Bundan yuz yilcha muqaddam yozilgan ushbu ixcham risola Movarounnahrdan yetishib chiqqan, iymonini sovetlar tuzumi tazyiqidan saqlab qolish maqsadida ko‘p yillar muhojirlikda yashagan ulug‘ olim va adib Sayyid Mubashshir Taroziy qalamiga mansub. Islom diniga doir ellikka yaqin kitob muallifi o‘zining bu asarida kitobxonga Allohning tavhidini, insoniyatning ruhiy-ma’naviy tabiblari bo‘lmish payg‘ambarlar risolatini, haq va botil orasidagi farqni tanishtiradi, qator diniy, ijtimoiy va siyosiy muammolarga duchor bo‘lib, boshi berk ko‘chaga kirib qolgan G‘arb olamini «haqiqiy abadiy din» bo‘lmish Islomga va uning hikmatli ta’limotlariga chorlaydi. Payg‘ambarlar keltirgan shariatlar va Alloh taolo vahiy qilgan qonun-qoidalarsiz bashariyatning baxtli hayot kechirishi aslo mumkin emasligini ishonchli dalil-hujjatlar yordamida isbotlab beradi.

