• Muallif: Bahodir Rahmatulloh, Nashriyot: “Hilol nashr” nashriyot-matbaasi, Sana: 2022 yil, Hajmi: 254 bet, ISBN: 978-9943-8144-8-6, Bichimi: 84*108 1/32, Muqovasi: qattiq, Yil: o’zbek, yozuv: kirill
O‘ziga ibodat qilishdan so‘ng eng suyukli amal bo‘lgan ota-onaga yaxshilik qilishga amr etgan Alloh taologa hamdu sanolar, nabiyyimiz Muhammad Mustafoga salavotu salomlar bo‘lsin!
Oila har bir jamiyatning boshlang‘ich bo‘g‘imidir. Oila nechog‘li mustahkam, tinch-osoyishta, halolu pok bo‘lsa, jamiyat ham osoyishta, mustahkam va farovon bo‘ladi. Gurkirab taraqqiy topadi. Aksincha, oilalarda parokandalik, buzg‘unchilik bo‘lsa, halol-haromning farqi qolmasa, o‘zaro mehru oqibat bo‘lmasa, o‘sha jamiyat ham buziladi, tinchi yo‘qoladi, oxir-oqibat u chuqur tanazzulga yuz tutadi.
Oilaning baxtu saodati, mustahkamligi, oila a’zolarining o‘zaro mehru oqibatli, ahil-inoq bo‘lishlari esa, ana shu oilaning tayanchi va ustuni bo‘lmish eru xotin, ya’ni ota-onaga, aniqrog‘i, ko‘proq otaga bog‘liq bo‘ladi. Chunki insonlarning baxtu saodatga cho‘mib yashashlari uchun ularning nikoh orqali oila qurib yashashga buyurgan Zot oilada aynan erkaklarni rahbar bo‘lishlarini iroda qildi. Ota bo‘lish Alloh taolo bandasiga beradigan ne’matlari ichra eng buyuk ne’mat va ulkan sharafdir. Ayniqsa, ilk bor «ota» degan nomga sazovor bo‘lgan inson so‘z bilan ifoda qilib bo‘lmaydigan baxtiyorlikni his qiladi. Albatta, bu xursandchilik boshlanishi, xolos. Lekin bu baxtiyorlik qanchalik haqiqatga aylanishi, kishi o‘zini ota sifatida nechog‘li baxtiyor his qila olishi, avvalo, o‘ziga bog‘liq ekanini esdan chiqarmasligi lozim.
Shu bilan birga, otalik juda katta va o‘ta jiddiy mas’uliyat hamdir. Banda o‘ziga yetgan har bir ne’matga shukr qilishi lozim. Haqiqiy shukr esa ana shu ne’matni ne’mat beruvchi Zotni rozi qiladigan tarzda tasarruf qilish bilan bo‘ladi. Demak, farzand ne’matining haqiqiy shukri, uni Alloh va Rasulini taniydigan, halolu pok, iymon-e’tiqodli, axloq-odobli, solih va soliha qilib tarbiya qilish bilan amalga oshadi.
Ushbu mo‘jaz risolada ota-onaning haqlari, ularga yaxshilik qilishning fazli, ozor berish va oq bo‘lishning ofatlari, shuningdek, ota-onaning farzandlari oldidagi burch va majburiyatlari, zimmalaridagi farzandlarning haqlari, ayniqsa, otaning burch va mas’uliyati haqida so‘z yuritishga harakat qildik. Salafi solihlarning ibratli hayoti va hikmatli so‘zlaridan, ajdodlarimizning tajriba va o‘gitlaridan misollar keltirdik.

