Odamda masʼuliyat hissi bo‘lmasligi aybni birovga to‘nkash, o‘zini jabrdiyda his etib norozi bo‘lish, oxir-oqibat ishni ortga surishga sabab bo‘ladi. Shaxsiy javobgarliksiz hech bir kompaniya yoki inson erkin bozorda muvaffaqiyatli raqobatlashishi, o‘z oldiga qo‘ygan maqsad-vazifalariga erishishi, mukammal xizmat ko‘rsatishi, ajoyib jamoaviy ishda qatnashishi va odamlarni professional o‘stirishi ehtimoldan juda yiroq.
Jon G. Millerning fikricha, kompaniyalar jabr ko‘rayotgan bu muammolarni kimnidir ayblash orqali hal qilib bo‘lmaydi. Masalaning chinakam yechimi har birimiz shaxsiy javobgarlikni his etganimizdagina topiladi. Miller o‘zining ushbu kitobida “Nima uchun hammasini biz bajarishimiz kerak?” yoki “Aybdor kim o‘zi?” singari salbiy va noto‘g‘ri berilgan savollar odamlarda masʼuliyat yetishmasligidan darak beradi, deydi. “Vaziyatni yaxshilash uchun nima qila olaman?” yoki “Men qanday hissa qo‘shishim mumkin?” kabi to‘g‘ri savollar esa hayotimiz va jamoamizni ham o‘zgartirib yuboradi.
Qisqa, tushunarli va amaliy, “SOS! Savol ortidagi savol” ajoyib natijalarga olib kelishi mumkin bo‘lgan kundalik hayotga shaxsiy javobgarlikni qo‘llash usulini taqdim etadi: muammolar hal qilinadi, to‘siqlar yo‘qoladi, xizmat yaxshilanadi, jamoaviy ish samarasi ortadi va odamlar o‘zgarishlarga moslashadi.
Kitobning kirish qismi:
Qayoqqa ketdi...
Xyuston shossesidagi eʼlonlar taxtasida ushbu savol paydo bo‘ldi:
“Masʼuliyat hissi qayoqqa ketdi?”
Eʼlonni u yerga kim ilganini bilmayman, ammo u ko‘zimga cho‘g‘day ko‘rindi. U bejiz ayni haqiqatdek ko‘rinmagandi. Masʼuliyat hissi qayoqqa ketdi? Nega bugun odamlar o‘z muammolari, hislari va qilmishlari uchun boshqa kimnidir yoki nimanidir ayblashdan nariga o‘tolmayotgandek tuyulyapti?
Mana, bunga ayrim misollar:
Gaz quyish shoxobchasidagi do‘kondan qahva izla- yotgandim, lekin grafin bo‘sh ekan. Shundan so‘ng peshtaxta ortidagi kishiga “Maʼzur tutasiz, idishda qahva yo‘q ekan”, – deya murojaat qildim. U o‘zidan nari borsa, 4,5 metr uzoqlikdagi hamkasbini ko‘rsatib: “Qahva unga tegishli bo‘limda!” – dedi.
Bo‘lim? Shu yo‘l chekkasidagi kattaligi bitta xonamcha keladigan gaz quyish shoxobchasida-ya?
Yana bir misol: mamlakat bo‘ylab parvoz vaqtida styuardessa o‘tirganlarga “Barchangizdan uzr so‘ray- miz, sizga vaʼda qilingan film bugun qo‘yilmaydi. Keytering bordga yanglishib boshqasini olib chiqibdi”, – deya eʼlon qildi.
Navbatdagi holat: pissa yetkazib berish xizmati, aftidan, bizning buyurtmamizni yo‘qotib qo‘ygandi. Bu vaqtda oilam qorni och holda mashinada o‘tirar, men esa pissamizni kutib, u yoqdan-bu yoqqa borib-kelardim. Shu payt peshtaxta ortidagi yigit dabdurustdan: “Meni ayblamang, navbatim endigina boshlandi!” – deb qoldi.
“Bu mening aybim emas”, “Bu mening vazifamga kirmaydi” yoki “Mening muammoim emas...”ga o‘xshash gaplarni tez-tez eshitamiz. Eʼlonlar taxtasidagi yozuv ko‘zimga cho‘g‘day ko‘ringanining qisman sababi – o‘sha fikrga to‘la qo‘shilganimda. Biroq meni kimdir shax- siy javobgarlikka yetarlicha jiddiy qarab, bu yozuvni birinchi navbatda shu taxtaga joylash uchun masʼuliyat hissini tuya olgani lol qoldirgandi.
Men ham buni chuqur his qilganim sababli ushbu kitobni yozdim.
Xo‘sh, bu kitob kim uchun o‘zi? Mazkur asar:
“Anavi bo‘lim qachon o‘z ishini to‘g‘ri bajaradi?”
“Nega ular yaxshiroq muloqot qila olmaydi?”
“Kim qovun tushirdi?”
“Nega biz bu o‘zgarishlarni boshdan kechirishimiz kerak?”
“Qachon menga birov o‘rgatadi?”
“Nega biz yaxshiroq odamlarni topa olmayapmiz?”
“Kim bizga aniq tushuncha beradi?”ga o‘xshash savollarni eshitgan yo so‘ragan har qanday kishi uchundir.
Bu savollar yetarlicha bezarar ko‘ringani bilan, masʼuliyat hissi yetishmasligini bildiradi (men “shaxsiy javobgarlik” atamasini maʼqul ko‘raman) va u biz bugun duch kelayotgan ko‘plab muammolarning ildizi sanaladi.
Aksincha, fikrlash tarzimizni o‘zgartirib, javobgarlik hissi kuchliroq bo‘lgan savollarni berish tashkilotlarimiz va hayot tarzimizni yaxshilash yo‘lidagi eng taʼsirli va samarador choralardan biridir.
“Savol ortidagi savol” (SOS!) yillar davomida takomillashtirilgan qurol bo‘lib, kishilarga, shu jumladan, menga ham, o‘zimiz haqimizda yaxshiroq savol- lar berish orqali javobgarlik hissini oshirishga ko‘maklashadi.
Men bu g‘oya haqida 1995 yildan beri yozaman va gapiraman, mavzu esa har qachongidek o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Deyarli har kuni SOS yordamida unum- dorlik oshgani, yakdillik kuchaygani, stresslar kamaygani, munosabatlar sog‘lomroq bo‘lgani va xaridorga sifatliroq xizmat ko‘rsatilgani haqidagi muvaffaqiyat tarixini eshitaman.
Har holda, odamlarning SOSdan olayotgan eng katta foydasi shaxsiy ehtiyoj bilan bog‘liq: bu tarzda fikr- lay boshlaganlari hamon barchasi o‘z-o‘zidan yaxshilanadi. Odamlar ko‘proq zavq tuya boshlaydilar. Shaxsiy javobgarlik yo‘lini tanlaganlar uchun hayot go‘zal va yoqimliroqdir.
Xullas, yuqorida sanab o‘tilganga o‘xshash savollar- ni eshitgan bo‘lsangiz, boshqalardagi masʼuliyatsizlik hafsalangizni pir qilgan bo‘lsa yoki o‘zingizda shunday fikrlash tarzining ayrim jihatlarini payqagan bo‘lsangiz, bu kitob siz uchun! Mutolaadan zavqlaning!

