Islom ummati ulug‘ hofiz, buyuk muhaddis imom Muslimning «Sahih» kitobi imom Buxoriyning «Jome’us sahih»idan keyingi eng sahih kitob ekaniga ittifoq qilgan. Ba’zi ulamolar «Ayrim jihatlari bilan «Sahihi Muslim» «Sahihi Buxoriy»dan ham yuqori turadi» degan fikrni aytishgan.
Imom Muslimning hayoti haqida u yashagan davr tarixiga doir asarlarda, mashhur allomalar hayotiga bag‘ishlangan kitoblarda yetarlicha ma’lumotlar bor. Shuningdek, «Sahihi Muslim» sharhlarining muqaddimalarida ham shorihlar tarafidan muallif haqida qimmatli ma’lumotlar berilgan. Keyingi paytlarda imom Muslimning hayotiga bag‘ishlangan maxsus asarlar ham yozildi. Jumladan, Islom tarixida o‘tgan ulug‘ zotlarning tarjimayi hollariga doir silsila chop etildi. Shayx Mashhur Hasan Mahmud Salmonning ushbu silsila tarkibiga kiruvchi «Imom Muslim ibn Hajjoj» nomli kitobi bu boradagi eng yaxshi tadqiqotlardan biri hisoblanadi.

