A'zam Xoliqovning «Pedagogik mahorat» kitobi zamonaviy o‘qituvchining kasbiy bilimlari, pedagogik qobiliyati va ta'lim jarayonidagi mahoratiga bag‘ishlangan. Unda bugungi kunda o‘qituvchiga qo‘yiladigan talablar, uning jamiyatdagi o‘rni va tez o‘zgarayotgan dunyoda ta'lim berish mas'uliyati haqida so‘z yuritiladi.
Darslikda dunyoda yuz berayotgan global o‘zgarishlar, fan-texnika taraqqiyoti hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi ta'lim sohasiga qanday ta'sir ko‘rsatayotgani yoritiladi. Muallif zamonaviy pedagog nafaqat o‘z fanini yaxshi bilishi, balki yangi texnologiyalarni tushunishi, zamon bilan hamnafas bo‘lishi va o‘quvchilarga bilim berishda yangicha yondashuvlardan foydalana olishi kerakligini ta'kidlaydi.
Kitobda o‘qituvchining pedagogik mahorati, kuchli irodasi, pedagogik-psixologik bilimlari, siyosiy savodxonligi va keng dunyoqarashiga alohida e'tibor qaratilgan. Ushbu darslik pedagogika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, bo‘lajak o‘qituvchilar va o‘z kasbiy mahoratini oshirishni istagan pedagoglar uchun foydali manba hisoblanadi.

