Saida Zunnunova o'zbek she'riyatida oʻz ovoziga ega boʻlgan shoiralarimizdan biridir. Vafo va sadoqat timsoliga aylangan bu betakror ijodkor o'zining matonati, yoriga sadoqati bilan ham dunyodagi jamiki ayollarga ibrat bo'ladigan hayot yo'lini bosib o'tgan. Shoiraning har bir she'rida beg'ubor va beozor, ma'suma bir insonning qalb sadolari aks etib turgandek. Bu she'rlarni o'qisangiz dilingiz beg'uborlikdan yorishib ketadi, insoniy mehrdan bahra oladi.

