sahifasida jinoyatchini to‘g‘ri tusmollay olarkansiz, bir sinab ko‘rmaysizmi? “Tazarru” bilan maroqli va hayajonli mutolaa onlarini o‘tkazasiz, degan umiddamiz!

