Jorj Oruell (ingl. George Orwell, haqiqiy ismi-sharifi Erik Artur Bler) — ingliz yozuvchisi bo'lib, g'ayrixayoliy "1984" romani va "molxona" rivoyat-qissasining muallifidir.
Jorj Oruell "molxona" asarini 1943 yil noyabridan to 1944 yil fevraligacha yozgan va 1945 yil avgustida e'lon qilgan. Kitobni har bir inson o'qishi va mulohaza qilishi lozim: nega bu dunyomiz shunday, u aslida qanday bo'lishi kerak...
"Molxona" jahon adabiyoti tarixidagi eng muvaffaqiyatli va bahsli asarlardan biri hisoblanadi. Asar g'oyasidan kelib chiqib asosiy namuna sifatida SSSR olinganligini faraz qilish mumkin.
Daryo.uz nashri kitob haqida:
"Ariqdagi suv qanday mazali! Barchasi rahbarimizning dono rahbarligi tufayli". "Molxona" asari haqida
"Daryo" kolumnisti Nurbek Alimov "Jahon adabiyotining eng buyuk asarlari" loyihasi doirasida mashhur badiiy asarlarni tahlil qilishda davom etadi. Bu hafta u Jorj Oruellning "molxona" romani haqida hikoya qiladi.
Men bu asarni birinchi marta bundan uch yil oldin o'qib chiqqan edim. Oldin u haqda eshitgan bo'lsam-da, Oruellning "1984"dan kuchliroq asari yo'q deb o'ylardim. O'sha paytlar har kuni kechki payt 10 kilometr masofaga yugurish va yurish bilan shug'ullanardim. Qulog'imda esa naushnikda Audiokitoblar eshitardim. Aytilgan masofaga yugurib, qaytishda yurib kelardim. Bu asarni ham audiokitob shaklida eshitganman. Asar meni shu darajada o'ziga qiziqtirgandiki, menga har kuni shu ish bilan shug'ullanishga motivasiya berardi. Xuddi bo'lib-bo'lib serial ko'rayotganday, har kuni yugurishga chiqqandagina eshitar edim, va bugungi "seriya"sida nima bo'lar ekan degan qiziqish ba'zida paydo bo'ladigan dangasalikni engib o'tib, yana yugurishga chiqishga majbur qilar edi.

