Odatda biror kitobga annotatsiya yozar ekanmiz, yozuvchining mahorati-yu asarning tarbiyaviy ahamiyati haqida to‘xtalamiz. Bu gal yondashuvni o‘zgartirib, savol bilan boshlaymiz. Xo‘sh, o‘quvchi nega qimmatli vaqtini sarflab, ushbu kitobni mutolaa qilishi kerak? Bizningcha...
Birinchi sabab yozuvchining mashxurligi, muallifning bundan avvalgi kitoblari nafaqat o‘quvchilar, balki adabiy tanqidchilar tomonidan ham juda iliq kutib olingan. Tili, uslubi, zamon va makon tushunchalari o‘quvchini, so‘zsiz, «asir» oladi.
Ikkinchi sabab - mavzuning originalligi. Ijtimoiy yengil-yelpilikdan uzoqligi asar nomidan ham bilinib turibdi: «Ota», «barcha otalarga bag‘ishlanadi». Demak, otalik hissi, otalik burchi, otalik xukmi, otalik so‘zi...
Uchinchi sabab - romanning hajmi. Asar katta emas, ammo vokealar bir inson umriga teng. Dastlab urush o‘chog‘ida tiriklik uchun kurash tasvirlansa, nixoyada osuda osmon ostida omonatni topshirishga tayyorlik manzarasi yuz ochadi. Tug‘ilish va o‘lim bu oraliqda inson emas, ota - kim?

