Onore de Balzakning ushbu romanida Fransiyaning chekkasida joylashgan Somyur shahrida yashovchi Grandelar oilasi hayoti haqida hikoya qilinadi. Yozuvchi Grandelar oilasidagi muhitni va bu oilaning boshqa insonlar bilan o'zaro munosabatlarini tasvirlash orqali XIX asrda Fransiyada yashovchi insonlar ruhiyatini, xayolotini va ular o'rtasidagi munosabatlarni ochib berishga harakat qiladi. Ayniqsa, janob Grandeni va uning insonlar bilan muomalasini tasvirlash orqali ushbu davr odamlari tabiatida mol-dunyoga o'chlik, manfaatparastlik, muğombirlik nechoğlik urchib ketganini mahorat bilan ifodalaydi. Shu bilan birga, janob Grandening jiyani Sharl Grandening Parijdagi insonlar bilan aloqalarini tasvirlash misolida mazkur davr Parij kiborlari, amaldorlari dunyoqarashini ham ko'rsatib beradi. Asar shu jihatlari bilan, ya'ni XIX asr Fransiya kiborlari va oddiy xalqi ruhiyati, ma'naviy olami, orzu-umidlarini ko'rsatib berishi bilan o'ta qimmatli sanaladi. Bundan tashqari, yozuvchi asardagi salbiy obrazlarni qanchalik mahorat bilan ochib bersa, asar bosh qahramoni - Yevgeniya Grande va uning volidasi portretini hamda ulardagi sof insoniy xislatlarni ham shunchalik (balki, ulardan-da ortiq) muvaffaqiyat bilan tasvirlaydi.

