• ISBN 978-9943-23-149-8 Muallif Jorj Oruel Til O'zbekcha Yozuv Kirillcha Tarjimon Karim Bahriyev Betlar soni 100 Nashriyot Nihol nashriyoti Muqovasi Yumshoq Qog‘oz formati A5 Chop etilgan yili 2024
Jorj Oruell (ingl. George Orwell, haqiqiy ismi-sharifi Erik Artur Bler) — ingliz yozuvchisi bo‘lib, g‘ayrixayoliy “1984” romani va “Molxona” rivoyat-qissasining muallifidir. Jorj Oruell “Molxona” asarini 1943 yil noyabridan to 1944 yil fevraligacha yozgan va 1945 yil avgustida eʼlon qilgan. Kitobni har bir inson o‘qishi va mulohaza qilishi lozim: nega bu dunyomiz shunday, u aslida qanday bo‘lishi kerak... "Molxona“ jahon adabiyoti tarixidagi eng muvaffaqiyatli va bahsli asarlardan biri hisoblanadi. Asar g‘oyasidan kelib chiqib asosiy namuna sifatida SSSR olinganligini faraz qilish mumkin.
Fleshbek
Men bu asarni birinchi marta bundan uch yil oldin o‘qib chiqqan edim. Oldin u haqda eshitgan bo‘lsam-da, Oruellning “1984”dan kuchliroq asari yo‘q deb o‘ylardim. O‘sha paytlar har kuni kechki payt 10 kilometr masofaga yugurish va yurish bilan shug‘ullanardim. Qulog‘imda esa naushnikda audiokitoblar eshitardim. Aytilgan masofaga yugurib, qaytishda yurib kelardim. Bu asarni ham audiokitob shaklida eshitganman. Asar meni shu darajada o‘ziga qiziqtirgandiki, menga har kuni shu ish bilan shug‘ullanishga motivatsiya berardi. Xuddi bo‘lib-bo‘lib serial ko‘rayotganday, har kuni yugurishga chiqqandagina eshitar edim, va bugungi “seriya”sida nima bo‘lar ekan degan qiziqish baʼzida paydo bo‘ladigan dangasalikni yengib o‘tib, yana yugurishga chiqishga majbur qilar edi.
Asar haqida
“Molxona” mashhur ingliz yozuvchisi Jorj Oruell tomonidan 1945 yilda chop etilgan masal janridagi satirik asar. Asar fermadagi hayvonlarning xo‘jayinlarini haydab, hayvonlar diktaturasini o‘rnatishi haqida. Bunda Oruell inqilobiy prinsiplar evolyutsiyasini, yaʼni sekin-asta tenglik va birodarlik g‘oyalaridan utopiya va diktatura sari qadamini mohirona ochib bergan. Mashhur fransuz inqilobchisi Dantonning «Inqilob o‘z farzandlarini Saturn xudosi kabi yeb bitiradi» degan iborasi ham asarda o‘z aksini topgan. “Molxona” Rossiyada bo‘lib o‘tgan 1917 yilgi inqilobga va SSSRdagi tuzumga nisbatan allegoriya shaklida yozilgan. Oruell bu asarini 1943 yil noyabr oyidan 1944 yil fevraligacha yozib tugatgan.

