Oisha binti Abu Bakr roziyallohu anho mo‘minlarning onalari, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning suyukli ayollari, juda ko‘plab hadislar rivoyat qilgan muhaddisa edilar.
Xadicha roziyallohu anho onamiz kabi ularga ham Alloh taoloning farishtasi Jabroil alayhissalom Parvadigorning salomini keltirgan. Jabroil alayhissalom bir necha bor Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tushlariga kirib, «Bu sizning dunyo va oxiratdagi juftingizdir», deya xabar bergan. Qolaversa, Oisha roziyallohu anho onamizning pokligi haqida Alloh taolo Qur’oni karimda oyatlar nozil qilgan.
Mana shunday fozila ayolning bu hayotda yashab o‘tgan umr yo‘llarini, axloq-u fazilatlarini o‘rganish, namuna olish va boshqalarga yetkazish siz-u biz uchun ham farz, ham qarzdir. Barchamizga ushbu yo‘lda Parvardigorning o‘zi madadkor bo‘lishini so‘raymiz.

