Bilaman, qattiq toliqding, qadring bilinmadi.
Qilgan yaxshiliklaringning, koʻrsatgan insoniyligingning va butun
bular evaziga uchragan nohaqliklaringning had-hisobi yo'q.
O'zingni tushuntirmay turib tushunilmading. Bilamanki, doim
yolg'iz qolding. Barcha yaxshi niyatlaringga qaramay, boshingga
tushgan bu yolg'izlikning ham mantiqli izohi yo'q. Qancha-
qancha orzu-havas bilan chiqqan yo'llaringning, faqatgina sening
sa'y-harakating bilan goʻzallashgan hayotlarning va manfaatlari
yoʻlida o'zing tomon uzatilgan qo'llarning, ikkiyuzlamachi
kishilarning adog'i yoʻq.
Bilaman, juda xafasan, jarohatlaring ham ko'p.
Lekin o'tmish pushaymonliklari bilan kelajakni zulmatga
to'ldirganning foydasi yo'q. Suyanadigan tog'im, tushunadigan
odamim yo'q deb dard chekma. Bilmaysanmi, pokiza qalblarning
yuki har doim og'ir boʻlgan. To'g'ri yo'lda yurishning imtihoni
koʻp boʻladi. Shunga aminmanki, sen xohlasang ham ulardek
yomon bo'lolmaysan. Hech kimning qalbini bila turib chil-chil
qilolmaysan. Boshdan-oyoq yaxshi niyatli, boshdan-oyoq
odamgarchiligi yuksak insonsan. Qo'yib ber, hamma o'ziga
munosibini topsin. Hamma o'z ekkanini o'rsin. Yaxshilarning
bu dunyoda bundan boshqa duosi yo'q.

