Ahli sunna va jamoa mazhabiga mansub olimlar ham, qavmlar ham qadimdan o‘ta kamtar bo‘lishgan. Maqtanishni ham, maqtashni ham o‘zlariga ep ko‘rishmagan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, hozirda ba’zi bemazhablarning maqtanchoqliklari, o‘zlari «olim» deb bilgan uch-to‘rt kishini osmonga ko‘tarib maqtashlari bu haqiqatni bilganlar uchun juda erish tuyuladi. Bu narsa ayrim sirlardan bexabar kishilarni aldab qo‘yishi ham mumkin. Shuning uchun ham hozirgi kunda mazkur soxta maqtovlarni ko‘pchilik tushunmasligi va aldanib qolish holatlari kuzatilmoqda. Xuddi bemazhablarning «imom»lari, «alloma»lari bor-u, Ahli sunna va jamoaniki yo‘qdek.
Haqiqatda esa aslo bunday emas. Aslida musulmon ummatining haqiqiy imomlari va buyuk allomalari asosan Ahli sunna va jamoadan chiqqan va shunday bo‘lib kelmoqda. Musulmonlar ommasiga ushbu haqiqatni anglatib borish niyatida «Islom.uz» internet portalida alohida bo‘lim ochilib, Ahli sunna val jamoa vakillari bo‘lgan, zamonamizning ko‘zga ko‘ringan olimlari haqida ma’lumotlar berib borilayotgan edi. Mazkur ishni yanada kengaytirish borasida qilinishi rejalashtirilgan ishlar qatorida sunniy mazhablarni mahkam tutgan va bemazhablikka qarshi bo‘lgan allomalarimizdan ba’zilarining o‘zlari va asarlari bilan xalqimizni tanishtirish, bemazhablarning da’volari puch ekanini fosh etish maqsadida bugungi kunda bitilgan va o‘ta kerakli kitoblardan ba’zilarini tarjima qilib, chop etish ishlari ham bor edi. Alloh taologa hadsiz-hisobsiz shukrlar bo‘lsinki, mazkur rejamiz o‘z samarasini bera boshladi.
Siz, muhtaramlarga zamonamizning ko‘zga ko‘ringan olimlaridan biri bo‘lmish doktor Muhammad Said Ramazon Butiy hazratlarini tanishtirish va u zotning muhim kitoblaridan birini taqdim etish baxtiga muyassar bo‘lib turibmiz.
Doktor Muhammad Said Ramazon Butiy hazratlari 1929 yili Turkiya hududiga kiruvchi, Iroqning shimoliy tomonidagi Butan (Ibn Umar) orolchasidagi Jilka qishlog‘ida dunyoga keldilar. To‘rt yoshga yetganlarida, otalari mulla Ramazon bilan birgalikda Damashqqa hijrat qildilar. Akademik litseyni Damashqdagi Islomiy yo‘nalish ma’hadida tamomladilar.
1953 yili Azhar universitetining shariat fakultetida o‘qishni davom ettirib, 1955 yili mazkur universitetning xalqaro diplomini qo‘lga kiritdilar. Kelgusi yili Azhar universitetining arab tili fakultetida o‘qishni davom ettirdilar. O‘sha yil nihoyasida murabbiylik diplomini qo‘lga kiritdilar. 1960 yili Damashq universitetidagi shariat fakultetida professor assistenti bo‘lib ishladilar.
1965 yili Azhar universitetining tavsiyasi bilan Islom shariati usulidan doktorlik diplomini qo‘lga kiritdilar. Mazkur yili Damashq universitetida mudarrislikka tayinlandilar. So‘ngra vakil, keyin prorektor, so‘ngra Damashq universitetining aqiyda va din bo‘limi boshlig‘i etib tayinlandilar.
Doktor Ramazon Butiy hozirgi vaqtga qadar butun dunyoda bo‘lib o‘tadigan yig‘in va konferensiyalarda ishtirok etib keladilar. Iordaniyaning Ummon shahridagi Islom madaniyati tadqiqot markazi akademiyasining va yana Oksford akademiyasining oliy majlisi a’zosidirlar. Arab, turk, kurd tillarini yaxshi va ingliz tilini bir oz biladilar.
