Meni o'limga hukm qilishdi?! O'limmi? Bu men tez orada o'lishimni anglatadimi?! Axir men begunohman, men Roksananing qotili emasman!... Tizzalari titrardi, o'rnimdan turolmasdim. Stulga o'tirdim. Endi boshim ham bo'ynimdan sirg'alib tushgan edi, shuning uchun yuzim yerga qaragan, nigohim bir nuqtaga qadalgan edi. Qo'riqchi qo'llari bilan yelkamni ushlamoqchi bo'lganida, men titrab ketdim. Keyin, xuddi aqldan ozgan odamdek, uning orqasidan ergashib, u boshlagan tomonga yurdim... Ular meni qayerga olib ketyapti?! Axir, mening joyim qamoqxonada emas... Men begunohman... iltimos, menga quloq soling... Men yolg'on emas, rost gapiryapman!... meni qamoqxonaga qaytarib olib bormang... iltimos, menga quloq soling... meni ichimdan larzaga solgan qichqiriqlarning birortasi ham chiqa olmadi!

