G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi atoqli shoir, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Yarim asr devoni” nomli kitobini nashrdan chiqardi.
Kitobning ilk sahifasidan joy olgan to‘rtlikda shoir bosib o‘tgan olis yo‘l, yarim asrlik ijod mazmun-mohiyati, hayot mundarijasi aks etganday:
Yomg‘irlar yig‘lashib sel bo‘ldi, ona,
Sog‘inchlar birlashib yil bo‘ldi, ona.
To‘planib-to‘planib barcha og‘riqlar,
Mening ko‘kragimda dil bo‘ldi, ona...
Ha, bu kitob shoir ta’biri bilan aytganda, to‘planib-to‘planib dilga aylangan og‘riqlar mevasi. Vatan va xalq, adabiyot va muxlislar oldidagi yarim asrlik hisobot.
Kitobdan shoirning dilbar g‘azallari, ruboiy va fardlari, barmoq vaznida bitilgan lirik, publitsistik she’rlari, Hofiz Sherozi-yu Adib Sobir Termiziy, Atoiy va Lutfiy, benazir Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur, Zokirjon Furqat, Avaz O‘tar va Sidqiy Xondayliqiy, G‘afur G‘ulom va Mirtemir, Abdulla Oripov va Erkin Vohid, Loyiq Sherali va Andrey Voznesenskiy kabi so‘z zargarlarining asarlariga tazmin va tatabbular, tarjima va dostonlardan parchalar o‘rin olgan.
“Yarim asr devoni” – ellik yillik hayrat va muhabbat yo‘li. Unda shoirning 1974 yilgi “Vatan mehri” nomli ilk havaskorona bitigidan tortib go‘zal oshiqona tuyg‘ular ifodalangan she’rlari, ona xalqimizning og‘ir, sinovli kunlarda chekkan zahmatu mehnatlari, anduh va iztiroblari, yangi zamon ruhi o‘z ifodasini topgan.

