Qur’onni insoniyat uchun qiyomatgacha boqiy hidoyat mayog‘i, barchani ojiz qoldiruvchi bayoni, mislsiz mo‘jizalar koni va ikki dunyo saodatiga eltuvchi dasturul amali qilib nozil etgan Alloh taologa beadad hamd-u sanolar bo‘lsin!
Qur’onni Robbul olamindan qabul qilib olgan, uni butun olamlarga omonat ila yetkazgan, ham o‘qishni, ham uqishni o‘rgatgan, uni o‘z sunnatlari ila hayotga tamomila tatbiq etib ko‘rsatgan va ilmiy mo‘jizalarni bayon etgan sevimli Payg‘ambarimiz, Alloh taoloning habibi Muhammad Aminga eng pok va eng yuksak salavot-u durudlar bo‘lsin!
Gohida ba’zi bir hodisa yoki gap-so‘zlar o‘zidan ko‘ra kattaroq narsalarga sabab bo‘ladi. Bunday bo‘lishi Alloh taoloning hikmati bo‘lsa kerak. Qabulimga kirgan bir kishi o‘z tanishlarining dinimizni o‘rganib borishdagi ixloslari, harakatlari va shunga o‘xshash gaplarni aytib bo‘lgandan keyin asosiy maqsadga ko‘chdi. O‘z tanishlaridan ba’zilari dinimiz ta’limotlarini o‘rganib, qabul qilishlari bilan birga vafot etgandan keyin qayta tirilish haqidagi e’tiqodni qabul qilmayotganlari, ularga bu haqiqatni anglatish borasidagi urinishlar behuda ketayotgani borasida afsus-nadomat bilan gapirdi. Men u kishiga kerakli gaplarni aytdim. Nimalarni tushuntirish kerakligini bildirdim. Ziyoratchi qanoat hosil qilib, chiqib ketdi.

