Prosper Merime XIX asr fransuz adabiyotida yirik hikoyanavis, romannavis, shoir, adabiy va teatr tanqidchisi, tarixchi va tarjimon sifatida iz qoldirgan. U adabiyotda realistik yo‘nalish ruhida yozilgan hikoyalarning jahonga mashhur muallifi hisoblanadi. Uning Ozod Sharafiddinov tarjimasidagi "Karl IX saltanati yilnomalari" romani, Abdumurod Ko‘chiboyev tomonidan fransuz tilidan o‘zbek tiliga o‘girilgan "Kolomba," "Karmen" hikoyalari o‘zbek kitobxonlariga yaxshi tanish. P. Merime o‘z asarlarida sayohatlari davomida to‘plagan tarixiy voqealarni qiziqarli uslubda tasvirlab, ularni inson taqdiri bilan aralashtirib yuboradi. Milliy koloritni tarixiy an’analar va badiiy vositalar yordamida ta’sirchan va hayotiy obrazlar orqali tasvirlaydi.

