"O‘zbekiston xalq yozuvchisi Mirmuhsin Mirsaidovning "Xo‘jand qal’asi" romanida Movarounnahrga bostirib kirgan mo‘g‘ullarga qarshi kurash, xalqni kurashga ko‘targan vatanparvarlardan biri — Xo‘jand hokimi, sardor Temur Malikning jasorati tasvirlanadi. Temur Malik qahramonlik ko‘rsatib, mo‘g‘ullarga qarshi jang qilsa-da, dushman kuchlari o‘z kuchlaridan ancha ko‘pligi sababli qal’ani tashlab ketishga majbur bo‘ladi va biz uning chuqur kechinmalariga guvoh bo‘lamiz. Tarixchi Juvayniyning yozishicha, bu jasur sardor umrining oxirigacha mo‘g‘ullarga qarshi jang qiladi. Urganchga kelib, shahzoda Jaloliddin Manguberdi bilan birga mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi muvaffaqiyatli jang qiladi. Hatto Sirdaryoning quyi oqimida joylashgan Yangikent shahrini ham qaytarib oladi. Shuningdek, asarda insoniy munosabatlar, adolat mezonlari, Vatan baxt-saodati, muhabbat vafodorligi, do‘stlik rishtalari yorqin tasvirlangan. Ayniqsa, Jaloliddin Manguberdi va Temur Malik o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari, Temur Malik va Nigina begim o‘rtasidagi ishqiy munosabatlar ta’sirli ifodalangan.

