Uzoq umr koʻruvchilar mevasi imunitetni mustahkamlaydi, qondagi shakar miqdorini kamaytiradi, moddalar almashinuvini tezlashtiradi va qondagi xolesterin darajasini tushiradi. Qadimgi Xitoyda momordikani faqat imperator oilasi aʼzolarigina isteʼmol qilish huquqiga ega boʻlgan. Momordika — kelib chiqishi Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyoga borib taqaladigan, qovoqdoshlar oilasiga mansub chirmashib oʻsuvchi lianadir.
U oʻyma barglar, xushboʻy gullar va toʻq sariq rangdagi yeyiladigan ekzotik mevalarga ega.
Uni shuningdek hind yoki sariq bodring, timsoh-bodring, quturgan qovun, hind anori, balzamli nok deb ham atashadi.
Momordikani issiqxona (parnik va teplitsa)da, balkonda va xonadagi deraza tokchasida oʻstirish mumkin. Oʻsimlik asosan urugʻi orqali koʻpaytiriladi. Urugʻlar yumshoq va unumdor tuproqqa juda chuqur boʻlmagan shaklda (taxminan 1 sm) ekiladi, tuproq sugʻoriladi va issiqxona muhitini yaratish uchun usti oyna yoki plyonka bilan yopiladi. Tuproq har doim nam holatda saqlanadi. +25 daraja haroratda nihollar 2–3 haftada unib chiqadi.
Oʻsimlik issiqsevar boʻlib, sovuqqa va qahratonga chidamsizdir.
Momordika uzoq umr koʻruvchilar mevasi deb ham yuritiladi. Qadimgi Xitoyda momordikani yeyish huquqi faqat imperator va uning oila aʼzolariga berilgan. Hindistonda u xudolar oʻsimligi, Yaponiyada esa uzoq umr koʻruvchilar taomi deb hisoblangan. Va haqiqatan ham u juda foydali — oʻsimlikning barcha qismlari: ildizi, barglari, urugʻlari, gullari va mevalari ozuqaviy hamda shifobaxsh xususiyatga ega deb hisoblanadi.
Uning tarkibida E, F vitaminlari, foliy kislotasi va boshqa foydali elementlar mavjud. E vitamini inson organizmini vaqtidan ilgari qarishdan saqlaydi, F vitamini tetiklik va kuch beradi, foliy kislotasi esa suyak koʻmigini oziqlantirib, oʻsimtalardan himoya qiladi. Momordika bakteriya va viruslarni yoʻq qiladi, gipertoniya, gemorroy, meʼda yaralarini davolaydi, qondagi shakar miqdorini kamaytiradi va immunitetni oshiradi. Ortiqcha yogʻlarni tezda chiqarib yuboradi, moddalar almashinuvini tezlashtiradi va qomatni kelbatli qiladi. Qondagi xolesterin darajasini tushiradi hamda qon tomirlarini tozalaydi.

