Muhammadrizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy nafaqat Sharq mumtoz so‘z sanʼati, balki jahon adabiyoti xazinasiga o‘z sheʼrlari, tarixiy asarlari va tarjima kitoblari bilan munosib hissa qo‘shgan zabardast o‘zbek shoirlaridan hisoblanadi. Sharq sheʼriyatining deyarli barcha janrlarida mahorat bilan qalam tebratgan serqirra va sermahsul qalam sohibi Ogahiy "Taʼviz ul-oshiqin" devonining to‘liq holda nashrga tayyorlangan nusxasidan o‘rin olgan yetuk g‘azal, ruboiy, qitʼa, mustazod, murabbaʼ, muxammas, musaddas, tarjeʼbandlar o‘zining shaklan go‘zalligi, mazmunan teranligi, badiiy yuksakligi bilan nazm ixlosmandlariga, madaniyat va sanʼat ahliga munosib tuhfa bo‘lishi shubhasiz.