U kishining shariat, odob, falsafa, jamiyatshunoslik va tamaddun muammolariga oid oltmishdan ortiq ta’lif etgan kitoblari mavjud.
Mashhur kitoblari:
1. «Fiqhus siyratin-Nabaviya»;
2. «Sharhu Hikamil Atoiya»;
3. «Kubro yaqiyniyotil kavniya»;
4. «Haza volidiy»;
5. «Salafiya marhalatun zamaniyatun muboraka laa mazhabun islamiy»;
6. «Al-laa mazhabiyya axtoru bid’atin tuhaddidu shari’atal Islamiya» (Mazhabsizlik – Islom shariatiga tahdid soluvchi eng xatarli bid’atdir).
7. «Madxalun ila fahmil juzuri».
8. «Hurriyatul insani fiy zilli ubudiyatihi lillahi».
9. «Manhajul hazoratil insaniyati fil Qur’an».
10. «Min rovai’ul Qur’anul Karim».
11. «Minal fikri val qalbi».
12. «Difo’un ’anil Islami vat-tarix».
13. «Din va falsafa».
14. «Shaxsiyaatun istavqafatni».
Ramazon Butiy hazratlarining Damashq masjidlarida kunlik va haftalik va’z-irshod majlislari bor bo‘lib, ularda minglab erkak va ayollar hozir bo‘lishadi. Bundan tashqari, gazeta-jurnallarga islomiy mavzularda maqolalar yozib turadilar va yangi muammolarga javob beradilar. U zotning ma’ruza va darslarini ko‘plab musulmon davlatlar va nodavlat televizion kanallari orqali doimiy ravishda ko‘rsatib boriladi. Damashqdagi ma’ruza va darslari tasvirga tushiriladigan majlislarida besh mingga yaqin ishtirokchi hozir bo‘ladi.
Ushbu kamtarona satrlar kotibi doktor Muhammad Said Ramazon Butiy hazratlari bilan, avvalo u kishining kitoblari orqali tanishgan edi. Mazkur kitoblar tili va uslubining ravonligi bilan, muammoni hikmat va shariat asosida bugungi kunning talabiga mos ravishda hal qilishga urinishi bilan barchani o‘ziga rom etadi.
Doktor Muhammad Said Ramazon Butiy hazratlari bilan birinchi jonli muloqotimiz Jazoirning Sitiyf shahrida bo‘lib o‘tgan «Islom fikri muloqoti» nomli ilmiy anjumanda bo‘ldi. O‘shanda doktor Muhammad Said Ramazon Butiy hazratlarining G‘arb madaniyatidan ta’sirlangan ba’zi kishilar bilan munozaralari ko‘pchilikning tahsiniga sazovor bo‘lgan edi. Keyinchalik turli munosabatlar bilan tez-tez uchrashib turadigan va fikr almashadigan bo‘ldik. Ikkimiz ham Iordaniya qirollik akademiyasiga a’zo bo‘ldik. Akademiya rahbari amir G‘oziy Muhammadning taklifiga binoan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yoshlik chog‘larida amakilari Abu Tolib bilan Shom safariga borganlarida ostiga o‘tirgan daraxtni ko‘rib, u haqda suratga olinayotgan film uchun intervyu berdik. Ushbu muloqotlarimizning barchasida musulmon ummatining bugungi holi to‘g‘risida fikr almashar edik. Albatta, mazhabsizlik muammosi asosiy mavzulardan bo‘lib kelardi.
Doktor Muhammad Said Ramazon Butiy hazratlari bemazhablikka qarshi kurashda eng jur’atli olimlardan biridir. U kishi bemazhablarning o‘zlari bilan ko‘p bora munozaralar olib borib, g‘olib kelganlar va bu illatga qarshi maqola, ma’ruzalardan tashqari alohida kitoblar ham yozganlar.
