Barcha holatimiz uchun kifoya qiluvchi Alloh taologa hamd-u sanolar bo‘lsin! Tanlab olgan bandalariga, xususan, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga hamda u zotga ergashganlarga salomlar bo‘lsin! Hech shak-shubhasiz, namoz Islomning eng katta ruknidir. U har bir aqlli va balog‘at yoshiga yetgan musulmon kishiga kunda besh marotaba farz qilingan. Lekin afsuski, dinga nisbatan g‘ofillik va beparvolik sababli odamlar kunda besh marotaba ado qilinadigan namozday buyuk ibodatning masalalaridan ham mukammal tarzda voqif emaslar. Ilmsizligimiz tufayli ko‘pincha namozimizning savobidan mahrum bo‘lib qolamiz. Goho namozimiz fosid bo‘ladi, lekin biz uning fosid bo‘lganini ham bilmaymiz..
Ushbu kitobda sajdai sahvning aksar masalalarini jamlashga harakat qilindi va lozim topilgan o‘rinda boshqa bir necha foydali masalalar ham yozib o‘tildi. Kitob ishonchli bo‘lishi uchun undagi masalalarni mo‘tabar fiqh va fatvo kitoblaridan naql qilish bilan birga, naql qilingan manbaaning nomi hamda sahifa raqamini keltirdik. Alloh taologa duo qilamizki, ushbu kitobchani o‘quvchilar uchun foydali va to‘plovchi uchun oxirat zaxirasi qilsin. Omin!

