«QOBUSNOMА» — Sharq va Markaziy Osiyo xalqlari orasida keng tarqalgan axloqiy-taʼlimiy asar, fors-tojik badiiy nasrining birinchi va yirik yodgorligi (11-a.). Tabariston (Mozandaron) hukmdori Shamsu l-Maoliy Qobusning nabirasi Unsuru l-Maoliy (Kaykovus,1021—98) tomonidan fors tilida yozilgan (1082—83) va «Nasihatnomai Kaykovus» deb atalgan. «Qobusnoma» shu asarning oʼzbekcha tarjimasidir. Muallif asarni oʼgʼli Gilonshohga bagʼishlagan.«Qobusnoma» asosini Qurʼoni karim suralari, Muhammad (sav)ning faoliyati va koʼrsatmalarini ifodalovchi hadislar, hikmatli hikoyatlar tashkil etadi. Аsar 44 bobdan iborat. Dastlabki 4 bobi Haqni tanimoq, Paygʼambarlarning xilqati (yaratilishi), Аlloh neʼmatiga shukur qilmoq haqida boʼlib, qolgan 40 bobi ota-onani hurmatlash, ilmiy bilimlarni, sanʼatni egallash, harb, savdo, dehqonchilik ishlari va hunarni oʼrganish, odob-axloq qoidalariga rioya etish, farzand tarbiyasi, saxovat va juvonmardlik kabi koʼplab masalalarni oʼz ichiga oladi. Аsarda hunar va ilm jamiyat taraqqiyotining asosiy omillari deb qaraladi. Odamlar 3 guruhga boʼlinib, ularning jamiyatda tutgan oʼrni belgilanadi; odamlarning fazilatlari ham 3 guruhga boʼlinadi: aqllilik, haqgoʼylik, juvonmardlik.

