Bu kun Islom tarixida eng qayg‘uli, musulmon axli uchun eng mudhish, eng og‘ir kun sifatida muhrlangan. Jami musulmonlar uchun katta musibat bo‘lgan, yer-u osmonni larzaga keltirgan, boshqa maxluqot ham qayg‘uga cho‘mgan bu kunda olamlar sarvari, janobimiz Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar!
O‘shanda barcha musulmon xonadonlarini qayg‘u bosgan, ko‘zlar yoshlangan, yuraklar ezilgan, nafaqat Madina, balki butun olam qorong‘ilashgandek bo‘lgan edi. Darhaqiqat, boshimizga qandayin og‘ir musibat yetgan. Aslida hozir ham shunday. On hazratimizning o‘zlari: «Ummatim uchun mening vafotimdan og‘ir judolik bo‘lmaydi» (Imom Termiziy rivoyati), deb bejiz aytmaganlar. Chunki u zot bo‘lmasa insoniyat ham, borliq ham yaratilmagan bo‘lardi...