Doktor Muhammad Said Ramazon Butiy hazratlarining «Salafiylik islomiy mazhab emas, balki u muborak davr bosqichidir» nomli kitoblari tarqalganidan keyin Ahli sunna va jamoa mazhabidagi barcha ilm ahllari, ushbu mazhabni tutganlar erkin nafas olib, bemazhablarga ko‘p narsalarga ilmiy hujjatlar borligining ta’kidi bayon qilinganiga xursand bo‘ldilar. Bemazhablar esa, biz ham Ahli sunna va jamoamiz, deya boshladilar.
Doktor Muhammad Said Ramazon Butiy hazratlarining qo‘lingizda tutib turgan «Mazhabsizlik – Islom shariatiga tahdid soluvchi eng xatarli bid’atdir» kitoblari esa bemazhablikning xatarini barchaga batafsil tushuntirib berdi.
Bu kitobning o‘ziga xos qissasi bor.
Aslida shayx Muhammad Said Ramazon Butiy hazratlari ushbu kitoblarini «Musulmon odamning to‘rt mazhabdan biriga ergashmog‘i majburiymi?» deb atalgan bir kitobchani tarqatgan shaxsga raddiya sifatida yozganlar. Bu odam kitobda o‘zining ismini ko‘rsatmagan, o‘zini tanishtirmagan, lekin uni Muhammad Sulton al-Ma’sumiy al-Xo‘jandiy al-Makkiy (Masjidul Harom atrofidagi mudarris) ta’lif qilgan, deb e’lon qilgan edi.
So‘ngra, kitobning ikkinchi nashrini tayyorlayotgan paytda o‘zlarining bu kitoblariga raddiya tarzida yozilgan Sayyid Muhammad Iyd Abbosiyning qalamiga mansub «Taassubona mazhabchilik – bid’atdir» nomli kitobni ko‘rib qolib, nashrni to‘xtatib turganlar va mazkur kitobni o‘qib chiqib, unga yozilgan raddiyani ham qo‘shib chop ettirganlar. Shunday qilib, mazhabni tutganlar bilan bemazhablar orasidagi mazhablar xususidagi tortishuv haqida to‘liq asar yuzaga kelgan.
Albatta, yuqorida zikr qilingan omillar asarning yo‘nalishiga, ravonligiga va mazmuniga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan va o‘quvchidan o‘ta diqqat bilan o‘qishni talab qiladigan vaziyat yuzaga kelgan. Bu asarning bitilganiga, ellar va xalqlar orasida tarqalganiga, muhokama hamda tarjima qilinganiga ancha vaqt bo‘lgan. Uning haqida juda ko‘p gaplar aytilgan. Mana, vaqti kelib, fursati yetib, muhtaram olimimiz Alouddin Hofiy janoblari uni tarjima qildilar va asar «Islom.uz» internet portalida e’lon qilindi. Keyin ko‘pchilikning maslahati va iltimosiga binoan uni kitob shaklida nashr etishga ham qaror qilindi. Avval yosh domlalarimizdan Muhammad Ali tarjimani arabcha nusxaga solishtirib, qaytadan sinchiklab mutolaa qilib ko‘rdi, har oyat va hadisning arabcha matnini qo‘yib chiqdi. Keyin o‘zim uni qaytadan ko‘rib, atroflicha tahrir qildim va ushbu kirish so‘zi orqali ba’zi ma’lumotlarni ham taqdim etdim. Kitobning so‘ngida esa ayrim mulohazalarni bayon qilish niyatim ham bor.
Bugun ushbu ilmiy asarni siz, aziz o‘quvchilarimizga ona tilimizda taqdim etar ekanmiz, uning barchamiz uchun foydali bo‘lishini, shuningdek, doktor Muhammad Said Ramazon Butiy hazratlarining haqlariga ham Alloh taolo u kishini hifzu himoyasida asrashini chin qalbdan tilab, duolar qilib qolamiz.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf.
Toshkent. 2012 yil, aprel.
Mundarija

