Qiz farzandlar Allohning bizga bergan eng buyuk marhamatidandir. Agar ota-ona qizlariga kerakli tarbiyani berib ulg'aytirsalar qo'lga kiritadigan savob-mukofotlari behisob. Ota-onalar uchun o'g'il farzanddan ko'ra qiz farzandlarini ulg'aytirib voyaga yetkazish mas'uliyatliroq, ekani ham ma'lum. Ammo Alloh bu qiyinchiliklarga sabr qilganlarni mukofotsiz qoldirmaydi.
Qo'lingizdagi kitobni "Qizi borlarga xushxabar" deb nomlashimizdan maqsad ham shu. Ushbu kitobni o'qib farzand kutayotganlar chaqaloq xoh o'g'il bo'lsin, xoh qiz, Allohga shukr qilib, bergan ne'matiga rozi bo'lsalar, qiz farzandi bor otalar esa qizlarining tarbiyasida, ularni yetuk qilib ulg'aytirishda o'zlariga kuch olsalar, qiz farzandi yo'qlar qizlari ko'p otalarga moddiy-ma'naviy jihatdan yordam berib savobga sherik bo'lsalar, qizlarimiz esa o'z yaratilishlaridan aslo o'ksinmasalar, ana shundagina ushbu kitobning yozilishidan maqsadimiz hosil bular edi.

